O‘zbekiston | 15:10 / 14.09.2017
61193
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zpaxtasanoat» rahbari tuman hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi

Foto: Kun.uz

«O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori Yashin Sohibovich Xidirov lavozimdan olinib, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumaniga hokim o‘rinbosari etib tayinlandi. U hokimning ijtimoiy-iqtisodiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.

U shuningdek, «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimini tark etgan.

Ayni vaqtda Xidirov hokimga o‘rinbosar bo‘lgani haqidagi ma'lumot Sherobod tumani hokimligi tomonidan tasdiqlanmadi. Bu noaniqlik Yashin Xidirov avvalgi ishidan bo‘shab, qisqa muddatlik ta'tilga chiqqani va yangi lavozimiga hali kirishmagani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Yashin Xidirov 1970 yilda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida tug‘ilgan. 1992 yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 1995 yili Turkiya Ulug‘-tog‘ universitetini tamomlagan.

U turli yillarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Iqtisodiy tahlil departamenti direktori, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki boshqaruvi raisining o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hisob-kitob jamg‘armasi direktori va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirining qishloqda iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2015 yildan buyon «O‘zpaxtasanoat» AJ rahbari edi.

Hozircha uning o‘rniga kim tayinlangani haqida ma'lumot yo‘q.

Mavzuga oid