Jahon | 15:59 / 25.09.2017
9871
4 daqiqa o‘qiladi

Merkel IV. Nemis xalqi yangi hukumatdan nimalarni kutmoqda?

Foto: Getty Images

Kuni kecha e'lon qilingan saylovning ilk natijalariga ko‘ra, Germaniyada yana Angela Merkel g‘alaba qozonmoqda. Shunga qaramay, yakka o‘zi hukumatni tuzish uchun yetarlicha ovoz to‘play olmayapti. Boz ustiga, endi Merkel avvalgiday ishlay olmaydi. Boisi - Allensbax ijtimoiy tadqiqotlar instituti o‘tkazgan so‘rovnomada ayon bo‘lishicha, nemislar tuzilajak hukumatdan nimalar kutish mumkinligini aniq bilishadi. Kantsler xonim bu safar barchasining uddasidan chiqarmikan?

SDP nomzodi Martin Shultsga poytaxt aholisining aksariyati g‘olib sifatida qaragandi. Geydelbergdagi Universitet maydonida xalq bilan muloqot qilishi kutilgan Martin, garchi mag‘lublar qatorida ko‘rilgan bo‘lsa ham, saylovchilarning hurmatiga ega. Nemis xalqi seshanba kuni to‘rtinchi davrda ham Merkelni ko‘rishni istamayotgani turli nutq va munosabatlarda o‘z aksini topmoqda. Shunga qaramay, federal saylov natijasiga ko‘ra, Merkel boshqaruvda qoladi. Haqiqiy o‘ylantiradigan savol esa - nemislar "Merkel IV"dan nimani kutishmoqda va real hayotda nimalarga umid qilish mumkin?!

Kelgusi to‘rt yillik faoliyati davomida Angela Merkelning oldida ikki tanlov qolmoqda: so‘nggi boshqaruv davrida mamlakatni Helmut Kol modelidan foydalangan holda jadal rivojlantirish, yo Gerhard Shryoder modelidan foydalangan holda, 2021 yil iste'foga chiqish arafasida o‘zidan keyingi kanslerga katta «sakrash» tajribasini qoldirish.

Gap Yevropa Ittifoqining kelajagi haqida ketganda, nemislarning faqat 16 foizigina Bryusselning qo‘shimcha vakolatlarga ega bo‘lishini yoqlaydi. Bu borada ular ancha konservatorlar kabi fikrlashini ko‘rsatib, 37 foiz xalq vakillari Yevropa hududida joylashgan milliy davlatlar o‘z vakolat doirasini qaytarishini so‘ragan. Bu bilan milliy davlatchilik mustaqilligini tom ma'noda saqlab qolib, Yevropa integratsiyasini davom ettirish kerak, deb o‘ylashadi. Allensbax instituti rahbari Renat Kyoxerning aytishicha, Germaniya fuqarolari mintaqada yagona ijtimoiy himoya dasturini ishga tushirish loyihasiga shubha bilan qaramoqda, shuningdek, o‘z byudjyetini mustaqil taqsimlashni xohlaydi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron yevrohududda yagona Moliya vazirligini tashkil etishni taklif qilayotgan bir paytda, Ittifoq byudjyetini unifikatsiyalash nemislarga yoqmay turgani aniq. Qiziqarli jihati, 39 foiz nemis xalqi kanslerning Makron yetakchiligidagi Fransiya bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirishidan umidvor ekanini yashirmagan. Xalqning 22 foizi tashqi siyosatda Rossiya bilan masofa saqlashni to‘g‘ri deb bilsa, yana 35 foizi AQShdan uzoqroq bo‘lishni ma'qullagan.

Yangi davr mobaynida kansler xonim NATO xarajatlariga ajratadigan mablag‘larni mamlakat YaIMning 2 foizidan tushirib yubormaslik majburiyatini olishi turgan gap. Biroq aksariyat fuqarolar harbiy xarajatlar YaIMning 1,2 foizidan ortib ketishini qoralashadi. Shuningdek, muhojirlarni qabul qilish bo‘yicha xalq va hukumat yondashuvi nomuvofiqligicha qolmoqda.

Barcha istiqboldagi rejalar seshanba kuni Universitet maydonida oydinlashib, Germaniya qaysi oqim sari suzib borishi ma'lum bo‘ladi.

Mavzuga oid