Sport | 23:20 / 05.09.2017
99288
6 daqiqa o‘qiladi

Tarsaki

Foto: Offsayd.uz

Koreyaliklar bosh murabbiyidan ushbu o‘yinga qilingan reja haqida so‘ralganda shunday dedi:

"Biz O‘zbekistonga faqat g‘alaba kerakligini bilar edik. Shuning uchun shogirdlarimga, birinchi taymda imkon qadar ehtiyotkorlik bilan harakat qilishni, muhimi, kamida durangni saqlab turishni iltimos qildim. Ko‘rganingizdek, ikkinchi taymda mezbonlar charchab qolishdi, ularning himoyasida bo‘shliqlar paydo bo‘la boshladi va biz hujumni kuchaytirdik. To‘g‘ri, g‘alaba qozona olmadik, ammo ko‘rgan bo‘lsanglar, juda ko‘p vaziyatlarni futbolchilarim golga aylantira olishmadi. Shu tomondan olib qaraganda, biz taktik jihatdan o‘yinda g‘alaba qozondik, deb o‘ylayman".

Bir jihatga e'tibor berdim. Aslida agar Suriya Eron ustidan g‘alaba qozonganida, Janubiy Koreya uchun ham bugungi natija qoniqarsiz bo‘lib qolardi. Balkim, bosh murabbiy mana shunday kibor bilan o‘z aqlini bizga maqtab o‘tirmasdi. Bo‘lishi mumkin. Balki.

Lekin bilasizmi, menimcha, Janubiy Koreya murabbiyi Erondagi o‘yinni, uning natijasini o‘z rejalarining markaziga qo‘yib olmagandi. Uning vazifasi aynan Toshkentdagi o‘yinda g‘alaba qozonish - aynan mana shu o‘yin uchun o‘z taktikasini, ssenariysini rejalashtirdi. Barcha qarorlarni, strategiyalarni mana shu o‘yin ustiga qurdi. To‘g‘ri, g‘alaba qozona olmadi, ammo bu ko‘proq futbolchilarning muammosi, aybi. Shunisi aniq-ki, ular g‘alabaga bizdan ko‘ra ancha yaqin edilar.

Bizni qaysi hisob qoniqtiradi? Endichi, Suriya uribdi, endi Koreyaga ham g‘alaba kerak. Biz esa, uchta gol urishimiz kerak. Uh, Eron tenglashtirdi, endi bitta gol yetadi. Urra, Eron yutyapti, endi durang ham bizni uchinchi o‘rinda qoldiradi. Ana endi biz yutishimiz kerak, "davaaaay".

"Suriya gol urdi! Eron!!! Eron o‘yinni sotdi! O‘yinni yutqazib berdi Eron!!! (s)

"Iye, 2:1 deb aytishdi-ku? Vaaaaay" (s)

Muxlislar, jurnalistlar - borimiz shu, lekin bilasizmi, Samvel Babayan, boshqa murabbiylarimiz, futbolchilarimiz ham butun siklni mana shu kayfiyatda o‘tkazishdi. Bizda hali imkoniyat bor. Falon o‘yinda falon komanda ochko yo‘qotsa... Hali imkoniyat yo‘qotilgani yo‘q. Imkon bor ekan, kurashishda davom etamiz... Hammasi o‘z qo‘limizda!..

Go‘yoki terma jamoamiz murabbiylari, O‘zbekiston futbol federatsiyasi muxlislarni, jurnalistlarni eshitmayotgan edilar, boshqa dunyoda yashayotgan edilar - vey, bular nega tanqid qilishyapti o‘zi? Axir imkoniyat bor-ku? Vey, nega norozi bular, axir Qatarni yutdik-ku!   

Ular ana o‘sha qog‘ozdagi imkoniyatlar dunyosida yashadilar, Sergeyevning ikki yildan beri gol urmay kelayotganini, so‘nggi yetti o‘yinda besh bor mag‘lubiyatga uchraganimizni, o‘yin sifati nihoyatda g‘arib ekanini o‘ylamadilar - imkoniyat bor-ku! Yerni o‘pamiz, futbolka rangini almashtiramiz, faqat hujumchini emas, tavba...

Jazo zo‘r bo‘ldi, jazo juda alamli bo‘ldi! Agar bu haqida triller olinganida ham, Anzurning o‘sha intervyu chog‘idagi yuzi "Oskar" olgan bo‘lardi, ishonavering. Doim boshqa o‘yinlardan madad kutib, shu orqali mundialni orzu qilgan jamoamiz aynan boshqa o‘yin orqali imkoniyatdan quruq qoldi. O‘n o‘yinda atigi olti gol urib, boshqalardan gol kutgan terma jamoamiz-a... 

Aslida, vazifa turnir jadvaliga umuman qaramaslik, navbatma navbat har bir uchrashuvda g‘alaba qozonishga harakat qilish, har bir o‘yin uchun alohida o‘z rejasini qurish kerakligi borasida janubiy koreyalik bosh murabbiy o‘z namunasini ko‘rsatib ketmadimi, boyagina? 

Faqat Eron va Koreyadan emas, Suriyadan ham ortda qolganimizda ham ramziy ma'no bor, ham doim raqiblarimizning futboli kuchli ekani, ular boy davlatlar ekani, futbolchilari tajribali ekanini ro‘kach qilaveradiganlarga yaxshigina tarsaki bor. Men bundan xursandman. 

Ko‘p gapiramiz, terma jamoamiz jahon chempionatiga chiqishga tayyor emas. Avvalo, futbolga pul tikishimiz (yana qancha?) kerak, malakali futbolchilar kerak, bolalar futboli bo‘lishi kerak, milliy chempionatimiz raqobatli bo‘lishi kerak va hokazo. Bu "kerak"larning barchasi kerak, to‘g‘ri. Ammo jahon chempionatiga chiqish uchun Suriyadan ko‘proq ochko to‘plash kerak, avvalo. Bu tushunarliroq, aniqroq vazifa.

O‘sha urush bo‘layotgan, bolalar futboli emas, bolalar hayoti muhim muammo sanaladigan Suriyadan ko‘proq ochko to‘plashni, ulardan ko‘proq gol urishni o‘rganishimiz kerak. Ana o‘shanda aybdorlarni osonroq topamiz. Umuman kimnidir ayblashni o‘rganamiz, aybdor qidirishni, xatolar haqida gapirishni, tahlil qilishni o‘rganamiz. Maydonda jonimizni jabborga berishni boshlaymiz. Hammasi o‘z qo‘limizda, dedikmi, hammasini qo‘limizdan o‘zimiz chiqardik, deya boshlaymiz. 

Axir, ana Suriya, birgina gol masofasida qoldi-ku, mundialdan... Loyiq emasmidi?

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid