Huquqshunos Rossiyaga kirishga qo‘yilgan taqiq va uni olib tashlash yo‘llari haqida
KUN.UZ tahririyati Moskva shahrida “LeksMobayl” yuridik firmasiga asos solib, mehnat migrantlariga huquqiy yordam ko‘rsatib kelayotgan Botirjon Shermatov bilan suhbat uyushtirdi. Muloqot davomida Rossiyaga kirishga qonunning buzilishi tufayli taqiq qo‘yilishi va undan chiqish haqida to‘xtalib o‘tildi.
Shermatovning aytishicha, Rossiya ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksida 18-8, 18-9 moddalari bor. Ularda ushbu davlatdagi migratsiya qonunchiligini buzish - hujjatlarsiz ishlash, ro‘yxatdan o‘tmaslik, rasmiy ishda ishlamaslik kabi sabablar uchun chet el fuqarosiga nisbatan jarima solish va Rossiya hududidan majburiy chiqarib yuborish holati haqida so‘z yuritiladi.
“Bu narsa Rossiya hududiga kirishga 5 yilgacha taqiq qo‘yishga olib keladi. Ko‘pchilikning bundan xabari yo‘q. Telefon qilishadi-da “Bizni sudga olib bordi, qo‘limizga qog‘oz berdi, 5 ming jarima to‘lang, deb aytishdi” deydi. O‘sha 5 minglik jarima yozilgan joyda “Ma'muriy chiqarib yuborish bilan” degan jumla bo‘lishi mumkin. Agarda bunday so‘zlar bo‘lsa, o‘sha shaxs Rossiyadan deportatsiya qilingan bo‘ladi va 5 yilgacha kira olmaydi. Bundan tashqari, Rossiyaga kirish va chiqish haqidagi qonunda 27- , 28-moddalar bor. Ularda ushbu davlatga kirishga taqiq qo‘yishga olib keluvchi sabablar ko‘rsatilgan. Ular juda ham ko‘p, lekin bizning fuqarolar bilan bog‘liq bo‘lgan asosiysi – oxirgi 3 yil ichida 2 marta ma'muriy javobgarlikka tortilganligi. Shuningdek, 90180 degan qoida bor. Ilgari bizning fuqarolar patent to‘lamaslik uchun har uch oyda bir chegaraga borib, ro‘yxatdan o‘tib, yana qaytib kelishardi. Hozir bu narsa mumkin emas. Shunday qilinganki, oxirgi 6 oy, ya'ni Rossiyada 180 kun ichida hammasi bo‘lib 90 kundan ortiq patentsiz, vaqtinchalik yashashga ruxsatnomasiz, biror joyda rasman o‘qimasdan yoki boshqa bir yerda davolanmasdan yurish mumkin emas. Masalan, 180 kun ichida 10 marta chegaraga borib kelsangiz, bularning hammasini qo‘shganda 90 kundan ortgan bo‘lsa va sizning patentingiz, 90 kundan oshiq yurishga rasmiy ruxsatingiz bo‘lmasa, 3 yilga taqiq qo‘yiladi. Shuning uchun ishlashga borganlar patent qilishlari shart. Agarda ulgurmagan bo‘lsa, chiqib ketib, 3 oy o‘tkazib keyin qaytib kelishlari lozim. Bu narsa qilinmasa ham taqiq qo‘yiladi.
Taqiqni qo‘yish jarayoni ham bor. Rossiyaga kirishga taqiq qo‘yilganini tekshirish bazasida ma'lumot yig‘ib boriladi va qonunni buzgan fuqarolar haqidagi axborot migratsiya markazining xodimlariga yuboriladi. U xodim keyin bitta-bitta ko‘rib chiqib, agarda qonunni buzgan bo‘lsa, har bir fuqaro uchun alohida Rossiyaga kirishga taqiq qo‘yish haqida qaror qabul qilishi kerak. Migrantlar juda ko‘p ekanini hisobga olsak, migratsiya bo‘limining xodimlari bu narsaga ulgurmayapti. Shuning uchun siz qonunni bugun buzgan bo‘lsangiz ham, taqiq bir yildan so‘ng qo‘yilishi mumkin.
Endi taqiqdan qanday chiqish haqida. Bu yerda ikki jihat bor: birinchisi – sud orqali chiqarib yuborilib, taqiq qo‘yilishi, ikkinchisi esa – qonunchilikni buzgani uchun bironta davlat tashkiloti tomonidan qo‘yilgan taqiq. Rossiyaga kelishdan avval IIVning saytida o‘zlarini bir tekshirib ko‘rishlari kerak. Ammo u yerda ma'lumotlar bir oyda bir marta yangilanadi va taqiq sababi, muddati qo‘yilmaydi. Faqatgina taqiqning bor yoki yo‘qligi ko‘rsatiladi. Eng to‘g‘ri yo‘l – ichki ishlar bo‘limining saytidagi veb-qabulxonaga o‘z pasportini tarjimalari bilan ilova qilgan holda tekshirish xati haqida ariza yozilsa, javob 15-20 kunda keladi. Shuningdek, parvoz kuni aeroportda ham aytishmoqda. Agarda taqiq qo‘yilgan bo‘lsa, uning sababini o‘rganish kerak. Birinchidan yaxshi huquqshunos topish kerak. Muammo shundaki – taqiqni ochishga bo‘lgan asoslar juda kam. Ulardan biri – Rossiyada yaqin qarindoshining yashashi (ota-ona, farzandlar, aka-ukalar, opa-singillar va bobo-buvilar). Agarda bunday qarindosh Rossiya fuqarosi bo‘lsa, taqiqni ochishda shu asos bo‘lishi mumkin. Yana bir asos – taqiqning noqonuniy qo‘yilganligi. Bunda ism-familiyadagi harflarning noto‘g‘ri yozilgani, Rossiyadagi ba'zi ichki ishlar organlari xodimlarining fuqarolarimizga nisbatan noxolis munosabati kabi sabablar bo‘lishi mumkin. Rossiyaning rasmiy oliy o‘quv yurtlari kunduzgi bo‘limida o‘qiyotgan talabalarda ham taqiqni ochish imkoniyati bor. Yana biri – Rossiyada davolanish ehtiyojining borligi”, - deydi Botirjon Shermatov.
Ma'lumot uchun, Botirjon Shermatov bilan suhbatning to‘liq shakli saytda tez orada taqdim etiladi.
Mavzuga oid
21:00 / 07.10.2024
Ramzon Qodirov migratsiya siyosatida «o‘rta asr yondashuvlaridan» voz kechishga chaqirdi
20:07 / 07.10.2024
Rossiyada sakkiz nafar general lavozimdan olindi - OAV
20:51 / 04.10.2024
Rossiya «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha ishlarni yakunlamoqda - FXX rahbari
18:42 / 04.10.2024