Jamiyat | 01:03 / 27.08.2017
37505
6 daqiqa o‘qiladi

Jim turamizmi yo maktabni quramizmi?

Bundan bir asr muqaddam jadidchi bobolarimiz ma'rifatsiz millatning ertasi ham qorong‘i bo‘lishini aytib, barchani maktab qurishga, farzandlarini ilmli qilishga da'vat etgandi. AQShdagi Green Building Council ("Yashil" qurilish kengashi) tomonidan 2013 yilning mart oyida e'lon qilingan hisobotda mamlakatdagi umumiy maktablarni ta'mir holatini yaxshilash, undagi sharoitlarni kengaytirish uchun o‘rtacha 271 milliard AQSh dollari sarflanishi e'tirof etilgan. Bu esa o‘z o‘rnida har bir o‘quvchi uchun taxminan 5000 AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilishidan darak beradi. Ming afsuski, bu nasihatni oradan sal kam 100 yil o‘tsa ham, zamondoshlarimiz tomonidan amalda qo‘llanilganda ham, biz "eshitmaymiz", "ko‘rmaymiz" va anglab yetmayotgandekmiz. Bunday tushkunlikda bo‘lishimizni quyidagi suratlarni so‘zlab berar.

 

Siz ko‘rib turganingiz Ikkinchi Jahon urushini ko‘rgan Chexiyadagi bilim yurti yoki olis, chekka hududdagi maktab emas, poytaxt Toshkent shahri, Olmazor tumanida joylashgan 24-umumta'lim maktabining old binosidir. Agar tashrif buyursangiz, o‘sha siniq oyna, shumshayib qolgan bahaybat old bino oldida hindistonlik siyosiy arbob Bahodur Lal Shastrining haykali sizga jilmayib boqib turganiga guvoh bo‘lasiz.

Savol paydo bo‘ladi, sayyohlar tashrif buyursa, diqqatga sazovor maskan sifatida shu yerga kelishadimi yoki has-po‘shlab, ko‘zni yumib o‘tish kerakmi? Axir, sayyohlik sohasini rivojlantirishga qanchalik urinsak, shunchalik madaniy, tarixiy va ijtimoiy obektlarga e'tibor qilish lozim emasmi? Ha, mayli dedim, ammo do‘ppini bir chetga qo‘yib savol bersak, qanday maktablar ta'mirga muhtoj, deb topiladi?

"Umumta'lim maktablarini qurilish-ta'mirlash dasturiga kiritish bo‘yicha asosiy mezon - maktab binolari (moslashtirilgan, avariya holati kelib qolgan binolar) bo‘yicha hududiy DAQN inspeksiyalari va tegishli tashkilotlarning binolarni yaroqlilik holati to‘g‘risida berilgan texnik xulosalarga asosan tuziladi. Maktab hududida aholining keskin ko‘payishi oqibatida mavjud qurilgan binolarda o‘quvchilar soni ko‘payib, sinfxonalar yetishmayotgan maktablarga, ya'ni navbatlilik koeffitsiyenti 1,3dan ortiq bo‘lsa yoki binolarning tom qismi ta'mirtalab, ya'ni chakki o‘tayotganligi, yumshoq qoplamali bo‘lganligiga, mavjud binolarning eshik va deraza romlari ta'mirtalab, ya'ni deraza romlari va eshiklari yillar mobaynida o‘z muddatini o‘tab bo‘lgan bo‘lib, to‘liq yoki qisman almashtirishga, isitish tizimi ta'mirtalab yoki yangi qozonlar almashtirish, tizimga moslashtirish, pol qismi ta'mirtalab holga kelib qolgan obektlarga e'tibor qaratiladi", deb ma'lumot berdi Xalq ta'limi vazirligi Axborot xizmati.

Ushbu maktabda faoliyat boshlaganiga ko‘p yil bo‘lmagan direktor Abror Zohidov bilan suhbatlashganimizda, orqa tarafdagi yordamchi binolar ishlab turgani, umumiy o‘quvchi sig‘imi 700 nafarga yaqin ekanini bildirdi.

"Qish mavsumida isitish tizimini yaxshiladik, bozor narxida hisoblasa bularning barchasi qimmat narxlanadi. Old binoning to‘liq ta'mirlash masalasida bir yangilik yo‘q, lekin og‘zaki tasdiqlashmoqda: «kelasi yil quriladi», deb javob berishgan. Bundan tashqari, bolalar ikki smenada, almashib o‘qishadi, agar bu binoni ishga tushirsak, juda quvonarli voqea bo‘lar edi", deb fikr bildirdi u.

Maktab direktori ham, yaxshi tushunib turganingiz kabi, masala mablag‘ga taqalib qolganini ta'kidlamoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi «Umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi 140-sonli Qarorining 28-bandiga ko‘ra belgilangan me'yorlar bo‘yicha tegishli maydonga ega bo‘lgan umumta'lim muassasasining sinflari to‘liqligi 35 nafardan ortib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu yangi qarorning bandlari bo‘yicha direktorning ham jon kuydirganicha muammo bor, maktabda o‘quvchilar ko‘p, qo‘shni mahalladan ham kelib o‘qishadi.

"Bizning mahallada 5400 nafar aholi yashaydi, lekin umumta'lim maktab yo‘q. Bolalar atrofdagi maktablarga borishadi, asosan 24-, 11- va 28-sonli bilim yurtiga qatnaydi", deb yo‘lning narigi yuzidagi binoga ishora qildi Abu-Bakr nomli MFY raisi maslahatchisi Rizayeva Maktuba.

Bizning o‘ylantirgan masala shundaki, nega hind-o‘zbek hamdo‘stligining isboti o‘laroq qurilgan, hind tilidan bolalar saboq chiqaradigan muhtasham bino nochor ahvolga tashlab qo‘yildi? Olmazor tumani Xalq ta'lim boshqarmasi bilan bog‘langanimizda Abduqodir Ilhomov ushbu bino mustaqillikning ilk yillarida qurilganini bildirdi. Atrofdagi qo‘shnilar O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov ham maktabga tashrif buyurganini aytib, ko‘pchilikka bilim bergan binoning achinarli ahvolda qoldirilishidan kuyunib gapirishdi.

Toshkent shahar hokimiyat tizimida faoliyat olib boruvchi mas'ul xodimning befarqligimi yoki qarovsiz qolgan bino hech kimga kerak emasmi, xullas tanganing bu tarafi qorong‘u qolmoqda. Abdulla Avloniy o‘z mablag‘larining hisobidan bo‘lsa ham millat ravnaqi uchun maktab qurdirgan paytlarni eslab, o‘ylab qarasak, nega biz tayyor maktab binosini ishga tushirish uchun ham pul ajratmaymiz? Nega o‘quvchilarning bilim olib, erkin sharoitda ulg‘ayishi istamaymiz? Nega har xil vajlar bilan, bino ta'mirini keyingi yilga surib kelaveramiz?

Mavzuga oid