O‘zbekiston | 21:00 / 14.09.2017
76325
11 daqiqa o‘qiladi

«Bosdi-bosdi» bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak». Direktorlarni kaltaklagan hokimga qanday choralar bor?

12 sentabr kuni Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdiyev mahalliy maktablar direktorlarini kaltaklagani tasvirlangan video «Kun.uz» saytida e'lon qilindi. Videotasvirda hokim Egamberdiyev 8 o‘qituvchini urib, haqorat qilayotganini ko‘rish mumkin. Jumladan, o‘qituvchilarga baqirib, «iflos», «padari la'nat» kabi haqoratlar bilan birga, direktorlarning yelka va yuziga zarba berayotganini ko‘rish mumkin.

Video: Hokim maktab direktorlarini urdi

Prokuratura tuman hokimi maktab direktorlarini kaltaklagani bilan bog‘liq vaziyatni tekshirishni boshladi. Mazkur tekshiruv natijasida Egamberdiyev ishdan chetlatilishi bilan birga, unga qarshi qonunda belgilangan barcha choralar ko‘rilishini kutib qolamiz. Shu bilan birga, hodisa bilan bog‘liq bo‘lgan ba'zi mulohazalar bilan bo‘lishamiz. 

Inson sha'ni oliy qadriyat
Videotasvirda Egamberdiyev o‘z harakatlarini «Mustaqillik, vatan bayrami» kabi sabablar bilan oqlayotganini ko‘rish mumkin. Maktab direktorlari Mustaqillik bayramiga o‘qituvchilarni olib kelmagani uchun do‘pposlangan. Tasvirda maktab direktorlari «Vatan mustaqilligi sening mustaqilliging emasmi? Bayrammasmi?» deya so‘roqqa tutilgan. 

Bunday hodisa birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q. Avval ham «Paxta davlat siyosati» kabi asossiz sabab va oqlashlar bilan yuzlab o‘qituvchilar, hamshiralar, o‘quvchilar paxta dalalariga majburiy yuborilgani, bunday safarbarlikni tashkillashtirishda «kamchiliklarga» yo‘l qo‘ygan kishilar kaltaklangani kuzatilgan. 

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasini eslashimiz lozim. Mazkur moddaga binoan, O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi. Mazkur prinsipga ko‘ra, inson, uning erkinligi, sha'ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadi. Demak, inson sha'ni va qadr-qimmati umuminsoniy qadriyat bo‘lib, hech qanday mansabdor shaxs, davlat bayrami yoki davlat siyosati inson sha'ni va qadr-qimmatini toptashga asos bo‘la olmaydi.

Davlat boshqaruvida islohotlar qilish payti keldi
Egamberdiyevning xatti-harakatlari kundalik hayotimizda davlat boshqaruvi qanday amalga oshirilayotganidan ham dalolat beradi. Samara hali ham baqir-chaqir, haqoratlar va do‘pposlashlar bilan amalga oshirilishiga ishonadigan mutasaddi shaxslar borligini ko‘rsatadi. Davlat boshqaruvida rahbar va ishchi o‘rtasidagi munosabatlar hech qachon haqorat va kaltaklashlarga yo‘l ochib bermasligi kerak. Rahbar vazifalarini bajarmagan ishchini vazifasidan chetlatadi va o‘rniga ishni biladigan, vazifalarni bajara oladigan kishini tayinlaydi. Nega bizda shunday qilinmayapti?

Tahlil qilinayotgan hodisa davlat boshqaruvidagi yana bir muammodan dalolat beradi — davlat boshqaruvining barcha pog‘onalarida haqorat qilish va kaltaklash keng qo‘llaniladi. Egamberdiyev o‘zidan katta va kichik bo‘lgan 8 kishini yig‘in qatnashchilari oldida bemalol kaltaklab, haqorat qilyapti. Demak, bunday vaziyat oddiy kundalik holatga aylanib ulgurgan. 

