O‘zbekiston | 23:25 / 07.09.2017
25427
11 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston: Mirziyoyev tashrifidan iqtisodiy samarani 2018 yilning bahorida kutish kerak

Foto: O‘zA

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk bor Qirg‘izistonda davlat tashrifi bilan keldi. Bundan tashqari, bu so‘nggi 17 yil ichida Bishkekka qo‘shni davlat rahbarining ilk tashrifi bo‘ldi. Chegaralar bo‘yicha kelishuvlar va siyosiy muloqot o‘rnatish masalalaridan tashqari, tomonlar hamkorlikning iqtisodiy tarkibiy qismi haqida ham ko‘p gaplashishdi, deb yozadi 24.kg.

Markaziy Osiyoni infrastrukturaviy rivojlantirish bo‘yicha ekspert, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi energetika va infrastruktura vaziri sobiq o‘rinbosari Kubat Rahimovning ishonch bildirishicha, O‘zbekiston prezidentining tashrifidan keyingi real xulosalarga 2018 yilning bahorida kelish mumkin.

— Umuman, Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifidan iqtisodiy samara bormi o‘zi?

— Shak-shubhasiz. Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-sotiq ikki qismdan iborat. Noqonuniy — kontrabanda, bojxonachilarga pora berish, «chumoli so‘qmoqlari» bo‘ylab o‘tish orqali va rasmiy ko‘rinishda. Bu jihatdan hozir O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar Qirg‘izistonga ham, umuman, biznesga ham juda foydali. Ishda oldindan taxmin qilish mumkin bo‘ladi va o‘yinning qat'iy qoidalari ishlab chiqiladi.

Men yaqinda o‘zbek matolari xarid qiladigan atele egasi bilan gaplashib qoldim, u matolarni faqat bitta joydan xarid qilar ekan va u yerda to‘lovning juda murakkab sxemasi amalda ekan. Hammasi shubhali sxemalar va chegaralardagi «kerakli» odamlar bilan amalga oshiriladi. Lekin ayrim odamlar pul ishlab mahsulot sotishi, boshqalarga buning uchun ruxsat yo‘qligi to‘g‘ri emas-da.

— Tashrif yakunlari bo‘yicha asosiy hujjat — qirg‘iz-o‘zbek chagarasi haqidagi shartnoma bo‘ldi. Undan biror bir iqtisodiy samara bormi?

— Chegaraning har qanday demarkatsiya va delimitatsiya qilinishi iqtisodiy maydonga yoritiladi. Chunki chegara avtomatik ravishda bojxonaga aylanadi va kamida chegaraoldi savdo-sotig‘i hosil bo‘lishiga olib keladi. Bu YeOII uchun o‘ta muhim, chunki bu ittifoq asosida o‘zi umumiy bojxona hududi turibdi.

Qirg‘iziston va Tojikiston, Botken va So‘g‘d viloyati chegarasini misol keltiraman. U yerda Xo‘janddan Isfaraga kelishda ko‘chaning bir tomoni Tojikiston, ikkinchi tomoni Qirg‘iziston sanaladi. Formal jihatdan u yerda bojxona posti bor, lekin u ichkariroqda. U yerda qanday qilib kontrabanda va noqonuniy savdo bo‘lmasligi mumkin? O‘zbekiston bilan, esa, albatta vaziyat boshqacha. Ular o‘z hududini himoya qilishga intilib kelishadi, lekin bu ham kontrabanda yo‘qligini bildirmaydi.

Imzolangan shartnomadan darhol samara kutish yaramaydi. Uni imzolash boshqa, amalga oshirish boshqa. Bu yerda chegaraoldi infrastrukturasida juz'iy xarajatlar yuzaga kelishi mukmin. Ular turli narsalar bo‘lishi mumkin. Balkim tikanli sim va videokuzatuv tizimi. Nima bo‘lganda ham, shunchaki qo‘shimcha bojxona infrastrukturasi nazarda tutilmaydi. Nazorat-o‘tkazish punktlari bo‘ladi. Ularni jihozlash katta xarajat talab etadi.

