O‘zbekiston | 13:10 / 11.10.2017
57585
5 daqiqa o‘qiladi

«Hosilni qutqarish kerak» - 30 yil avvalgi dasturdan parcha

Skrinshot: Youtube/Aleksey Yekimenkov

Internet tarmog‘idagi Youtube saytidagi Aleksey Yekimenkov sahifasida sobiq Sovetlar ittifoqida efirga uzatilgan «Vremya» dasturidan bir parcha joylashtirilgan. 1987 yil 22 noyabr kuniga tegishli ekani aytilgan lavhada O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi qanday borayotgani haqida hikoya qilingan. 

«Vremya»ning O‘zbekistondagi muxbiri Muxtor G‘aniyev tayyorlagan lavhasida 1987 yil 22 noyabrga qadar respublikada 4,6 mln tonnadan ziyod paxta xom ashyosi yetishtirilganini bilib olish mumkin. 

Lavha boshlovchining kadr ortidan “O‘zbekistondagi paxta hosilini yig‘ib olish haqida muxbirimiz hikoya qiladi”, degan so‘zlari bilan boshlanadi. 

“Bugungi kunga kelib, O‘zbekiston paxtakorlari 4 mln 600 ming tonnadan ortiq xom ashyo yig‘di. Vazifa murakkab. Ob-havo ishga halaqit qildi. Bahordagi surunkali yog‘ingarchilik va sovuq havo sharoiti chigit ekishni kechiktirdi. Oktyabr oyidagi mislsiz qor yog‘ishi terim sur'atini pasaytirdi. Dalada esa paxta bor va hosilni nobud qilmaslik kerak. Respublika hukumati shahar va qishloqlardagi mehnatkashlarga murojaat qildi. Va bugungi kunda O‘zbekistonda paxta yig‘imining so‘nggi kunlarida dalalarga 2 mlnga yaqin terimchi chiqdi. Bular sanoat korxonalari ishchilari, ziyolilar, nafaqaxo‘rlar, talabalar va maktab o‘quvchilaridir. Avvallari bunday hol kuzatilmagan. Odamlar paxtakorlar uchun murakkab bo‘lgan bu yilda dalalardagi hosilni oxirgi ko‘sagigacha yig‘ib olish uchun barcha ishni qilmoqda”, - deb ta'kidlaydi jurnalist. 

Shundan so‘ng, u bevosita paxta rejasini bajargan tumanlardan biri, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani haqida hikoya qila boshlaydi. Unda 5 yildan beri paxta rejasini uddalay olmagan tuman vazifani bajargani, bunga sabab bo‘lgan omillar, ishga munosabat o‘zgargani, joriy qilingan yangiliklar, paxta terim kombaynlarining hissasi xususida so‘z boradi. 

“Mana bu lavhani biz Sariosiyo tumanidan oldik. Tuman paxtakorlari 5 yil mobaynida paxta xom ashyosi yetishtirish rejasini bajara olmay keldi. Bu yil esa vazifani osonlik bilan uddalashdi. Buning siri nimada? “Ishga munosabat o‘zgardi”, - deyishmoqda dehqonlar. Tuman qo‘mitasi ham yig‘im-terim vaqtida majlisbozliklardan voz kechishdi. Paxta ekinlari maydoni 5 marta oshirildi. Tuproq yaxshilandi. Xo‘jaliklarda brigada pudratchiligi, o‘zaro hisob-kitob qilishda chek tizimi joriy qilindi. Mirishkorlar tiyinni ham hisoblay boshlashdi. To‘qimachilik kombinatlari talabiga muvofiq, yuqori sifatli paxta navlarini ekishdi”, - deyiladi lavhada. 

Muxtor G‘aniyevning hikoya qilishicha, xo‘jalik rahbarlari paxtani qo‘lda tergan ma'qul, deb hisoblashgan. 

“Uzoq yillar mobaynida xo‘jaliklar rahbarlari paxtani qo‘lda tergan yaxshi, deb uqdirishardi. Bu safar ushbu qarashning noto‘g‘ri ekanini isbotlashdi. Tumandagi har bir kombayn 100 tonnadan paxta terdi. O‘tgan yillar mobaynida dalalar qish mavsumigacha g‘o‘zapoyadan tozalanmas edi. Bu yil, aksincha, so‘nggi ko‘sak ham terib olingach, dalalar peshma-pesh shudgor qilinib, mineral o‘g‘itlar solinmoqda va ertagi sabzavot ekinlari ekilayapti”. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 4 oktabrdagi 12-yalpi majlisida majburiy va bolalar mehnati keng muhokama qilinib, fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlari nazorati bo‘yicha Senat komissiyasi tuzildi. 

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston hukumati 8 avgust kuni 2017 yilgi paxta terimi mavsumiga 18 yoshga to‘lmagan yoshlarni, shuningdek, tashkilotlar, ta'lim va sog‘liqni saqlash muassasalarining mehnat faoliyatida bo‘lgan xodimlarini majburiy tarzda jalb qilish qat'iy man etilishi haqidagi bayonnoma qarorini chiqargan edi.

Senat majlisida ma'ruza qilgan O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Nodir Otajanov paxta terimini mexanizatsiyalashgan holda o‘tkazish uchun kelasi 5 yilda 15 ming paxta terish mashinasi ishlab chiqilishini bildirgandi. 

Mavzuga oid