Jahon | 21:08 / 06.09.2017
11728
2 daqiqa o‘qiladi

Daniya qirolichasining turmush o‘rtog‘i aqlan zaiflashgani tasdiqlandi

Foto: Aly Song / Reuters

Shifokorlar davomli tadqiqotlar natijasida Daniya qirolichasi Margaret II'ning 83 yoshli turmush o‘rtog‘i shahzoda Xenrikning dementsiya (aqli zaiflik)dan aziyat chekayotganini tasdiqlashdi. Daniya qirolligi bu haqida rasman bayonot berdi. 

Xenrikning yoshini inobatga olib, shifokorlar kasallik uning atrofdagi olam bilan munosabatlariga ta'sir qilishda davom etishi va uning xatti-harakatlari, hissiyotlarini izhor qilish va vaziyatga baho berishdagi o‘zgarishlarga olib kelishini ta'kidlashmoqda.

Shahzoda 2016 yilda monarxning turmush o‘rtog‘i mavqei bilan bog‘liq majburiyatlarining aksariyatidan ozod qilingan. Biroz keyinroq u konsort nomidan ham voz kechgan, shunday bo‘lsa-da, turli xayriya fondlari va tashkilotlar rahbariligicha qolgan. Qirollik uyining xabarida shahzodaning ommaviy tadbirlardagi ishtiroki yanada kamayishi ta'kidlangan. 

Daniya malikasi Margaret va fransuz grafi Anri de Labord de Monpeza 1967 yilda turmush qurishgan. 1972 yilda Margaret otasi Frederik IX'ning vorisi sifatida taxtga o‘tirgan. Juftlikning ikki o‘g‘li va sakkiz nevarasi  bor, ularning to‘ng‘ich o‘g‘li taxt vorisi hisoblanadi. Ta'kidlash joizki juftlik 2017 yilda oltin to‘y yubileyini nishonlagan. 

Mavzuga oid