O‘zbekiston | 10:44 / 26.09.2017
22759
4 daqiqa o‘qiladi

25 yildan beri toza ichimlik suvi tanqisligidan aziyat chekayotgan mahalla

KUN.UZ tahririyati Bekobod tumanida aholi murojaatlarini o‘rgandi. Ma'lumki, suv - hayot manbai. Insoniyat uchun kundalik birlamchi ehtiyoj hisoblangan toza ichimlik suvi dunyo hamjamiyati oldidagi global muammodir. Mamlakatimizda ham mazkur muammo dolzarbligicha qolmoqda. Faqat bizda ayrim mutasaddilarning ma'suliyatsizligi, o‘z vazifasiga sovuqqonligi sababli. 

Gap shundaki, Bekobod tumani 6-bo‘lim Terakzor mahallasi aholisi mana necha yildirki, suv muammosi bilan kurashib keladi. Aslida, muammoning yechimi mahallada foydalanilmay kelayotgan suv minorasini ishga tushirish bilan hal etiladi. Ammo yechimga qadar bir qancha to‘siqlar bor. 

«Mahallamizda 25 yildan beri toza ichimlik suvi tanqisligi bor. Boshqa, uzoq joylardan kanistrlarda olib kelib ichamiz. Qancha murojaat bilan chiqdik, o‘zimiz ham harakat qildik, lekin ish chala qolib ketdi. Viloyat hokimligidan kelib, tuman hokimiyatiga topshiriq bergan. Yillar o‘tib ketayapti. Suv chiqaradigan nasosga transformator o‘rnatilganiga 5-6 yil bo‘ldi, elektr simlari tortib kelingan, biroq ustunlarning davomi qo‘yilmagan. Bu o‘shanda homiylarning yordami bilan davlat tomonidan qilingan, lekin oxiriga yetkazilmagan. Suv minorasini oxirigacha yetkazishga mablag‘ yetmagandir, bilmaymiz. Xullas, chala qolgan», - deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.

Suv minorasi ishlamasligiga aloqador bo‘lgan aybdorlar qonun doirasida ertami-kechmi jazolanar. Biroq mahalla ahliga aybdorlar jazolanishidan ko‘ra, suv minorasi ishga tushishi muhim. Suhbatimiz yakunida mahalla raisi yetib keldi va bu xaqda o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. 

«Metallzavodda bir firma bor edi, uning hujjatlarini to‘plab sudga ham olib bordik. Firma bankrot bo‘lib ketgani uchun sudlar ko‘rmadi. Bu zavodning homiyligi asosida bo‘lgandi. Lekin o‘sha firma ishni oxiriga yetkazmay, tashlab ketgan. Bu ishni hashar yo‘li bilan qilish mushkul, sababi katta mablag‘ talab qiladi. Transformator 250-300 million so‘m atrofida turar ekan. Suv minorasi yaroqli, unga faqat transformatorni ulasa bo‘ldi. Ish to‘xtab qolganiga 8 yil bo‘ldi», - deydi mahalla raisi Furqat Safarov.

Ortga qaytar vaqtimiz mahallaning keksa onaxonlari ham o‘z dardu hasratini izhor etdi.

Xullas, bu mahallada murojaatlar talaygina. Ularning yechimi esa mutasaddilarning tashabbusi va g‘ayratida. Biroq murojaat manziliga yetib kelgan Bekobod tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Olim Ergashev murojaatlarni tinglashga toqat qilolmadi chog‘i.

Xalqni rozi qilish - bugun har bir rahbarning maqsadiga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Umid qilamizki, mazkur murojaatlar yechimini Bekobod tuman hokimligi qisqa muddatda ijobiy hal etadi.

Mavzuga oid