Jamiyat | 14:30 / 17.09.2017
8115
3 daqiqa o‘qiladi

Yosh olimlar guruhi Orol bo‘yi hududiga 3 kunlik ekspeditsiya uyushtiradi

17-20 sentabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida ilmiy ekspeditsiya o‘tkaziladi. Unda yosh olimlar, gid-ekskursovodlar, fotosuratchilar, blogerlar va jurnalistlar ishtirok etadi. 25 kishidan iborat ekspeditsiya a'zolari 3 kecha-kunduz davomida Orol bo‘yi hududida istiqomat qilib, bugungi kundagi haqiqiy holat bilan yaqindan tanishishadi.   

2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishning samarali yo‘llarini ishlab chiqish, ushbu hududda yuzaga kelgan ekologik muammolarni hal etishning ta'sirchan mexanizmlarini yaratish va amalga oshirish kabi tadbirlar belgilangan. 

Tadbir tashkilotchilari mazkur loyiha orqali Orol fojiasining bugungi kundagi holatiga keng jamoatchilik e'tiborini qaratish, biologiya, geologiya, ekologiya yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqotlar olib borayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va kasbiy qiziqishlarini yanada oshirishga harakat qilishmoqda. Shuningdek, mazkur hududga sayyohlar oqimini, ayniqsa, yoshlar va ekstremal turizm yo‘nalishlarida xorijlik mehmonlarni jalb etishga hissa qo‘shishni rejalashtirishgan. 

Ekspeditsiya davomida ishtirokchilar yosh olimlar (ekolog, medik, geolog, biolog), gid-ekskursiyachilar, yosh jurnalist va blogerlar guruhlariga bo‘lingan holda tegishli vazifalarni amalga oshirishadi. Oxirida har bir guruh tomonidan kelgusida hudud rivoji uchun xizmat qiladigan loyiha yoki mahsulot taqdim etiladi. Misol uchun, gid-ekskursiyachilar guruhi mahalliy va xorijiy sayyohlarga mo‘ljallangan yangi yo‘nalishlar taqdimotini o‘tkazadi. Yosh olimlar, jurnalist va blogerlar guruhi a'zolari esa, 1-guruhga turli reklama va tarqatma materiallari uchun kontent tayyorlashga ko‘maklashadi. Har bir guruhga tajribali mutaxassislar hamrohlik qilishadi.

Loyiha doirasida, shuningdek, Toshkent shahrida ekskursiya natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid