Jahon | 10:50 / 20.09.2017
82371
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘rqinchli Mexiko. Zilzila shaharni vayron qildi

19 sentabr kunining ikkinchi yarmida Meksika janubida kuchli – 7,4 magnitudali zilzila yuz berdi. Zilzila mamlakat poytaxti Mexikoga ham jiddiy ta'sir ko‘rsatdi.

Bu Meksikada keyingi 30 yildan ortiq vaqt ichidagi eng halokatli zilzila bo‘ldi. Oxirgi xabarlarga ko‘ra, tabiiy ofat qurbonlari soni 200 nafardan oshdi.

Internetda tarqalgan videolarda odamlar qimirlashni boshlagan binolarni tashlab qochib chiqishi, binolar xuddi daraxtdek silkinishi, inshootlar yer ostiga kirib ketishini ko‘rish mumkin.

Mamlakatda favqulodda holat joriy etildi. Mexikoda xalqaro aeroport vaqtincha yopildi. Mamlakat prezidenti Enrike Penya Neto Nyu-Yorkda davom etayotgan BMT Bosh assambleyasi yig‘ilishidagi ishtirokini to‘xtatib, zudlik bilan Meksikaga qaytdi. Poytaxtga zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun 3 ming nafar harbiy kiritildi.

Zilzila o‘chog‘i joylashgan Puebla shtati gubernatori Toni Galining ma'lum qilishicha, hududda bir necha binolar jiddiy zararlangan. Hududdagi barcha maktablar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.

Foto: Reuters
Foto: Reuters

Shaharda favqulodda rejim o‘rnatildi. Vayronalar ostidagi odamlarning ovozlarini eshitish uchun shovqin chiqarmaslik so‘ralmoqda. 

Foto: Reuters

Xarobalar ostida qolgan odamlarni qutqarish uchun yuzlab ko‘ngillilar ish boshladi. 

Foto: Reuters

Minglab kishilar binolar qulay boshlagach, ko‘chalarga qochib chiqdi. 

Foto: Reuters

Shaharda 3,5 mln kishi elektr tokidan uzildi, qutqaruvchilar gaz sizib chiqishidan ogohlantirmoqda va chekmaslikni so‘ramoqda.

Foto: Reuters

Bu zilzila 32 yil oldin Meksikani vayron qilgan kuchli zilziladan keyingi eng yirik tabiiy ofat bo‘ldi. O‘shanda 10 ming kishi halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid