O‘zbekiston | 12:24 / 25.09.2017
13997
4 daqiqa o‘qiladi

LexUz’ga respublika normativ-huquqiy hujjatlarini rasmiy e'lon qilish manbasi maqomi berildi

Foto: LexUz

O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonuniga qo‘shimchalar kiritilishi munosabati bilan 2017 yil 25 sentabrdan Qonun hujjatlari ma'lumotlar milliy bazasiga (LexUz) O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarini rasmiy e'lon qilish manbasi maqomi berildi.

Ma'lumki, LexUz caytida O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, Oliy Majlis palatalari Kengashining hujjatlari, Prezident hujjatlari, Hukumat qarorlari, vazirlik, davlat qo‘mitalari va idoralarining hujjatlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro-huquqiy hujjatlari va boshqalar e'lon qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlarning mohiyati va ma'nosini ijrochilar va aholini huquqiy xabardor etish sifatini yaxshilash maqsadida 2017 yil 8 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorda normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatishning yaxlit tizimi yaratilib, ushbu sohada yangi yondashuvlarni ishlab chiqish, yangi qabul qilinadigan qonunlarni ijro etishning va aholini ulardan xabardor etishning yangi mexanizmlarini joriy etish belgilab qo‘yilgan.

Yangi yondashuvlardan biri bu normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish davomida tayyorlangan axborot-tahlil materiallari bilan tanishish imkoniyatidir. Bu normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka tezkor yetkazish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shuni ta'kidlab o‘tish kerakki, qabul qilingan barcha normativ-huquqiy hujjatlarning matnlari va zarur bo‘lgan taqdirda ularning axborot-tahliliy materiallari Adliya vazirligiga kelib tushgan kundan boshlab bir kun ichida Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida e'lon qilinadi.

O‘tgan davr mobaynida Milliy bazaga hujjatlar “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq rasmiy manbalarda e'lon qilingandan keyin kiritilar va e'lon qilinar edi. Endilikda Adliya vazirlikka kelib tushgach bir kunlik muddatda PDF shaklida LexUz saytida e'lon qilinadi. Bu esa qabul qilingan qonun hujjatini yurtimizning chekka hududlaridagi ijrochilarga va aholiga tez yetib borishiga hamda qonun hujjatini ijrosini o‘z vaqtida ta'minlashga xizmat qiladi.

Ta'kidlash joiz, LexUz – mamlakatdagi normativ-huquqiy hujjatlarni elektron shaklda nashr qiladigan yagona sayt bo‘lib, axborot-huquqiy hujjatlarni aholiga tezkor yetkazib berishga xizmat qiladi. Bundan tashqari saytning normativ-huquqiy hujjatlarning rasmiy matnlari bo‘limida nashr qilingan hujjatlar, nashr qilingan kundan boshlab kuchga kiradi va bu ularni amaliyotda tezkor qo‘llash imkonini beradi.

LexUz saytining yangi imkoniyatlari quyidagicha:

1. Normativ-huquqiy hujjatlarning rasmiy matnlarini nashr qilish uchun maxsus bo‘lim yaratilgan. U yerda hujjatni hamda axborot-tahlil materiallarini PDF-formatda ko‘rib chiqish imkoniyati mavjud.
 
2. LexUz saytining dizayni normativ-huquqiy hujjatlarni qidirish va o‘qishga bo‘lgan zamonaviy yondashuvlar asosida yaxshilandi. Ko‘zi ojiz foydalanuvchilar uchun saytda qo‘shimcha funksiyalar ishlab chiqilib, joriy etiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning matnlarini saytda o‘zbek tilida lotin grafikasi asosida joylashtirish ko‘zda tutilgan.

3. Endilikda LexUz saytini mobil dasturi Android operatsion tizimida ishlaydigan telefonlar uchun xam yangilanadi, hamda IOS operatsion tizimida ishlaydigan telefonlar uchun mobil ilova ishlab chiqiladi.

4. Bundan tashqari, Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali aholini qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar bilan avtomatik ravishda xabardor etish mexanizmlari ishlab chiqildi.

Ushbu yangi imkoniyatlarning barchasi foydalanuvchilarga normativ-huquqiy hujjatlarni izlashda va ular bilan tanishishda qulaylik yaratadi, vaqtni tejaydi.

Mavzuga oid