O‘zbekiston | 22:40 / 20.09.2017
43091
7 daqiqa o‘qiladi

«Milliy bog‘ – kimningdir qo‘liga o‘tib ketadigan bog‘ emas» - Bosh prokuratura vakili

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 4 sentabrdagi qaroriga ko‘ra, poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i o‘rnida «zamonaviy hamda yuqori texnologiyali madaniyat va istirohat bog‘i» qurilishi rejalashtirilmoqda.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi ijtimoiy tarmoqlardgi foydalanuvchilar orasida ko‘plab muhokama va noroziliklarni keltirib chiqardi. Aholining aksariyat qismi bog‘ uzoq yillik o‘tmishga ega ekani va bu maskan yosh-u qarining birdek sevimli dargohiga aylanganini qayd etib, uning yo‘q bo‘lishiga noroziliklarini bildirishdi.

Xususan, Kun.uz saytida Siyosiy  fanlar doktori va psixologiya fanlari nomzodi, professor Alisher Omonullayevich Fayzullayevning fikrlari nashr qilindi. 

Biroq «tanganing ikkinchi tomoni ham bor» bo‘lganidek, mazkur bog‘ni qaytadan rekonstruksiya qilish loyihasi bejizga ishlab chiqilmagan. Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘ o‘tgan asrning 30-yillarda qurilgan bo‘lib, hozirgi kunda uning ahvoli qoniqarsiz holatga kelgan. Istirohat bog‘idagi attraksionlar o‘rnatilganiga ham yarim asrdan oshgan. Bog‘ ichidagi ko‘l suvi sanitariya-gigiyena holatiga javob bermaydi. Aynan shu masalalarni hisobga olgan holda, davlat va xususiy sektor hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida Milliy bog‘ni qaytadan qurib, zamonaviy ko‘ngilochar bog‘ga aylantirish konsepsiyasiga ishlab chiqilgan. 

Xalqaro Press-klubning 20 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyasida Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Akbar Musayev aynan mazkur loyiha va uning mohiyati haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Foto: Xalqaro press-klub

«Bu yerda qarorning mohiyatini tushunmaslik natijasida juda ko‘p muhokamalar va tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda. Dastavval bir narsaga aniqlik kiritish lozim: Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘ bu kimningdir qo‘liga o‘tib ketadigan yagona bog‘ emas, kompleks majmuadir. U bir necha bog‘lardan iborat bo‘lib, aynan attraksionlar va ko‘l joylashgan hudud xususiy kompaniyaga qayta rekonstruksiya qilish uchun topshirilmoqda. Qarorga muvofiq esa, bog‘ barchaga ochiq bo‘ladi, ya’ni kirish uchun qandaydir talablar bo‘lmaydi. Aholi avvalgidek bog‘ hududida erkin sayr qilishi, dam olishi, atrofni tomosha qilishi mumkin bo‘ladi», degan prokuratura vakili.

Xalqaro Press-klub anjumanlar zalida loyiha investoriga aylangan «Stargate Systems» MChJ vakili Kamola Mirzaliyeva loyihaga bildirilgan e’tirozlarga javob qaytardi.

