O‘zbekiston | 11:40 / 22.09.2017
94435
2 daqiqa o‘qiladi

Video: Shavkat Mirziyoyev Toshkent aeroportida kutib olindi

18-20 sentabr kunlari AQSh safarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 sentabr kuni kechqurun Toshkentga qaytib keldi. «O‘zbekiston24» telekanali prezident mingan samolyot Toshkentdagi xalqaro aeroportga qo‘nishi tasvirlarini namoyish etdi.

Videoda ko‘rish mumkinki, prezidentni aeroportda bosh vazir Abdulla Aripov, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov, Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Rustam Inoyatov, Prezident ijro apparati boshlig‘i Zaynilobiddin Nizomiddinov hamda Toshkent shahri hokimi Rahmonbek Usmonov kutib olishgan.

Shavkat Mirziyoyev AQShga tashrifi davomida BMT Bosh kotibi, Bolgariya prezidenti, Gruziya Bosh vaziri, Jahon Banki prezidenti, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari, Xalqaro valyuta fondi boshqaruvchi direktori bilan uchrashdi.

Davlat rahbari O‘zbekiston-AQSh biznes forumida ishtirok etdi. Tadbir yakunida AQSh kompaniyalari bilan umumiy qiymati 2,6 milliard dollarga teng bo‘lgan yirik hujjatlar to‘plami imzolandi.

Shuningdek, prezident Nyu-Yorkda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan ham uchrashdi hamda yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shmoqchi bo‘lgan yoshlarni O‘zbekistonga taklif etdi.

Mavzuga oid