Jamiyat | 18:40 / 29.08.2017
32804
2 daqiqa o‘qiladi

Maktab ma'muriyati metallolom uchun pul so‘rashga haqlimi?

Foto: Blog Grodno

Yangi o‘quv mavsumining boshida turar ekanmiz, ota-ona va o‘quvchilarni, kezi kelsa, o‘qituvchilarni ham bir muammo qiynaydi: metallolom topshirish atalmish majburiyat va u bajarilmagan holatda belgilangan summani to‘lash. Kun.uz muxbiri ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Xalq ta'limi vazirligining rasmiy vakili bilan bog‘landi.

«Xalq ta'limi vazirligi tomonidan umumiy o‘rta ta'lim maktablari uchun metallolom topshirish rejasi belgilanmaydi. Shunindek, Xalq ta'limi vazirligining 2012 yil 13 iyundagi «Xalq ta'limi muassasasining Vasiylik kengashi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida»gi 185-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan va Adliya vazirligi tomonidan 2012 yil 3 iyulda ro‘yxatdan o‘tkazilgan 2377-sonli namunaviy nizomning 24-bandiga asosan ta'lim muassasasida o‘quvchilar (tarbiyalanuvchilar) va ularning ota-onalari (qonuniy vakillari)dan turli xil sabablar bilan ta'lim muassasasi rahbariyati va boshqa xodimlari (sinf rahbarlari, o‘qituvchilar, tarbiyachi, tarbiyachi-yordamchilar va to‘garak rahbarlari) tomonidan pul mablag‘larini yig‘ish qat'iyan taqiqlanadi», deydi vazirlik boshqarma boshlig‘i Farhod Uzoqov.

Bundan tashqari, vazirlik tizimidagi ta'lim muassasalarida 18 yoshgacha o‘quvchi (tarbiyalanuvchi)lar ta'lim-tarbiya olishlari sababli, ularni metallolom yig‘ib topshirishga jalb etilishi «Bolalar huquqlari to‘g‘risida»gi Konventsiyaning 32-moddasiga ziddir.

Bundan kelib chiqadiki, qonunda nazarda tutilmagan holat bo‘yicha maktab ma'muriyati o‘quvchi yoki uning ota-onasidan pul to‘lovlarini talab qilishi taqiqlangan. Shuningdek, o‘quvchining metallolom yig‘ib, topshirishini talab qilish xalqaro huquq normalarining buzilishi bilan belgilanib, bolani majburiy mehnatga jalb etish sifatida baholanadi.

Mavzuga oid