Bu yerda insonlarni ko‘chirish masalasi ham bor. Axir chegara chizig‘i kimningdir tomorqasi yoki uyiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Davlat eng kamida uyning bahosini kompensatsiya qilishi kerak, maksimum darajada ko‘chib o‘tishini ham moliyalashtirishi kerak.

— Nega O‘zbekiston to‘satdan biz bilan do‘stlashishni istab qoldi? Shuncha yil biz qo‘shnilarimizga kerak emasdik, tasodifan bunday mehr...

— Yo‘q bu tasodif emas. O‘zbekistonning yopiq rivojlanish modelini qurishga urinishi ayrim yillarda ma'niga ega bo‘lgan. Masalan, 1990-yillarda — hukumat sanoat va ishlab chiqarishni saqlab qolishga uringanida. 2000-yillarda ham bunday siyosat o‘zini oqlagan, chunki o‘z ishlab chiqaruvchilari uchun sharoit yaratishni ta'minlab turgan.

Albatta, bunday siyosatning salbiy taraflari ham bo‘lgan — biznesni yaxshilash, ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish va mahsulotlar sifatini oshirishga intilish yo‘q edi. Davlat korxonalari bilan ish undan ham battaroq bo‘lgan. Ular foyda ko‘rishga yo‘nalmagan.

Lekin plyuslar ham bo‘lgan. Bunday siyosat O‘zbekistonga sanoat va qayta ishlashni saqlab qolish imkonini bergan. Ha, ular aviasozlikni saqlab qola olishmadi, lekin milliy avtomobilsozlikni yuksak cho‘qqiga ko‘tarib olishdi. O‘n yilcha oldin O‘zbekiston Qozog‘iston bilan Qirg‘iziston hududida qo‘shma avto yig‘ish korxonalari ochadi, deb kim ham o‘ylabdi deysiz. Ular sanoat salohiyatini saqlab qolishdi, ko‘plab temir yo‘llar qurishdi, yuqori tezlikdagi poyezdlarni ishga tushirishdi. Endi ular jahonga quchoq ochishga tayyor.

— Nega endi? Birinchi prezident Islom Karimovning o‘limi kurs o‘zgarishi uchun sabab bo‘ldimi?

— Mutlaqo. Men hammasini Islom Karimov bilan bog‘lamoqchi emasman. O‘zbekiston elitasi allaqachon, 2012–2013 yillardayoq ochiqlikka tayyor edi. Lekin ularni Rossiyadagi voqealar biroz cho‘chitib yubordi. Rubl va tanga qulaganidan so‘ng, yuanni ham qaltiroq bosdi, shundan so‘ng ular jarayonlarni tezlashtirmaslikka, yana biroz kutishga qaror qilishdi. Mana endi O‘zbekiston jahonga yuz ochmoqda. Axir ular nafaqat biz, boshqa mamlakatlar bilan ham faol ish olib borishmoqda.

Bir yil ichida Toshkent va Ostonaning munosabatlari juda ilgarilab ketdi. Shunchaki, bu bizga sezilmayotgandi. Men o‘z vaqtida O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchisidan so‘ragan edim: «O‘zbekiston-Qozog‘iston» lokomotivi bizni chetlab o‘tib ketadimi yoki biz ham trendda bo‘lamizmi», deb. O‘shanda u indamagan edi. Lekin hozir, Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifidan ma'lum bo‘lyaptiki, biz ham umumiy jarayon ichidamiz. Boz ustiga, hozir yaxshi qo‘shni, yomon qo‘shni deb ajratish yo‘q. Biz shunchaki, birga ishlashga tayyor yaqin qo‘shnilarmiz.

— Davlatlarimiz qaysi sohalarda hamkorlik qilishi mumkin?

— O‘ylashimcha, biz agrosanoat kompleksida, yengil sanoatda aloqalarni o‘rnatishimiz mumkin. O‘zbekistonda o‘z vaqtida Turkiya va Janubiy Koreya bilan qo‘shma korxonalar ochilgan edi. Ularning ham matolari va trikotaj mahsulotlari juda yaxshi. O‘zbekiston o‘z matolari bilan Qirg‘izistonga kirib kelishi so‘ngra tayyor mahsulot bilan YeOIIga chiqishi mumkin.

