O‘zbekiston | 16:50 / 06.09.2017
45162
5 daqiqa o‘qiladi

Zafar Hoshimov: Erkin konvertatsiya amaliyoti boshlangandan keyingi dastlabki xulosa va kuzatuvlar

Foto: «Korzinka.uz»

Taniqli tadbirkor, «Korzinka.uz» supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov erkin konvertatsiya mexanizmlari e'lon qilinganidan so‘ng dastlabki xulosa va kuzatuvlar borasida mulohazalarini bildirib o‘tdi. Tadbirkor kurs to‘laqonli bozor mexanizmlari asoslarida shakllanishiga, ya'ni banklar ishtirokidagi valyuta birjasidagi har kunlik savdolar asosida belgilanishini ta'kidlagan.

«Markaziy bank haftasiga bir marta mamlakat hududida bojxona va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun rasmiy kursni belgilaydi. Bunda Markaziy bankning kursi o‘tgan haftadagi birja savdolari o‘rtachasi bo‘ladi. Jismoniy shaxslar naqd valyutasini valyuta ayirboshlash shoxobchalarida naqd so‘mga sotishlari mumkin. Dollar esa konversion kartalarga sotiladi. Aytgancha, konversion kartalardan jug‘rofiy cheklovlar olib tashlanmoqda, ya'ni Turkiyada, Xitoyda, BAA, qayerda ishlatish imkoni bo‘lsa, o‘sha yerda foydalanish mumkin. Konversion karta orqali internetda onlayn to‘lash mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, mobil aloqa operatorlari, provayderlar xizmatlariga to‘lovlar joriy yilning 4 sentabr kungi kurs (ya'ni devalvatsiya kunigacha) bo‘yicha qat'iy belgilanadi. GM avtomobillari hamda «O‘zbekiston havo yo‘llari» chiptalari uchun narxlar devalvatsiyagacha bo‘lgan kursda «muzlatib qo‘yildi». Bundan tashqari, «Havoshka»ning chiptalarni dollarga sotish amaliyoti bekor qilindi. Mamlakat hududidagi xalqaro oliy ta'lim muassasalarida kontrakt to‘lovlari bo‘yicha hamma narsa aniq emas. Masalan, INHA kontrakt to‘lovini devalvatsiyagacha bo‘lgan kursda so‘mga to‘liq o‘tkazdi, boshqa OTMlar (Singapur, Vestminister) hali o‘ylab ko‘rishayapti.

Bojxona to‘lovlari, Prezident Farmonida ko‘zda tutilganidek, import qilinadigan tovarlar narxlari keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bir hafta mobaynida qayta ko‘rib chiqiladi. 20 foizlik QQS stavkasi saqlanib turadigan bo‘lsa, ayrim import qilinadigan tovarlar narxi baribir oshishi mumkin. Agar bu topshiriq aniq va samarali bajarilmasa, chet eldan xar xil «qora» va «soya» sxemalar orqali tovarlar olib kelish ko‘payadi. Bir tarafdan, bu davlat byudjyetiga tushumlarga salbiy ta'sir ko‘rsatsa, boshqa tarafdan bu «qora bozor» uchun yangi «o‘lja» bo‘lib xizmat qiladi, hamda u yerda valyutaga talabni orttiradi, so‘mga nomutanosib ta'sir ko‘rsatib, naqd pullarning bankdan tashqari aylanishini ko‘paytiradi. Bir so‘z bilan aytganda, yaxshilikka olib kelmaydi. Shunday qilib, barcha turdagi import qilinadigan tovarlarga bojxona bojlari va to‘lovlarini imkon qadar tezroq tushirish lozim.

Yuridik shaxslar o‘z banklarida joriy narxlarda, boshiga 8000-8150 koridorida valyuta xarid qiladi.

Ko‘pchilik xarid qilinadigan valyutaning kartaga o‘tkazilishi amaliyotini «qora bozor»ni saqlab qoladi, demoqda. Men bunga qo‘shilmayman. Agar banklar naqd valyutani qariyb bozor kursida sotib olayotgan bo‘lsa, kim uni bankka emas, qora bozorga sotish uchun tavakkalchilikka qo‘l uradi? Agar hech kim naqd valyutani qora bozorga sotmasdan, banklarga topshirar ekan, qora bozor naqd valyuta xohlayotganlarga naqd valyutani qayerdan topib beradi? Shu nuqtai nazardan bankda valyuta xarid qilish narxi qora bozordagidan ko‘ra qimmatroq ekanligi mantiqan to‘g‘ri. Mabodo qora bozor saqlanib qolgan taqdirda ham, u juda marginallashadi va ochiqchasiga jinoyat maskaniga aylanadi, u yerda bir guruh yomon odamlar o‘zlarining qora ishlari bilan shug‘ullanishadi.

Va nihoyat, eng asosiy xulosa: tan olaylik, davlat aholini devalvatsiyaning salbiy oqibatlaridan maksimal darajada himoya qilishga harakat qildi. Men bunaqa insonparvarlik ruhidagi devalvatsiyani ko‘rmaganman».

Mavzuga oid