Navoiy viloyatida biznes 2028 yilgacha soliqlardan ozod qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 sentabrdagi PQ-3301 qarori bilan 2017–2019 yillarda Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlari va Zarafshon shahrida kafolatlangan ish o‘rinlari yaratish va yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi qabul qilindi.
Ko‘rsatib o‘tilgan tumanlarda yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratish, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohalarini, shuningdek xizmat ko‘rsatish va ekoturizm sohasini rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Alohida hududlarning band bo‘lmagan aholisi hunar va boshqa kasblarga o‘rgatiladi, ularning malakasi oshiriladi.
Maxsus fond tashkil etildi
Chora-tadbirlar dasturini moliyalashtirish uchun Navoiy viloyat hokimligida maxsus fond tuziladi va u quyidagilar hisobiga shakllantiriladi:
- «Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati» DKning har yili ajratadigan mablag‘lari hisobiga;
- xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari) hisobiga;
- yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya mablag‘lari evaziga;
- taqiqlanmagan boshqa moliyalashtirish manbalari hisobiga.
Imtiyozlar taqdim etilmoqda
2017 yilning 1 oktabridan 2028 yilning 1 oktabriga qadar Tomdi, Uchquduq, Konimex tumanlari, Nurota tumanining Duhibaland, Sentob, Temirqovuq, Qizilcha, G‘um va Chuya aholi punktlari hamda Zarafshon shahri quyidagilardan ozod qilinadi:
- sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasida (savdo va avtomobillarga gaz qo‘yish xizmatidan tashqari) yangi tuzilgan tadbirkorlik sub'yektlari davlat maqsadli fondlariga barcha turdagi soliqlar va majburiy to‘lovlardan;
- chorvachilik va tuyalik mahsulotlarini qayta ishlash sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlik sub'yektlari — yagona ijtimoiy to‘lovlardan:
- ushbu hududlarda ro‘yxatga olingan va faoliyat ko‘rsatayotgan xususiy tadbirkorlar — belgilab qo‘yilgan soliqlardan;
- ushbu hududlarda ro‘yxatga olingan va faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslar olgan dividendidan foyda (daromad) solig‘idan.
Joriy yilning 1 oktabridan e'tiboran Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlari va Zarafshon shahrida joylashgan maktabgacha ta'lim muassasalari, «Barkamol avlod» markazlari, musiqa va san'at maktablarida bolalarni o‘qitish uchun ota-onalar tomonidan to‘lanadigan to‘lov umumqabul qilingan to‘lovning 50 foizi miqdorida belgilanadi.
Shu kundan e'tiboran sanab o‘tilgan tumanlar va shaharda ishlatilmayotgan va bo‘sh yotgan davlat obektlari tadbirkorlik sub'yektlari yangi ish o‘rni ochish sharti bilan 10 yilgacha muddatga «nol» qiymatda ijaraga beriladi.
Chorvachilik majmualari va tikuvchilik ishlab chiqarish korxonalari tuziladi
Tomdi tumanidagi chorvachilik majmualari 1,5 ming bosh tuya va 10 ming bosh qo‘yga mo‘ljallanadi. Bundan tashqari, tikuvchilik va trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish tashkillashtiriladi. NKMK 1000 nafar mahalliy aholi vakillari ish bilan ta'minlanishini qamrab olish maqsadida tikuv mashinalari xarid qiladi.
Hujjat Qonunchilik milliy bazasida rasman e'lon qilingan va 2017 yil 30 sentabrdan kuchga kirgan.
Oleg Zamanov,
Norma.uz eksperti
Mavzuga oid
13:31 / 22.11.2024
Buxoro va Navoiyda saksovullarni sindirganlarga 43 mln so‘m jarima belgilandi
14:11 / 11.11.2024
Navoiyda Nexia va Exeed to‘qnashishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
12:32 / 06.11.2024
Misr Navoiydagi mis konida burg‘ilash ishlarini boshladi
16:28 / 01.11.2024