Qolaversa, haqorat qilish va kaltaklash qaysi pog‘onada nihoyasiga yetadi? Balki Egamberdiyev ham viloyat hokimi tomonidan kaltaklangandir? Hokimdan bunday muomala ko‘rgan maktab direktorlari endi maktab o‘qituvchilarini borib kaltaklaydimi? O‘qituvchilar esa o‘quvchilarni yoki oila a'zolarini?

«Bosdi-bosdi»ga yo‘l qo‘yilmaslik kerak
Egamberdiyev harakatlari tasvirga tushirilgan video tarqab ketganidan jiddiy tashvishga tushganini tasavvur qilish qiyin emas. Shu sababli o‘qituvchilardan uzr so‘rab, hokimga qarshi shikoyatlari yo‘q ekanligi haqida tilxat yozdirib olishi va boshqa harakatlar orqali ishni «bosdi-bosdi» qilishga urinishi tabiiy hol. Shunday bo‘lgan taqdirda ham, prokuratura hokimga qarshi qonunda belgilangan choralarni ko‘rishi shart. Zero, O‘zbekiston Respublikasi «Prokuratura to‘g‘risida»gi Qonunining 2 va 4-moddalariga binoan, prokuratura organlarining asosiy vazifalari qonun ustuvorligini ta'minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilishdan iborat.

Jamoatchilik nazorati
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish, jumladan, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Mazkur hodisa videotasvirga yozib olinmaganida, Egamberdiyevga qarshi hech qanday chora ko‘rilmas edi va davlat boshqaruvidagi bunday jirkanch amaliyot haqida keng omma e'tiboriga chiqmas edi. Zamonaviy texnologiya fuqarolarga o‘z vakolatlarini suiistemol qilayotgan mansabdor shaxs harakatlarini zudlik bilan yozib olish va ijtimoiy tarmoqlar orqali ulashish imkonini beradi. Bunday harakat tutish Konstitutsiyada belgilangan jamoatchilik nazoratining eng samarali ko‘rinishlaridan biri. Shu o‘rinda tasvirni yozib olgan va OAV bilan ulashgan shaxsga alohida minnatdorchilik bildirilishi kerak. Chunki har bir huquqbuzarlik va jinoyatlar zaminida befarqlik, «menga nimachilik» yotadi. Mansabdor shaxslar tomonidan hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish holatlarini aniqlash va jazolash shunday choralar orqaligina oldi olinadi. 

Ma'muriy va jinoiy javobgarlik
Egamberdiyev harakatlariga qarshi ham ma'muriy, ham jinoiy javobgarlik choralari ko‘rilishi mumkin. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 41-moddasiga binoan, haqorat qilgani, ya'ni shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitgani uchun kishi eng kam ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin. Egamberdiyev zarbalari yengil tan jarohati yetkazganini taxmin qilish o‘rinli, zero videotasvirdagi oltinchi kishi yuziga qayta-qayta 3 marta zarba berilgan. Mazkur zarbalar qasddan amalga oshirilgani uchun, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 52-moddasiga ko‘ra, agar zarbalar sog‘liqning qisqa muddat yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha ko‘p davom etmaydigan turg‘un tarzda yo‘qotilishiga olib kelmagan bo‘lsa, eng kam ish haqining ikki baravaridan to‘rt baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Egamberdiyev harakatlarida ma'muriy huquqbuzarlikdan ko‘ra jinoyat alomatlarini ko‘rish mumkin. Jumladan, Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish) yoki 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan javobgarlikka tortilishi ham mumkin. Bunday holatda hokimga eng kam oylik ish haqining 150 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolari tayinlanishi mumkin.

Moddiy va ma'naviy zararni undirish
Jinoyat Protsessual Kodeksining 275-moddasiga ko‘ra, bevosita jinoyat tufayli fuqarolarga yetkazilgan ziyon qoplanishi kafolatlanadi. Demak, agar Egamberdiyev harakatlari jinoyat deb baholansa va bunday harakatlar natijasida bironta maktab direktoriga moddiy ziyon yetkazilgan bo‘lsa, Egamberdiyev zimmasiga bunday ziyonni qoplash yuklanishi kerak. Masalan, zarbalar natijasida maktab direktorlari doktor ko‘rigidan o‘tish uchun, sotib olingan dorilar kabi xarajatlar Egamberdiyevdan undirilishi kerak. 

