O‘zbekiston | 10:59 / 06.09.2017
38799
8 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Qirg‘izistonda - ikki xalq uchun tarixiy voqeaga aylangan tashrif

Foto: K-news

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev taklifiga binoan 5 sentabr kuni davlat tashrifi bilan Bishkek shahriga keldi.

Foto: K-news

«Manas» xalqaro aeroportida rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi. Davlat rahbarini Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Almazbek Atamboyev kutib oldi. Ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan aeroportda oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat madhiyalari yangradi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar. 

O‘zbekiston delegatsiyasi

O‘zbekiston delegatsiyasidan prezidentning davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, bosh vazir o‘rinbosari, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruvi raisi Ochilboy Ramatov, tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyev, prezident Devoni ishlar boshqaruvchisi Zelimxon Haydarov, prezident Xavfsizlik xizmat boshlig‘i v.b. Abdurahim Mo‘minov, prezident huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar Instituti direktori Vladimir Norov, Toshkent shahri, Andijon viloyati, Namangan viloyati, Farg‘ona viloyatlari hokimlari, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK bosh direktori Ulug‘bek Ro‘zuqulov, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bo‘yicha Davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari To‘lqin Abdullayev, Milliy xavfsizlik xizmatining chegara qo‘shinlari qo‘mondoni birinchi o‘rinbosari Nosirbek Usmonbekov kabilar o‘rin olgan.

Bundan tashqari, delegatsiyaga davlat idoralari, xavfsizlik xizmati xodimlari, shifokor va oshpaz kirgan.

Tovar aylanmasi – yarim yilda 170 mln dollar

Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi doirasida Bishkekda qirg‘iz-o‘zbek biznes-forumi bo‘lib o‘tmoqda. Qirg‘iziston Savdo-sanoat palatasi prezidenti Marat Sharshekeyevning o‘z chiqishida ta'kidlashicha, 2017 yilning birinchi yarim yilligida ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi taxminan 170 mln dollarni tashkil etdi, bu 2016 yilning 1-yarim yilligi bilan taqqoslaganda ikki barobarga ko‘p.

Foto: 24.kg

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromovning umid qilishicha, 2017 yil yakuni bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmi 500 mln dollarga yetadi.

Prezidentlar uchrashuvi

Ikki davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash istiqbollari, mamlakatlarning chegaraoldi hududlari aloqalarini faollashtirish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar muhokama qilindi.

Foto: K-news

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari uchrashuvlarining rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi davomida Mirziyoyev Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti va qirg‘iz xalqini yaqinda nishonlangan milliy bayram – Mustaqillik kuni bilan muborakbod etdi. Xalqlarimiz o‘rtasida tarixan shakllangan qardoshlik va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini yuksak qadrlaymiz. Aynan mana shu munosabatlar davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda, dedi Shavkat Mirziyoyev. Almazbek Atamboyev Shavkat Mirziyoyevni Qirg‘izistonga davlat tashrifi bilan qutlab, bu davlatlarimiz o‘rtasida oliy darajadagi muloqotlarning mantiqiy davomi, tomonlarni qiziqtirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyat ekanini ta'kidladi. 

«Bir yil ichida O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha davlatlar bilan munosabatlarini yaxshiladi», — degan Qirg‘iziston prezidenti. Atamboyev O‘zbekiston rahbarining bu tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi davrni boshlab berishini qayd etgan. «Ishonchim komilki, soxta kamtarliklarsiz e'tirof etishni istardimki, bu tashrif — xalqlarimiz uchun tarixiy voqea. O‘ylaymanki, bugungi tashrif ko‘plab muammolarga barham beradi va ikki qardosh xalq munosabatlarida yangi davrni ochib beradi», — degan Atamboyev. «O‘zbekiston — Markaziy Osiyoda barcha davlatlar bilan chegaralarga ega yagona davlat. Biz ko‘rib turibmizki, Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida O‘zbekiston mintaqadagi barcha qo‘shni respublikalar bilan munosabatlarni sezilarli darajada yaxshiladi. Bu siyosiy vaziyatga ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Sizning iqtisodiy va siyosiy islohotlaringiz tufayli men O‘zbekiston Markaziy Osiyoning savdo va siyosiy markaziga aylanishiga ishonch bildirmoqdaman. Men Shavkat Miromonovichga mustahkam sog‘liq va oson bo‘lmagan ishda muvaffaqiyatlar, birodar o‘zbek xalqiga tinchlik va farovonlik tilayman», — deya chiqishini yakunlagan Almazbek Atamboyev.

Foto: AKIpress

Uchrashuvda Prezidentlar suv resurslaridan davlatlarimiz umumiy manfaatlariga mos ravishda oqilona foydalanish borasida ham kelishib oldi. O‘zbekiston Prezidenti shartnomaviy majburiyatlarni amaliyotga izchil tatbiq etish maqsadida chegaraoldi hududlarda Hokimlar kengashi tuzishni taklif qildi. 

Chegara to‘g‘risidagi bitim

O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari o‘z ichiga 85 foiz masofani qamrab olgan chegara to‘g‘risidagi bitimni imzolashdi. Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyevning O‘zbekiston vakillari bilan qator hujjatlarni imzolash marosimidan so‘ng aytishicha, masofaning atigi 15 foizi qolgan. «Asosiysi shunga ishonch hosil qildikki, xohish, siyosiy iroda bo‘lsa kelishib olish mumkin», - deya qo‘shimcha qilgan u. A.Atamboyevning ta'kidlashicha, bu tarixiy kun ro‘y berganiga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning hissasi katta. «Xuddi u menga gapirgandek, men ham uni birodar, deb atayman. Bizning davlatlar orasida birodarlik munosabatlari bo‘lishi kerak», - degan Qirg‘iziston rahbari.

Foto: K-news

Bitimlar

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Almazbek Atamboyev O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida Qo‘shma bayonot va O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegarasi to‘g‘risida shartnomani imzoladilar. Andijon va O‘sh, Toshkent va Bishkek shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik to‘g‘risida, ikki davlat Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida, Soliq qonunchiligiga rioya qilish masalalari bo‘yicha hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida, Mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo, ilmiy-texnikaviy hamkorlik, Oliy ta'lim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitimlar, Chegaradosh mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish bo‘yicha 2017-2019 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar rejasi, Parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum va boshqa muhim hujjatlar imzolandi. 

Mavzuga oid