Jahon | 23:08 / 04.10.2017
17591
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni qiroli Rossiyaga amaliy tashrif bilan keldi

Foto: TASS

Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz Ol Saud 4 oktabrda Rossiyaga davlat tashrifi bilan keldi. Qirolning samolyoti "Vnukovo-2" aeroportiga qo‘ngan. 

Rossiya prezidenti topshirig‘iga ko‘ra, qirolni Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Dmitriy Rogozin, prezidentning Yaqin Sharq va Afrika davlatlari bo‘yicha maxsus vakili, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov va Saudiya Arabistonining Moskvadagi elchisi Abdurahmon ar-Rossiy kutib olganlar.

Ol Saudning Rossiyaga tashrifining ilk kuni 5 oktabrda uning Vladimir Putin bilan muzokaralar olib borishi belgilangan. Yetakchilar savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha birgalikdagi qadamlarni ko‘rib chiqishadi. Shuningdek, energetika, infratuzilmaviy qurilish, yuqori texnologiyalar sohasi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida qo‘shma hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Foto: RIA "Novosti"

6 oktabrda qirol Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev bilan uchrashadi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Ol Saudning tashrifi Yaqin Sharqdagi vaziyatning barqarorlashishiga yordam beradi.  

Saudiya qirolining tashrifi davomida investitsion forum bo‘lib o‘tadi. Unda 200 dan ko‘proq kompaniya ishtirok etadi. 

Bundan tashqari, Moskvada 2-8 oktabr kunlari Saudiya Arabistoni madaniyat haftaligi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirlar dasturi ko‘rgazma, saudiya filmlarining namoyishi, milliy ansambl chiqishi hamda milliy taomlar taqdimotini o‘z ichiga olgan. 

Mavzuga oid