Foto: Xalqaro press-klub

Loyiha menejyeri bog‘ning qayta qurilishi haqida batafsil ma’lumotlarni berib o‘tdi: «Biz loyihani amalga oshirishdan avval puxta qurilish rejasini ishlab chiqqanmiz. Axir investor bu loyihaga katta mehnat va mablag‘ sarflaydi. Biz ham daraxtlarning kesilishiga, barcha uchun yoqimli xotiralarni yodga soluvchi maskan buzilishiga qarshimiz. Lekin har qanday narsa yillar o‘tib parvarishga, yangilanishga muhtoj bo‘ladi. Misol uchun, siz mobil telefoningizni necha yil tutasiz? Uzog‘i bilan 4-5 yil. Yana yangi qurilma olishga to‘g‘ri keladi. Bugungi kun amaliyotida «ma’nan charchash» degan atama mavjud. Kompaniyamizga xorijdan har yili ko‘plab mehmonlar tashrif buyuradi. Aytingchi, men Milliy bog‘ning qaysi burchagini ularga ko‘rsata olaman? Hattoki, bog‘ ichidagi ko‘l ham tozalik qoidalariga javob bermaydi. U yerda ba’zan bolalarning cho‘milishga guvoh bo‘lamiz. Nahotki, biz bolalarning sog‘lig‘iga, atrof-muhitning tozaligiga befarq qaraymiz? Maqsadimiz - yangi, zamonaviy, aholiga yana o‘sha yoqimli lahzalarni ulashuvchi go‘zal istirohat bog‘ini yaratishdir».

Foto: Stargate Systems
Foto: Stargate Systems
Foto: Stargate Systems

Uning qayd etishicha, bog‘ qurilishiga o‘z taklif va mulohazalarini bildirish istagida bo‘lganlar, kompaniyaga murojaat qilishlari mumkin. Kimningdir aynan shu bog‘ qurilishiga doir muammo  va murojaati bo‘lsa, hal qilinadi.

«Yana bir masala - Delfinariy qurilishi. Ijtimoy tarmoqlarda odamlar shu darajada salbiy munosabat bildirishdiki, ochig‘i bu holat bizni hayratlantirdi. «Jonivorlarga ozor bermang», «Delfinlarni tinch qo‘ying» qabilidagi fikrlar bayon etilgan postlar bizni ranjitdi. Axir, shunday oilalar borki, ularning Dubayga yoki xorijga sayohatga borishga qurbi yetmaydi. Bizning mamlakatimizda ham delfinariy paydo bo‘lishi ko‘plab bolalarning, oilalarning quvonchiga sabab bo‘ladi. Biz delfinlarni O‘zbekistonga qiynash yoki o‘ldirish uchun olib kelmaymiz. Aksincha, odamlar quvonchi, shodligiga o‘z hissamizni qo‘shishni istaymiz. Delfinlarni parvarishlash bilan shug‘ullanuvchi maxsus xodimlar ham jalb qilinadi», deya qayd etdi Kamola Mirzaliyeva. 

Foto: Stargate Systems
Foto: Stargate Systems

U yo‘llardagi tirbandlik oldini olish uchun avtomobillar turargohi bog‘ning ichki qismiga qurilishini ma’lum qildi. Shuningdek, Toshkentning markaziy qismlaridan maxsus avtobus - «shuttle bus» bolalar va ularning ota-onalarini bepul istirohat bog‘iga olib keladi. 

«Loyiha qiymati 60 mln. dollar bo‘lib, yangi bog‘da amfiteatr, rangli favvora, attraksionlar, syorfing bilan shug‘ullanish uchun sun’iy to‘lqinli suv inshooti va hordiq chiqarish uchun boshqa ko‘ngilochar obektlar quriladi. Shuningdek, O‘zbekistonda ilk marotaba kartografik favvora ishga tushadi. U orqali bolajonlar o‘zlari uchun sevimli multfilmlarini favvoraning to‘lqinlarida tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi», deya qo‘shimcha qildi loyiha menejyeri. 

Foto: Stargate Systems
Foto: Stargate Systems
Foto: Stargate Systems

Yangi istirohat bog‘i har kuni 10 ming nafar tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsata oladi. Yangi loyihaning amalga oshirilishi natijasida yuzlab ish o‘rinlari paydo bo‘ladi.

O‘ylaymizki, 2021 yilning boshida foydalanishga topshiriladigan yangi majmua xalqimizga hamisha qadrdon bo‘lgan bog‘ning o‘rnini bosa oladi.

Maqolani tayyorlashga yaqindan ko‘mak bergan Xalqaro Press-klub rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Феруза Авазова
Tayyorlagan Феруза Авазова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid