Jamiyat | 19:17 / 25.09.2017
8070
3 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon Madaniyat markazi shoir Usmon Qo‘chqor vafoti munosabati bilan ta'ziya bildirdi

Foto: Ijod.uz

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarboyjon Madaniyat markazi rahbariyati shoir va tarjimon Usmon Qo‘chqorning vafoti munosabati bilan marhumning oilasi va yaqinlariga o‘z hamdardligini bildiradi. 

"O‘zbek va Ozarboyjon adabiyoti og‘ir judolikka uchradi. Mashhur noshir, shoir, olim, Ozarboyjon adabiyotini o‘zbek tiliga o‘girgan tarjimon Usmon Qo‘chqor hayotdan ko‘z yumdi. 

Usmon Qo‘chqor 65 yoshda hayot bilan vidolashdi. U uzoq yillar Ozarboyjon adabiyoti namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilib kelgan.


Ozarboyjon xalq yozuvchisi Yusif Samido‘g‘lining "Qatl kuni", Anorning "Besh qavatli uyning oltinchi qavati", "Men, sen, u va telefon" romanlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Shuningdek Ozarboyjon xalq shoiri Sobir Rustamxonlining "Tangri", Yunus O‘g‘uzning "Amir Temur", "Shoxning ayoli va jodugar", "Sulton Alp Arslon" romanlari hamda Elchin Efendiyevning "Tanlangan asarlar"i o‘zbek xonadonlariga Usmon Qo‘chqor tarjimalari orqali kirib borgan.

Bundan tashqari, o‘tgan yili nashrdan chiqqan "Zamonaviy Ozarboyjon she'riyati antologiyasi" kitobining tarjimonlaridan biri ham Usmon Qo‘chqor bo‘lgan. U Jalil Mamedguluzade va Husayn Javidning tanlangan asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Ozarboyjon Madaniyat Markazi loyihasiga ko‘ra “Wikipedia.orq” xalqaro elektron ensiklopediyasidagi Ozarboyjon haqidagi maqolalarning tarjimonlaridan biri ham Usmon Qo‘chqor bo‘lgan. 

  Haydar Aliyev nomli Ozarboyjon Madaniyat markazi rahbariyati Usmon Qo‘chqorning vafoti munosabati bilan marhumning oilasi va yaqinlariga o‘z hamdardligini bildiradi. Usmon Qo‘chqor insonlar xotirasida mangu muhrlanib qoladi", - deyiladi ta'ziya maktubida. 

21 sentabr kuni KUN.UZ'da taniqli shoir va tarjimon Usmon Qo‘chqor vafot etgani haqida xabar berilgan edi.  

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid