Jahon | 11:49 / 01.09.2017
17132
2 daqiqa o‘qiladi

Jorj Soros terrorchi sifatida tan olinishi mumkin

Foto: Getty Images

AQShda 70 mingdan ortiq inson mamlakat prezidenti Donald Trampga milliarder Jorj Sorosni terrorchi sifatida tan olish so‘ralgan petitsiyani imzoladi. Murojaat matni Oq uy saytining tegishli bo‘limida joylashtirilgan.

Taklif mualliflarining bildirishicha, Soros «doimiy ravishda vaziyatni beqarorlashtirishga harakat qilgan va Qo‘shma Shtatlar hamda uning fuqarolari manfaatlariga zid ish olib borgan».

Petitsiyada aytilishicha, milliarder o‘nlab alohida tashkilotlarga asos soldi va ularni moliyalashtirdi. Maqsad esa yagona bo‘lgan – konstitutsiyaviy hukumat tanazzulga yuz tutishiga turtki berish.

Shuningdek, o‘z imzosini qo‘yganlar Sorosni butun Demokratik partiya va AQSh federal hukumatining katta qismiga nosog‘lom va asossiz ta'sir ko‘rsatishni kuchaytirib borishda ayblashmoqda.

«Adliya vazirligi Jorj Soros va uning barcha tashkilotlari hamda ularning a'zolarini uy terrorchilari, deb e'lon qilishi lozim, uning shaxsiy mulki va aktivlari musodara etilishi kerak», - deyiladi petitsiyada.

AQSh prezidenti ma'muriyati petitsiyani ko‘rib chiqishi uchun 2017 yilning 19 sentabriga qadar 100 ming imzoni yig‘ish lozim. Petitsiya E.B. taxallusi ostidagi foydalanuvchi tomonidan 20 avgust kuni tashkil etildi.

Soros Tramp prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng, Amerika yetakchisi inauguratsiyadan keyin diktatorga aylanishi mumkinligi haqida ma'lum qilgandi. Milliarderning o‘zi saylovoldi kampaniyasi doirasida Trampning raqibi – sobiq davlat kotibi Hillari Klintonni qo‘llab-quvvatladi.

Joriy yilning fevral oyida Obama va Soros Ukrainadagi to‘ntarishni tashkillashtirishda ayblangandi.

Mavzuga oid