Moddiy zarar bilan birga Egamberdiyevdan ma'naviy zarar ham undirilishi mumkin. Ma'naviy zararni undirish huquqi Fuqarolik Kodeksining 11-moddasida belgilangan. Amaldagi qonunchilikda «ma'naviy zarar» tushunchasiga ta'rif berilmagan. Ammo Oliy Sud Plenumi qaroriga ko‘ra, «ma'naviy zarar» bu jabrlanuvchiga qarshi sodir etilgan huquqbuzarlik harakati (harakatsizlik) oqibatida u boshidan kechirgan ma'naviy va jismoniy azoblardir. 

Fuqarolik Kodeksining 1021-moddasiga binoan, ma'naviy zarar yetkazganlik uchun javobgarlikning kelib chiqishiga asos bo‘luvchi shartlardan biri zarar yetkazuvchining aybi hisoblanadi. Demak, ma'naviy zarar qoplanishini talab qilish uchun kishiga nisbatan g‘ayriqonuniy harakat sodir etilgan bo‘lishi kerak. Bunday g‘ayriqonuniy harakat kishi qadr-qimmati, shaxsiy hayotining daxlsizligi kabi manfaatlariga qarshi qaratilgan bo‘lishi mumkin. Egamberdiyev harakatlari maktab direktorlarining sha'ni va qadr-qimmatini poymol qilgani aniq, demak ma'naviy zarar ham undirilishi mumkin. 

Yakuniy eslatmalar
Afsuski, davlat boshqaruvida Egamberdiyev kabi mansabdor shaxslarning muammosi bir kunda hal bo‘ladigan muammo emas. Bunday mansabdor shaxslarni qayta-qayta, davomiy fosh etib, jazolanishini talab qilish kerak. Shu sababli, yuqorida bayon etilgan hodisa kabi holatlar ro‘y berganda, quyidagicha harakat qilishni eslatib o‘tamiz:
- Mansabdor shaxs huquqlaringizni poymol etganda zudlik bilan advokatga bog‘laning va qanday qonuniy chora ko‘rish mumkinligi haqida maslahat oling;
- Mansabdor shaxslar ustidan shikoyat qilishda dalillarni yig‘ish va ularni asrashga alohida e'tibor berishingiz kerak. Xususan, noqonuniy harakatlarni videoga yozib olishga harakat qiling. Guvohlarning ko‘rsatmalari va ular bilan keyinchalik bog‘lanish uchun ism-sharif, telefon raqami va manzillarini yozib oling;
- Huquqbuzarlik haqida ham OAV, ham ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar bering; 
- Huquqbuzarlik haqida kerakli ma'lumotlarni yig‘ib bo‘lganingizdan keyin, tegishli davlat idoralariga birma-bir shikoyat qilishni boshlang;
- Shikoyatni yozishda huquqbuzarlik sodir etilgan vaqt, joy, mansabdor shaxs ismi, mansabi, unvoni va guvohlar haqida ma'lumot bering. Mansabdor shaxs xatti-harakatlarini aniq, barcha tafsilotlari bilan bayon etilishiga e'tibor bering;
- Shikoyatingizni pochta orqali buyurtma qilib («zakaznoy») yuboring. Buyurtma xati jo‘natilganda pochta xizmatchisi sizga xatni kimga va qachon yuborganingizni tasdiqlovchi patta beradi. Shikoyatlarni ko‘rib chiqish muddatlari buzilsa, shu patta yordamida haq-huquqlaringizni talab qilishingiz mumkin;
- Shikoyatingizga davlat organlari va mansabdor shaxslardan kelgan barcha javoblarni yig‘ib borishni unutmang. Tobelik tartibida yuqori turuvchi davlat organiga murojaat qilganingizda, sizning huquqiy muammoingizni hal etishda yordam bermagan barcha davlat organlari va mansabdor shaxslarni sanab o‘tish kerak.

Mushtumzo‘r hokimga qonunlarimiz nima deydi?

Mavzuga oid