Jahon | 15:10 / 05.10.2017
43588
2 daqiqa o‘qiladi

General-polkovnik: IShID O‘rta Osiyoga terrorizmning yangi modelini eksport qilmoqda

Foto: AFP/Noorullah Shirzada

IShID terrorchilik guruhi O‘rta Osiyoga mintaqaning siyosiy va madaniy holatiga moslashtirilgan ekstremizmning yangi modelini kiritmoqda. Bu haqda MDH ishtirokchi davlatlari Terrorchilikka qarshi markazi (TQM) rahbari, general-polkovnik Andrey Novikov "RIA Novosti"ga bergan intervyusida ma'lum qildi.

"Jangovar harakatlar zonasidan Markaziy Osiyo mamlakatlariga ekstremizmning yangi modeli eksport qilinmoqda. U ishtirokchilarining o‘ziga xos ko‘p millatli tarkibi uchun moslashtirilgan, texnologik va taktik jihatdan modernizatsiya qilingan", - degan general-polkovnik IShID Suriya va Iroqdagi harbiy muvaffaqiyatsizliklar fonida mintaqaga qanday kirib kelayotgani haqida gapirib.

Agentlik suhbatdoshining ta'kidlashicha, O‘rta Osiyoda IShIDning tarqalishi turkiy xalqlarning o‘zini o‘zi identifikatsiya qilishi, an'anaviy turmush tarzini o‘zgartirish va mintaqadagi geosiyosiy raqobat kabi murakkab hodisalar fonida yuz bermoqda.

Bundan tashqari, Novikovning ma'lum qilishicha, o‘rta muddatli davrda IShIDning Afg‘onistondagi strategik vazifasi kuchlarni mamlakat shimoliga, O‘rta Osiyo davlatlari va Xitoy bilan chegaraga ko‘chirishdir 

"Afg‘onistondagi IShID faolligiga qaraganda, guruhning o‘rta muddatli strategik vazifasi mamlakat shimolidagi o‘z pozitsiyasini Markaziy Osiyodagi davlatlar va Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumani hududlariga kirish imkoniyati orqali kengaytirishdir", - degan u.

MDH TQM rahbarining ta'kidlashicha, shu tariqa soxta hujjatlardan keng foydalanuvchi “qaytayotganlar” muammosi yana dolzarb ahamiyat kasb etdi.

Mavzuga oid