Jahon | 10:20 / 15.10.2017
87406
6 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda saylov: O‘zbekiston uchun qaysi nomzod g‘alabasi ma'qul?

Qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasida bugun, 15 oktabr kuni prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tmoqda. 11 nafar nomzod prezidentlik da'vogar, ulardan 3 nafari, Omurbek Babanov, Sooronbay Jeenbekov va Timur Sariyev asosiy da'vogarlar sifatida ko‘rilmoqda. Amaldagi prezident Almazbek Atambayev bu galgi saylovlarda ishtirok etmaydi.

Saylovgacha katta kadrlar almashinuvi yuz berishi kuzatildi

Yakshanba kuni o‘tkazilayotgan siyosiy tadbirga bir necha kunlar qolganida, mamlakatda kadrlar almashinuvi ro‘y berdi. Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika saylov shtab boshlig‘i Temir Jumaqodirov 7 oktabr kuni avtohalokatga uchrab halok bo‘ldi.

Nurakmal Nabiyev mamlakat Bosh prokurori o‘rinbosari, Qirg‘izistonda harbiy prokuratura rahbari etib tayinlandi. Shu vaqtgacha Bosh prokuraturada boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Nabiyev Nurlan Dyushembiyev o‘rnini egalladi.

Kemin tumanida IIBga yangi boshliq tayinlandi. 1983 yilda tug‘ilgan Nurmat Davletov endilikda ushbu lavozimda ish yuritishi ma'lum bo‘lmoqda. Undan avval, Nurmat Davletov Bishkek shahar IIBBda xodim, Olomudun tumanida boshliq o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Qora-Suu shahriga Qutubek Qozuboyev hokim etib saylandi. Mazkur lavozimga faqat Qozuboyevning nomzodi ilgari surilgandi, Xalq deputatlari Kengashi aynan Qutubekni yoqlab ovoz berdi. Shu davrgacha u davlat bojxona xizmatida faoliyat olib borgan.

Albatta, yangi tayinlovlarning prezidentlik sayloviga ta'sir o‘tkazish darajasi yuqori, deb bo‘lmaydi. Ammo bu voqealar soyasida Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika saylov shtab boshlig‘i Temir Jumaqodirov bevaqt o‘limi qolib ketmoqda. U joriy yilda Hukumat raisining xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangandi. O‘limi oldidan Jumaqodirov xizmat vazifasi bo‘yicha Talosda saylovga tayyorgarlikni tekshirish uchun yo‘l olgandi.

Jeenbekov yoki Babanov: nomzodlarni kim qo‘llamoqda?

​Kleptokratiya ustunlik qilib kelgan Qirg‘izistonni so‘nggi davrda bir muncha o‘zgartirishga harakat qilgan prezident Almazbek Atamboyev prezidentlik saylovida Sooranbay Je​enbekovning nomzodini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlamoqda. Aynan u prezidentning partiyasidan nomzod etib ko‘rsatilgan yagona sotsial-demokrat sanaladi. Prezidentlikka da'vo qilishi vaji bilan Bosh vazirlik lavozimini tark etgan Je​enbekov bundan avval Davlat kadrlar xizmatida direktor bo‘lib ishlagan. 2016 yilda qisqa muddat prezident devonida rahbarning birinchi o‘rinbosari, keyinroq Bosh vazir sifatida faoliyat yuritgan.

Ekspertlarning fikricha, amaldagi prezident Almazbek Atamboyev mansabdan tushgandan keyin ham mamlakatda erkin faoliyat olib borish uchun unga Jyeenbekov saylanishi manfaatli bo‘ladi.

Ikkinchi tomondan, aynan shu Atamboyev «yo‘liga g‘ov bo‘lib turgan» Omurbek Babanov ham asosiy da'vogar sifatida ko‘rilmoqda. U bir necha bora MSK tomonidan saylov qoidalarini buzgani uchun ogohlantirildi. Masalan, targ‘ibot materiallarida davlat xizmatchilaridan foydalanish, diniy rahnamo Sodiqjon Kamolovni jarayonga jalb etganida ayblangan. Eng asosiysi u chet davlat, xususan Qozog‘iston ta'sirida qolib ketgani prezident Atamboyev tomonidan bir necha bor ta'kidlandi.

Hattoki, uning Facebook'da ilk qirg‘iz davlat arbobi sifatida rasman maqomi tan olinishi ham rasmiy doirada shubhali qilib talqin etildi. Aslida Babanov sobiq prezident Bakiyev iste'fosini talab qilib chiqqan, keyinchalik Almazbek Atamboyev tuzgan hukumat tarkibida Bosh vazir etib tayinlangan davlat xizmatchilaridan biridir.

2012 yil parlamentdagi ittifoq kelishuvi yo‘qolgach, Omurbek Babanov ham lavozimidan bo‘shadi. O‘zi asos solgan «Respublika» partiyasi orqali siyosiy faoliyatni davom ettirib, «​Ata-Jurt»​chilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Prezidentlikka da'vo qilishi bilan Omurbekning Qirg‘izistondagi eng og‘riqli masalalardan biri - etnik muammoga murojaat qilishi atrofdagilarni o‘ylantirib qo‘ymoqda. 10 oktabr kuni MSK uning saylovoldi targ‘ibotida o‘zbek-qirg‘iz etnik ziddiyatini kuchaytirib yuborishi mumkin bo‘lgan so‘zlarni bildirgani uchun Babanovga ogohlantirish e'lon qildi.

Xalq Sariyevga ishonadimi?

Agar mamlakatda axborot urushi jirkanch ko‘rinishlar bilan davom etmasa, prezidentlikka asosiy nomzod sifatida ko‘rilganlardan biri Temir Sariyevning ham imkoniyatlari yaxshi saqlanib qoladi. Sababi, u ham bosh vazirlik lavozimida faoliyat olib borgan, mamlakat harbiy soha vakillariga ancha yaqin ham iqtisodiy tarmoqlarni boshqarishi unga katta tajriba to‘plashga sharoit yaratib bergan. Shunga qaramay, Sariyevning lavozimdan ketishiga parlament tomonidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan votum sababchi bo‘lganini eslasak, xalq korrupsiyaga aloqadorlikda gumon qilingan shaxsni prezident etib saylashi haqiqatdan yiroq.

Albatta, so‘nggi o‘zgarishlar va vaziyatni kuzatgan holda Almazbek Atamboyevga munosib o‘rindosh kim bo‘lishini aytish qiyin. Shunga qaramay o‘zbek xalqiga etnik ziddiyatning qaytalanishi, qo‘shni mamlakatda hukumatni ag‘darish harakatlari davom etishi manfaatli emas.

Oldimizda turgan vazifa qisqa vaqt ichida erishilgan kelishuvlarni amalda saqlab qolishdan iborat. Prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyatiga kirishgan zahoti tashqi siyosatda Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini o‘rnatish - O‘zbekiston uchun ustuvor masala ekanini ta'kidlagandi. Shuning uchun, bizga tashqi davlatlar ta'siriga tushib qolmagan, mamlakat elitasi bilan yaqin hamkorlikda ishlay oladigan Qirg‘iziston prezidenti zarur bo‘ladi.

Mavzuga oid