Jahon | 12:30 / 04.10.2017
45360
2 daqiqa o‘qiladi

IShID rossiyalik asirlarni namoyish etdi, Rossiya Mudofaa vazirligi ularni tan olmadi

Foto: Twitter / @AlqalaamVID

IShID terrorchilik tashkilotiga aloqador Amaq axborot agentligi ikki erkak ishtirokidagi videoyozuvni namoyish etdi. Ulardan biri jangarilarga asir tushgan rus harbiysi ekanini ma'lum qilgan. Bu kishilar Dayr az-Zavr uchun janglarda asir olingan  rossiyalik harbiylar ekani aytildi.

O‘zini Roman Vasilevich Zabolotniy deb atagan shaxs 1979 yili Rostov viloyatini Aksay tumani Rassvet qishlog‘ida tug‘ilib o‘sganini ma'lum qilgan. U yonidagi sherigi 1978 yili Moskva viloyatining Domodedovo tumanida tug‘ilgan Grigoriy Mixaylovich Surkanov ekani aytadi.

U IShID jangarilari Shoulga hujum qilganida asir tushganini tasdiqlagan.

Rossiya mudofaa vazirligi esa bu ikki kishi rossiyalik harbiylar emasligini ma'lum qildi.

«Dayr az-Zavrda ham, Suriyaning boshqa hududlarida ham Rossiya Federatsiyasi harbiylari asir tushishi bo‘yicha holat qayd etilmagan. RF Qurolli kuchlarining Suriya arab respublikasidagi barcha harbiy xizmatchilari tirik, sog‘ va o‘z vazifasini bajarishda davom etmoqda», deyilgan bayonotda.

28 sentabr kuni Amaq bir rossiyalik harbiy o‘ldirilgani haqida ma'lum qilgan, bu ma'lumot ham Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan inkor etilgandi.

Rossiya Suriyada rasman 38 nafar harbiy yo‘qotgani haqida ma'lum qilgan. Oxirgi yo‘qotish general-leytenant Valeriy Asapov bo‘lgandi, u 24 sentabr kuni Dayr az-Zavrda jangarilarning minomyot zarbasi oqibatida halok bo‘lgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid