O‘zbekiston | 15:45 / 28.09.2017
17141
2 daqiqa o‘qiladi

OTB 2017 yilda O‘zbekistonda YaIM o‘sishi prognozini pasaytirdi

Foto: Getty Images

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) 2017 yilga mo‘ljallangan O‘zbekistonda YaIM o‘sishi prognozini 0,2 foiz punktiga - 6,8 foizga tushirdi. Bu haqda bankning «Osiyo rivojlanishining yangilangan tahlili - 2017» sharhida xabar berilgan.

Bankning prognozlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2018 yilda 7,3 foizga o‘sadi. Prognoz 0,2 foiz punktiga yaxshilandi.

Bank mutaxassislari ta'kidlashlaricha, O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi biroz zaifroq bo‘ladi, chunki iqtisodiyot so‘mning devalvatsiyasi va valyuta siyosatini erkinlashtirishga moslashmoqda. OTB mutaxassislarining qo‘shimcha qilishlaricha, ushbu islohotlar 2018 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishiga olib keladi.

Shu bilan birga, OTB O‘zbekistonda 2017 yilda inflyatsiya darajasi bo‘yicha o‘z prognozini 9,5% dan 11% ga va 2018 yilda esa 10% dan 12% gacha ko‘targan. Bankning ta'kidlashicha, 2017 va 2018 yillarda narxlarning ko‘tarilishi milliy valyuta kursining devalvatsiyasi bilan bog‘liq. 

OTB ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda joriy amaliyotlar hisobi qoldig‘i 2017 yilda YaIMdan 0,1 foizlik darajada (OTBning aprel prognozi – YaIMdan 0,2%) va 2018 yilda 0,5 foizlik (0,4%) darajada bo‘ladi.

Hisobotda ta'kidlanishicha, O‘zbekistonning davlat qarzi YaIMdan 15,1 foizni tashkil etadi.

«Osiyo taraqqiyoti tahlili» va «Osiyo taraqqiyotinining yangilangan tahlili» - bu OTBning  asosiy iqtisodiy nashrlari bo‘lib, Osiyo va Tinch okean mintaqasidagi mamlakatlar uchun iqtisodiyot holati tahlili va prognozlarni o‘z ichiga olgan.

Mavzuga oid