Jahon | 19:30 / 02.10.2017
10367
2 daqiqa o‘qiladi

Las-Vegasdagi xunrezlikdan keyin shifoxonaga olib borilganlar soni 400 nafardan oshdi

© REUTERS / Las Vegas Sun/Steve Marcus

Nevada shtatining Las-Vegas shahrida 2 oktabrga o‘tar kechasi sodir etilgan otishmadan keyin shahardagi shifoxonalarga o‘qotar quroldan jarohat olgan holda olib kelingan kishilar soni 400 nafardan ortiqni tashkil qilmoqda. Bu haqda mahalliy politsiya bayonotida ma'lum qilindi.

«Klark o‘t o‘chirish xizmati boshqarmasi baholariga ko‘ra, yakshanba oqshomidagi otishmadan keyin shifoxonalarga 406 kishi olib kelingan, 50 kishi halok bo‘lgan», deyiladi xabarda.

Halok bo‘lganlar orasida politsiyachilar ham bor. Yana ikki politsiyachi jarohatlangan.

Hodisa yakshanba oqshomida Las-Vegasdagi aeroport va Mandalay Bay kazinosi o‘rtasida joylashgan hududda o‘tkazilayotgan musiqa festivali vaqtida ro‘y berdi.

Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, otishma Las-Vegas chekkasida istiqomat qiluvchi oq tanli 64 yoshli erkak — Stiven Peddok tomonidan uyushtirilgan. Ko‘p o‘tmasdan voqea joyidan uning jasadi topildi.

U 32 qavatli mehmonxona balkonidan turib pastdagi minglab kishilar ustiga o‘q yog‘dirgan.

Mavzuga oid