Bizning janubiy viloyatlarimiz energiya ta'minoti xaritasi haqida ham o‘ylash mumkin. Biz Rossiyadan kiritiladigan neft mahsulotlariga juda bog‘langanmiz. Biroq yonginamizda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi bor. Bu borada gapiradigan bo‘lsak, O‘zbekistondan Qozog‘istonga o‘tadigan to‘liq modernizatsiya qilingan gaz quvuri uchastkasi ishga tushirilgani hamono Shavkat Mirziyoyevning bizning yurtimizga tashrif buyurgani kishini quvontirmasdan qolmaydi.

— Temiryo‘l qurilishi nima bo‘ladi? O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari bu mavzuni muhokama etishganiga shama qilishdi.

— Men Qirg‘izistonda har qanday temiryo‘l qurilishiga qarshi emasman. Axir biz yangi temiryo‘l tarmoqlari qurilishi bo‘yicha antirekordchilarmiz. Mustaqillikning 26 yili mobaynida biz bir kilometr ham temiryo‘l qurmaganmiz. Masalan qo‘shni Tojikistonda ham sobiq ittifoq davrida ishga tushirilgan eski ikki tarmoqni bir biri bilan bog‘lashdi.

Hozir biz Qirg‘izistonda nega bu tizim ishlamayotgani va mahalliy tarmoqlar qurilmayotganini tahlil etmog‘imiz kerak. Men temiryo‘l qurilishi haqida bayonot beradigan amaldorlarning so‘zlariga ehtiyotkor munosabatda bo‘laman.

— Yo‘llar qurilishi uchun nimalar kerak?

— Birinchi navbatda mashhur maqolda aytilganidek, ko‘rpaga qarab oyoq uzatish kerak. Bizda qurishga narsani o‘zi yo‘q. Biz milliardlab dollarlik davlat kafolatlari taqdim eta olmaymiz. Shu sababli, biz temiryo‘llarni qurishimiz kerak, lekin kelajak avlodning haqi hisobiga emas.

Davlat-xususiy hamkorligi deyilsa, bunda davlat yer ajratadi, investor esa mablag‘ini tikadi. Keyin tomonlar foydani bo‘lishishadi. Biroq bu yerda muhim qo‘shimcha bor. Qurilish olib borayotgan investor faqat oylik maosh fondi va ijtimoiy fondga to‘lov qilishi kerak. Boshqa soliqlardan uni uzoq muddatga ozod qilishga to‘g‘ri keladi.

Xususiy investitsiyalar haqida gapirilsa, biz yo‘lak taqdim etamiz, investor yerni sotib oladi, hamma soliqlarini to‘laydi, biz uchun manfaatli sharoitlarda ishlaydi, lekin bu uning xususiy mulki bo‘ladi. Bunday loyihalarning o‘zini o‘zi qoplash muddati 30–40 yil bo‘ladi. Agar shunday shartlarga ko‘nadigan investor topilsa — bu ham yaxshi. Lekin Davlat-xususiy hamkorligi loyihasi realroq ko‘rinmoqda.

Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarning iliqlashuvi oqibatida iqtisodiy natijalarni qachon kutish kerak?

— Avvaliga O‘zbekistonning o‘zida hammasi bir me'yorga kelib olishini, valyuta kursi barqarorlashuvini kutish kerak. O‘z-o‘zidan o‘zbek mahsulotlarining eksporti orta boshlaydi. Nafaqat Qirg‘izistonga, boshqa davlatlarga ham. Qirg‘iziston bilan kelishuvlarga to‘xtalsam, jo‘jani kuzda sanaganimiz ma'qul. Hozircha harakatlar boshlanganining o‘zi katta gap.

Biznesmenlar 115 million dollarlik qo‘shma loyihalar haqida kelishib olishgani haqida gapirildi. Hammasi amalga oshadi, deya umid qilamiz. Agar shu loyihalarning hechqursa yarmi hayotga tatbiq etilsa ham yaxshi natija bo‘ladi. Ikki mamlakat uchun ham, mintaqa va integratsion birlashmalar miqyosida ham.

Mavzuga oid