Jamiyat | 09:58 / 28.08.2017
71648
5 daqiqa o‘qiladi

Paxtani chetdan hasharchilarni jalb etmasdan yig‘ib olish mumkinmi?

Foto: Nuz.uz

O‘zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini belgilab beradigan sohalarga xom-ashyo sifatida xizmat qiladigan mahsulot — paxtani terib oladigan payt kundan kunga yaqinlashib kelayotgani va xalqimiz ushbu jarayonni tashkil etishda haqiqiy o‘zgarishlar bo‘lishini katta qiziqish bilan kutayotganiga shubha bo‘lmasa kerak.

Mustaqillik yillari davomida ushbu jarayonning sovet davridan qolgan yondashuvlar asosida, deyarli o‘zgarishlarsiz amalga oshirilgani hech kimga sir emas. Paxta xarid narxini pasaytirish yo‘li bilan byudjyet daromadlarini ko‘paytirish maqsadida amalga oshirilgan siyosat jamiyatda qanchalik katta moddiy va ma'naviy yo‘qotishlardan, ekin maydonlari hosildorligini pasayib ketishi, ta'lim tizimi, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy sohalarda vujudga kelgan muammolardan yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi.

Samarqand viloyatida davlat buyurtmasi asosida 220 ming tonna paxta xarid qilinishi rejalashtirilgan. Shuni ham ta'kidlash joizki, paxtaga ajratiladigan ekin maydonlari ham o‘tgan yilga nisbatan qisqartirilgan. Shunday ekan, paxtani fermer xo‘jaliklari chetdan hasharchilarni jalb etmasdan turib yig‘a oladimi?

Bu savolga javob berish uchun ayrim raqamlarga e'tibor qaratish lozim. Kattaqo‘rg‘on tumanining yillik paxta topshirish rejasi taxminan 30 ming tonnani tashkil etsa, terimga layoqatli aholisi 90 ming kishidan ko‘proq. Agar yaxshi tajribali terimchi bir mavsumda kamida 3 tonna paxta terishi mumkinligini inobatga olsak, tuman rahbariyati ushbu jarayonga 10 ming kishini, ya'ni 9 kishidan bir kishini jalb eta olsa yetarli.

Menejment fanidan uzoq bo‘lgan rahbarlar tumanni subventsiyadan chiqarish kerakligi to‘g‘risida qayg‘urish o‘rniga Samarqand shahridan katta transport xarajatlari evaziga kuniga 10–15 kilo paxta tera oladigan ishchi-xodimlar va oliy o‘quv yurti talabalarini jalb qilishdan nariga bormagan. Ularga biror bir mutasaddi rahbar «nima uchun dalada paxta qolmaganda ham hasharchilarni ortiqcha sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘yib saqlayapsizlar?», degan savolni bermagan.

Har qanday ishlab chiqarish jarayoni muayyan iqtisodiy yondashuvni talab etadi. Shunday qilinmasa, samaradorlikka erishib bo‘lmaydi. O‘tgan yili bir kilo paxta terimi uchun 285 so‘m to‘langan. Paxta terimi tomorqada yetishtirilgan boshqa mahsulotlarni yig‘ishtirish, qishga tayyorgarlik paytiga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun qishloq aholisi manfaatdorligi har tomonlama inobatga olinmasa, terimchilarni yetarli darajada jalb qilish oson kechmaydi.

Birinchidan, joriy yilda terim uchun belgilangan 400 so‘m pulning qurbi muayyan sabablarga ko‘ra o‘tgan yilnikidan ko‘p emas.

Ikkinchidan, professional terimchi birinchi terimdan keyin bu pulga qiziqmasdan ishini to‘xtatishi mumkin.

Shundan kelib chiqib quyidagi qo‘shimcha chora tadbirlarni taklif etmoqchiman:

Terim otryadlari qatoriga yigitlarni jalb qilish yo‘li bilan ayollarni og‘ir yukni tashishdan ozod etish,

Ikkinchi terimga kerak bo‘lgan manfaatdorlikka cheklangan chakana narxlarda o‘simlik yog‘i, un va kir sovuni sotish yo‘li bilan erishish,

Uchinchi terimga professional terimchilarni jalb etish amri mahol ekanligini inobatga olib, ushbu ishlarga yaqin atrofdan hasharchilarni, jumladan, kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlar mehnatiga tayanish. Har qanday holatda ham paxta terimi tazyiq yo‘li bilan emas, balki moddiy va ma'naviy rag‘batlantirishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bilan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Albatta, bunday qiyinchiliklar bilan og‘ir sharoitlarda paxta terish XXI asrga yarashmaydigan holat. Yoshlarga afsonaday tuyulishi mumkin, lekin 30 yil oldin O‘zbekistonda paxta hosilining teng yarmi terim mashinalarida terilgan va Sharqiy Yevropa mamlakatlariga qayta ishlash uchun eksport qilingan. O‘sha an'analarni tiklash vaqti kelmadimikan? Hisob-kitoblar shuni ko‘rsatmoqdaki agar qo‘l terimiga sarflanayotgan pullar texnika ishlab chiqarishga yo‘naltirilsa, yaqin kelajakda terim jarayonini to‘laligicha mexanizatsiyalashga erishish mumkin.

Raqobatbardosh iqtisodiyotni barpo etish — iqtisodiy strategiyani tarkibiy qismlaridan biri ekanligini inobatga olgan holda keyingi mavsumlarda paxta ishlab chiqarishning barcha sikllarida tub o‘zgarishlar bo‘lishiga xalqimizni ishontirish muhim ahamiyatga ega.

Ilhom Vafayev, iqtisodchi.
Samarqand shahri.

Mavzuga oid