Jamiyat | 08:25 / 22.09.2017
7735
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda «Hadis ilmi Oliy maktabini tashkil etish»ga doir qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi

Foto: Kun.uz

Din ishlari bo‘yicha Qo‘mita saytida “Hadis ilmi Oliy maktabini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yangi qarori loyihasi qo‘yildi.

Hujjatda ta'kidlanishicha, mustaqillik yillarida barcha sohalarda bo‘lgani kabi, muqaddas islom dinini o‘rganish, ajdodlar merosini qayta tiklash va kelajak avlodlarga yetkazish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Buyuk ajdodlarga munosib vorislarni tayyorlash maqsadida mamlakatimiz diniy ta'lim tizimida ham islohotlar amalga oshirilayotganini ijobiy baholash mumkin.

Movarounnahr zaminidan yetishib chiqqan buyuk muhaddislar Imom Dorimiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abdulloh ibn Muborak, Ibn Hibbon, Xaysam ibn Kulayb Shoshiy, Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad Barokotiy, Ibrohim ibn Ma'qil Nasafiy va Abd ibn Humayd Keshiylar tomonidan katta hadis maktabiga asos solingan bo‘lib, ushbu ilmu ma'rifat va ziyo maskanlari hadis ilmi rivoji hamda dunyo ilm-fan taraqqiyotida o‘chmas iz qoldirgan.
«Hadis ilmining sultoni» maqomini olgan buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning «Al jome' as-sahih» kitobi musulmon dunyosida Qur'oni karimdan keyingi ikkinchi muqaddas manba bo‘lib, islom dini e'tiqodiga ko‘ra, u bashariyat tomonidan bitilgan kitoblarning eng ulug‘i hisoblanadi.

Qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan maqsad, loyihada belgilanishicha, muqaddas islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk vatandoshlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solingan hadis ilmi maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish hamda islom dini asoslari va hadis ilmini mukammal o‘zlashtirgan oliy ma'lumotli yetuk mutaxassis-kadrlarni yetishtirishdir. 

Hadis ilmi Oliy maktabining asosiy vazifalari sifatida quyidagilarni belgilash rejalashtirilgan:

- «Ta'lim to‘g‘risida»gi Qonun hujjatlari va ta'lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy pritsiplariga tayangan holda islom dini sohasida fundamental bilim va tushunchalar, tarixiy va zamonaviy an'analar, innovatsiya texnologiyalarini, dinlar tarixi va nazariyasini chuqur egallagan, islom dini asoslarini, hadis ilmini mukammal o‘zlashtirgan, dunyoga mashhur hadis ulamolari tomonidan bitilgan olti ishonchli hadis to‘plamlarini puxta o‘zlashtirgan, turli oqimlarning yot g‘oyalariga qarshi raddiyalar bera oladigan hamda hadis va hadis ilmi bo‘yicha oliy diniy ma'lumotga ega bo‘lgan yetuk mutaxassis-kadrlarni tayyorlash;

- yoshlarni milliy qadriyatlarimizga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mustaqil dunyoqarashga va fikrlarga ega bo‘lgan ma'naviy boy va har tomonlama barkamol avlodni shakllantirish;

- Qur'oni karim va hadislarning asl mohiyatini, hadis maktabining ilmiy-ma'naviy asoslarini, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy va boshqa yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk muhaddis allomalar merosini har tomonlama o‘rganish va ular asosida ilmiy tadqiqot va tarjima ishlarini olib borish;

- yurtimizda asrlar davomida shakllangan «Ustoz-shogird» an'analarini davom ettirish maqsadida hadis, kalom ilmi, tafsir, fiqh, arab tili fanlari bo‘yicha zamonaviy modul tizimiga asoslangan dars va to‘garaklar tashkil etish va ular faoliyatiga yurtimizda va jahonda ko‘zga ko‘ringan ulamolarni jalb qilish;

- hadis va hadis ilmi bo‘yicha yetuk mutaxassis kadrlar bilan ta'minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqish, kadrlar sohasida xalqaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish.

Bundan tashqari, qaror loyihasida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga Hadis ilmi Oliy maktabi bilan hamkorlikda «Hadis saboqlari» teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar berib borilishini ta'minlash vazifasini yuklash nazarda tutilgan. 

Shuningdek, unda Hadis ilmi Oliy maktabining pedagog-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Imom Buxoriy xalqaro markazi ilmiy xodimlari uchun foydalanishga topshirilgan 10 ta kottejni Hadis ilmi Oliy maktabi xodimlari foydalanishi uchun rasmiylashtirish belgilanmoqda.

Mazkur loyihaga qo‘shimcha va o‘zgartishlar, takliflar kiritishni istaganlar 2017 yil 5 oktabr kuniga qadar [email protected] manziliga yuborish mumkin! Tel.: 239-49-41

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid