Hisobotlar evaziga xalq roziligini olib bo‘lmaydi: Bekoboddagi ayanchli manzara
Bekobod tumani mamlakatning tabiati go‘zal, odamlari mehnatsevar, tabiiy boyliklarga ega bebaho go‘shalaridan biri sanaladi. Ta'kidlash joizki, yurtimiz erishayotgan muvaffaqiyatlarda bekobodliklarning ham munosib hissasi bor. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 18 avgust kuni Bekobodga tashrifi chog‘ida alohida to‘xtalgandi.
Biroq bu yerda kamchilik va yechimini kutayotgan muammolar ham talaygina. KUN.UZ’ga yetib kelgan murojaatlardan biri Bekobod tumani, Zafar shaharchasi, Usmon Nosir ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi tomonidan yuborilgan. Unda bayon etilishicha, ko‘p qavatli uylardagi kommunal xizmatlar deyarli yo‘q va bir necha yillardan beri foydalanish uchun yaroqsiz. Shuningdek, unda inson salomatligiga xavf solib turgan birgina umumiy hojatxona muammosi - kanalizatsiyaning nosozligi, undan ko‘tarilayotgan badbo‘y hid va chiqindi suvlarning ko‘chalarga sizib chiqishi, odamlarning majburlikdan qo‘lbola kanalizatsiyadan foydalanishi haqida kuyinib yozilgan.
KUN.UZ mazkur murojaatni o‘rganish maqsadida Bekobod tumaniga yo‘l oldi. Manzilga yetib borib, murojaatdagi manzarani o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Aholi bilan bu haqda batafsil suhbatlashdik.
“30 yildan beri shu yerda yashaymiz va shu muammodan aziyat chekamiz. Ayniqsa, yoz oylarida juda qiynalamiz. Bu borada bir necha yillardan beri hokimiyatga murojaat bilan chiqdik, lekin tayinli bir javob olmadik. Joriy yilning fevral oyida yana bir marta murojaat bilan chiqqanimizda, ular "ko‘rib chiqamiz", deya hokim o‘rinbosariga buyurishdi. Shundan keyin hokimimiz almashdi. Yana murojaat bilan chiqqan edik, ular "avval mahallaga borasiz", deyishdi. Mahallaga borgan edik, ular bizga xat yozib berdi: "chek-kredit qachon ajratilsa, o‘shanda boshqa joyga ko‘chirib beramiz", deb. Hozir uylarda hojatxona ishlamaydi. Portalga ham chiqdik, ular ko‘rib “hokimingizga beramiz, chora ko‘rishadi” deyishdi. Keyin ulardan ham xat oldik, u "aholi rozi bo‘lsa, bironta joy topilsa, o‘sha yerga ko‘chirib beramiz", degan mazmunda yozilgandi. Shu bilan to‘xtab turibdi bu jarayon. Sovuq suvni ham ko‘chadan tashiymiz. Bizning uylarda kanalizatsiya, boshqa narsalar qurilganidan beri yo‘q. Bolalar o‘ynaydigan joylar ham yo‘q. Hozirda bu hojatxonadan 12 uy foydalanadi.
Yangi tayinlangan hokimni-ku mayli, hattoki uchastka inspektorini ham tanimaymiz. Biror uyda sharoit yo‘q, puli borlar o‘zi sharoit qilib olgan, xolos. Shuni ham qo‘yishmayapti. Gaz hech kimnikida yo‘q. Qishda gaz plita bilan uylarni isitamiz. Tomlardan tinmay chakka o‘tadi.
Yo‘lning bo‘yidan uyimiz chiroyli ko‘rinadi, buni Prezidentning kelishi uchun qilishdi. Bundan avval qilinmagan, faqat yo‘lning bo‘yini qilishdi, ichkariga qarashgani ham yo‘q.
Bog‘chaga bola berish ham juda mushkul. Turli hududlardan bolalarni olib kelishadi, lekin o‘zimizning hududdan bolalarni olmaydi. “Ertaga kelinglar, joy yo‘q”, degan bahonalar qilishadi”, - deydi mahalliy aholi vakillari.
Suhbat davomida Bekobod tuman hokimi Otabek Isroilovga qo‘ng‘iroq qildik. U mazkur murojaat bo‘yicha aholi bilan uchrashishini bildirib, kelishini aytdi. Biroq uning o‘rniga tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy–ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Hamid Abdushukurov keldi.
Garchi aholini qiynab kelgan masala ularning vakolatiga kirmasa-da, Abdushukurov murojaatni tingladi. Hatto, o‘sha qo‘rqinchli hojatxona bilan ham tanishdi. Joyida o‘zi uchun kerakli ma'lumotlarni oldi. Biroq mazkur muammolarga yechim topishi bevosita bog‘liq bo‘lgan tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Olim Ergashev masalaning yechimini topishdan ko‘ra, biz bilan kelishib qo‘yishni afzal bildi.
Tuman hokimi bilan ikkinchi bor bog‘langanimizda esa, biz bilan Toshkentda uchrashib, masalaning yechimini topishga va'da berdi. Siz ayni damda ko‘rib turgan tasvirlarga ham bir oydan oshdi. Biroq vaziyat hamon o‘sha – o‘sha... Bekobod tumani, Zafar shaharchasi, Usmon Nosir ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyda yashovchi aholi esa hamon umid qilayapti. Har holda hisobotlar evaziga xalq roziligini olib bo‘lmaydi.
Mavzuga oid
12:43 / 06.09.2024
Bekobodda ish vaqtida vafot etgan “elektroset” xodimi uchun 340 mln so‘m undirib berildi
18:36 / 13.08.2024
Bekobodda 5-qavatdan tushib ketib vafot etgan ayolning eri 9 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
18:01 / 26.06.2024
Bekobodda IIB binosidagi o‘lim holati bo‘yicha bir xodim qamoqqa olindi
19:14 / 21.06.2024