Jamiyat | 12:18 / 25.09.2017
22982
4 daqiqa o‘qiladi

Marg‘ilonda sayyor sud bo‘lib o‘tdi

Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan "Qoradori 2017" tadbirida “Yoyilma” MFY To‘ralar ko‘chasida istiqomat qiluvchi R.A. xonadonida giyohvand modda o‘stirib kelinayotgani aniqlangandi. Holat bo‘yicha o‘tkazilgan surishtiruvlardan so‘ng mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi tomonidan o‘tkazilgan sayyor sudda ko‘rib chiqildi. 

Sayyor sudda ushbu xolat mahalladoshlar ishtirokida adolatli qonunlar qamrovida muhokama qilinar ekan, inson omili, sog‘lom muhit barqarorligi birinchi pog‘onaga qo‘yildi. R.A. o‘zining xatti-harakatlarini turmush tashvishlari bilan bog‘lamoqda. Tashvishlari esa giyohvandlik vositalarini iste'mol qilishga yetaklaganmish. Shuning uchun o‘z tomorqasida zahri qotilni yetishtirayotgan ekan. 

Giyohvand modda iste'mol qilib, kim hayotda ro‘shnolik ko‘ribdi? Sayyor sud ishtirokchilari ushbu savolga hech kim va hech qachon, degan javobni aytishdi. R.A. ham o‘z qilmishi oqibati og‘irligini tushunib yetdi. Mahalladoshlar bu oilaning o‘ziga yarasha o‘rni borligini e'tirof etishmoqda. R.A. esa hayot sinovlari oldida bir qadar sabrsizlik qilib, yaxshidan yomonni farqlashda adashganlardan. Sayyor sudda qo‘ni-qo‘shnilar, yaqin-atrofdagilar tomonidan R.A.ning to‘g‘ri yo‘lga qaytish imkoni borligi, sog‘lom muhitda yashashiga yordamlashishlari haqida bildirgan fikrlari inobatga olindi.       

Mamlakat qonunlari odamlar hayotda munosib o‘rin egallashlari, odamdayin umr kechirishlarini ta'minlashga asoslangan. Mazkur ishni ko‘rib chiqishda ham jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudining sudyasi Mansur Ibragimov tomonidan inson omiliga oliy sifat darajada qaraldi. Ilk bor giyohvandlik ko‘chasiga qo‘yilgan qadam ko‘pchilik yordamiga qaytarildi.  

Sayyor sud jarayonida firibgarlik holati bilan bog‘liq ish ham ko‘rib chiqildi. Firibgarlikni niqob qilganlar aksariyat holatlarda xorijga borib, pul topish payidan bo‘lganlarni o‘z tuzoqlariga ilintirishmoqda. M.O‘. ham ana shunday aldovlarga ishonib qolganlardan. Voqea M.O‘. 2016 yilning iyul oyida M.A.ni uchratib qolganida boshlangan. Sud materiallarida bayon qilinishicha, M.O‘. M.A.ga xorijda ishlash  niyati borligini aytadi. M.A. Davlatyor ismli tanishi borligini, 6700 dollar bersa,  Janubiy Koreyaga borishiga yordam ko‘rsatishi mumkinligini bildiradi. M.A. o‘g‘lini ham shu yigit orqali Koreyaga yuborganini eshitganidan keyin esa o‘z harakatlarini qonuniy amalga oshirish mumkinligini ham unutib qo‘ygandi. 

3 oydan so‘ng jo‘nab ketishi va'da qilingan M.O‘. oradan 5 oy o‘tib ham javob kelmagach, bir necha bora M.A.ning xonadoniga boradi. Biroq, olinadigan javob  biroz sabr qilib turishdan iborat bo‘ladi xolos. Janubiy Koreya safariga borish masalasida aldanganiga ishongan ayol mana endi masalaga qonuniy yechim topishni ma'qul ko‘rib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga  murojat qilgan. 

Sayyor sudda 6700 dollarni egasiga qaytarish uchun M.A.ga 15 kun muhlat  berildi. Mablag‘ shu muddat ichida qaytarilishi lozim. 5 oktabr kuni esa jinoyat ishi bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi qaror ijrosiga yana qaytadi.    

Suratlar: Ahror Ziyo

Mavzuga oid