Ashxobod–2017: Musobaqaning o‘ninchi kunida sportchilarimiz 11 ta medalni qo‘lga kiritishdi
Ashxobodda o‘tayotgan Yopiq inshootlarda va jang san'ati bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarining kecha bo‘lib o‘tgan 10-musobaqa kunida ham vakillarimiz medallar uchun kurashishdi.
Kunning eng e'tiborli voqeasi — sambo sport turida 100 kilogrammdan ortiq vaznda finalga chiqqan va raqibini hakamlar hay'atining dastlabki xulosasiga ko‘ra mag‘lub etib, oltin medalga sazovor deb topilgan Olim Xudoyqulovga mezbon mutasaddilarning hakamlar hay'atiga bosimi tufayli oltin medali bekor qilinib, unga mag‘lubiyat yozilgani bo‘ldi. Oltin medal esa turkmanistonlik Zafar Madaminovga olib berildi. O.Xudoyqulovga kumush medal berildi.
Tennisda yakkalik bahslari bo‘yicha yarim finalda Sanjar Fayziyev hindistonlik Natarjan Vijayga mag‘lub bo‘lib bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Kikboksing poyn fayting (69 kg) vaznda Humoyun Farmonov yarim finalda iroqlik Haydar al-Asqariyga yengilib, bronzaga ega chiqdi. Jahongir Husanov (79 kg) yarim finalda turkmanistonlik Shatlik Allakovni yengib, finalga yo‘l oldi. Javohir Eliboyev (81 kg) lou kikda suriyalik Voil as-Sayyidni yengib, finalga chiqdi.
Samboda O.Xudoyqulov 100 kg vaznda kumush olganini aytib o‘tdik. Irina Kulakova (64 kg) va Ulug‘bek Hakimov (62 kg) bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
Suzish musobaqasida Aleksey Tarasenko 100 m erkin usulda suzish finalida marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi — bronza.
Og‘ir atletikadan 105 kg vaznli Rustam Jangabayev 442 kg natijani ko‘rsatib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Erkin kurashchilarimiz ham bir necha medallarni qo‘lga kiritishdi. Jumladan, Davit Modzmanashvili 125 kg vaznda finalda xitoylik sportchini 8:0 hisobida yengib, shohsupaning eng yuqorisini zabt etgan bo‘lsa, 86 kg vaznda Umid Ismanov finalda eronlik Izzatulloh Akbarizarinkuloiyga imkoniyatni boy berib kumush medalga ega chiqdi. 70 kg vaznda Ixtiyor Navro‘zov va ayollardan 53 kg vaznda Sevara Eshmurodova bronza medalini qo‘lga kiritishdi.
Shunday qilib, 10-musobaqa kuni davomida sportchilarimiz jami 11 ta medal — 2 ta oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza medallarini jamoamiz hisobiga yozib qo‘yishdi. O‘zbekistonlik sportchilar 10-musobaqa kunidan so‘ng 23 ta oltin, 30 ta kumush va 64 ta bronza — jami 117 ta medal to‘plab, medallar sifati bo‘yicha 4-o‘rinda, soni bo‘yicha 2-o‘rinda borishmoqda.
Birinchi o‘rinda Turkmaniston (85+65+79=229), ikkinchi o‘rinda Xitoy (34+24+20=78), uchinchi o‘rinda esa Eron (26+18+58=102) sportchilari borishmoqda.