O‘zbekiston | 20:35 / 04.10.2017
12596
2 daqiqa o‘qiladi

«Qizilqumsement» AJ samarqandlik tadbirkorning shikoyat xatiga raddiya berdi

Saytimizda 2017 yil 20 sentabr kuni «Samarqandlik tadbirkor: «Viloyatdagi mutasaddilar tufayli korxonam 552 million so‘m zarar ko‘rdi» sarlavhasi ostida «Past Darg‘om sifat qurilish» xususiy ixtisoslashtirilgan ta'mirlash qurilish korxonasi rahbari Elmuratov Xaytmurat Allamuradovichning shikoyat xati e'lon qilingan edi.

«Maqolada Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari O.Ochilov, Injiniring kompaniyasi va «Qizilqumsement» AJ mutasaddi rahbarlari o‘zaro kelishib, 1526 tonna sementni 2014 yil fondini boshqalarga berib yuborganlari haqida ma'lum qilingan.

Biroq shikoyat xatining ushbu qismi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki «Qizilqumsement» AJ Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari O.Ochilov yoki Injiniring kompaniyasi rahbarlari bilan 1526 tonna sementni boshqalarga berib yuborish to‘g‘risida kelishishmagan. Aksincha, «Qizilqumsement» AJ sement mahsulotini viloyat hokimligi tomonidan unga taqdim etilgan taqsimot hamda tuzilgan shartnomalar asosida pudrat tashkilotlarga yetkazib bergan», deyiladi tahririyatimizga «Qizilqumsement» AJ bosh direktori B.Botirov tomonidan yo‘llangan xatda.

Xatga qo‘shimcha ravishda «Past Darg‘om sifat qurilish» xususiy ixtisoslashtirilgan ta'mirlash qurilish korxonasi bilan 700 tonna sement yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma nusxasi, Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari O.Ochilovning «Kamolot» uylari qurayotgan tashkilotlarga sement ajratish, «Past Darg‘om sifat qurilish» XITQK rahbari Sh.Elmuratovning 700 tonna sement ajratish haqidagi xatlari ilova qilingan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid