Jamiyat | 10:29 / 26.09.2017
36256
2 daqiqa o‘qiladi

Mehnat ta'tili vaqtida kasallik varaqasi ochtirish mumkinmi?

SAVOL: Mehnat ta'tilidagi xodim muayyan vaqtga kasalligi tufayli ta'til davrida kasallik varaqasi ochdirdi, oylik ish haqi qanday hisoblanadi?

Abduzuhur Uskanov

JAVOB: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 145-moddasida  ta'tilni uzaytirish yoki uni boshqa muddatga ko‘chirish berilgan bo‘lib, mazkur moddaga ko‘ra xodim vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida ta'tilni uzaytirish yoki boshqa muddatga ko‘chirish huquqiga egadir.

Bunda ta'tildan foydalanishga to‘sqinlik qiluvchi sabablar ta'til boshlangunga qadar kelib chiqqan bo‘lsa, xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan ta'tildan foydalanishning yangi muddati belgilanishi hamda bunday sabablar ta'til davrida kelib chiqqan hollarda ta'til tegishli kunlar soniga uzaytirilishi yoki xodim bilan ish beruvchining kelishuviga binoan ta'tilning foydalanilmay qolgan qismi boshqa muddatga ko‘chirilishi mumkin.

Xodim ta'tildan foydalanishga to‘sqinlik qiluvchi sabablar to‘g‘risida ish beruvchini xabardor qilishi shart.

Agar xodim belgilangan muddatda ta'tilning boshlanish vaqti to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilinmagan yoki unga ta'til boshlangunga qadar ta'til vaqti uchun haq to‘lanmagan bo‘lsa, ta'til xodimning arizasiga muvofiq boshqa vaqtga ko‘chiriladi.

Savolga huquqshunos Foziljon XATAMQULOV javob berdi.

Eslatma: «Yuridik xizmat minbari»da savollarga berilayotgan javoblar tavsiyaviy xarakterga ega.

Mavzuga oid