Sport | 15:40 / 20.10.2017
23172
20 daqiqa o‘qiladi

«Hali meni sog‘inasizlar!» - Dani Alvesh (Chempion hikoyalari)

Uch oy oldin, «Barselona»ning «PSJ» bilan o‘yindagi «kambek»ini men uyda, divanimda o‘tirib ko‘rdim. Gazetalardagi turli xabarlarni o‘qib, xuddiki, men sobiq klubimga mag‘lubiyat tilaganimni taxmin qilgandirsiz. Yo‘q. Ukam Neymar jarimadan ajoyib gol urganida, men o‘rnimdan sakrab turib ketdim va qichqirib yubordim. Serxio Robertoning hal qiluvchi golidan so‘ng esa, «Barselona»ning har qanday muxlisi singari, tentakka o‘xshab xonamda aylanib yugurar edim. Ha, «Barselona» hali ham mening qonimda bor ekan.

O‘tgan yozda, klubni tark etayotganimda, men jamoani, futbolchilarni, muxlislarni emas, aslida klub rahbariyatni tark etgandim. Ular menga yoqmaydi, ochig‘ini aytaman. Rahbarlar ketadi, o‘rniga boshqasi keladi, baribir, sakkiz yil o‘ynab, bu davrda shuncha yutuqlarga erishib, keyin bu jamoani butunlay ko‘ngildan chiqarib tashlashning iloji yo‘q. Men «Barselona»dan ketayotganimda, rahbarlarga aytdim:

«Sizlar hali meni sog‘inasizlar!»

Men o‘ng qanot futbolchisi Dani Alveshni nazarda tutmadim. «Barselona»da ajoyib futbolchilar juda ko‘p. Ular ko‘proq mendagi ruhiyatni sog‘inishlarini aytgandim. Ular yechinish xonasidagi mening jamoaga berayotgan ruhiyatni yo‘qotishayotgandi, men bu jamoa libosini kiygan ilk kundan beri har doim beradigan qondan mahrum bo‘lishayotgandi.

Keyingi bosqichda «Barselona» biz bilan o‘ynash kerak bo‘lganida, tushunrsiz hissiyotlar ichida qoldim. «Kamp Nou»da xuddi o‘z uyimga qaytgandek bo‘ldim, o‘yindan oldin «Barselona» zaxira o‘rindig‘iga borib, eski do‘stlarim bilan salomlashdim. «Dani, kel, biz bilan o‘tir, sening o‘rningni saqlab o‘tiribmiz haliyam» deb hazillashishdi. Maydonga orqa o‘girgan holatda, har bir qo‘lni siqib qo‘yayotganimda, to‘satdan hakamning hushtagini eshitdim – o‘yin boshlanib bo‘lgandi. Man maydonga yugurib ketayotganimda, Luis Enrikening kulayotgani qulog‘imga chalindi. Kulgili holatmidi? Axir bu Chempionlar Ligasi chorak finali-ku?

Doim shunaqa, men haqimda ko‘pchilik jiddiy o‘ylashmaydi. Alvesh doimo hazil-huzul qilib yuradigan, voqealarga jiddiy e'tibor qaratmaydigan futbolchi deb o‘ylashadi. Ammo bir sirni ochay, men doim, Messi, Neymar yoki Krishtianu kabi dunyoning eng zo‘r hujumchilariga qarshi o‘yinga tushar ekanman, ularning kuchli va kuchsiz tomonlarini tahlil qilaman. Undan keyin ularga qarshi qanday o‘ynashni rejalashtiraman, maqsadim, butun dunyoga Dani Alvesh ham ular bilan bir darajada ekanini ko‘rsatib qo‘yish bo‘ladi. Balki bir ikki marta ular mendan o‘tib ketishar, albatta, muammo yo‘q. Lekin o‘z navbatida men ham hujum qilaman. Men ko‘rinmas odam bo‘lib qolishni istamayman, men ham sahnada bo‘lishga intilaman. 34 yoshimda, 34 sovrindan so‘ng ham, har doim maydonga tushayotganimda buni isbotlashga ehtiyoj sezaman. Aslida bu yanayam boshqacha hikoya.

Har bir o‘yin oldidan men oynaning qarshisida 5 daqiqa turib qolaman va hammasini unutaman. Mening ko‘z oldimda bir film boshlanadi. Men har o‘yin oldidan butun hayotim haqidagi ushbu filmni tomosha qilaman. Qayta-qayta.

Birinchi kadrda men 10 yoshdaman. Juazirodagi uyimizda, beton karavotda yotibman. Tagimdagi matras kichik barmog‘ingizdan ham yupqa. Tashqarida hali tong otmadi, soat taxminan 5.00,  lekin men, o‘n yashar bolakay maktab vaqti bo‘lguncha dadamga yordam berish uchun o‘rnimdan turishim kerak. Akam bilan otam ishlayotgan dalaga chiqamiz. U allaqachon o‘sha yerda ishlayotgan bo‘ladi – orqasiga og‘ir bochkani ilib olib, o‘simlik va daraxtlarga dori sepadi.

Biz o‘sha bochkalarni ishlatish uchun juda yoshmiz, kuchimiz yetmaydi, ammo baribir unga yordam beramiz. Bu shunchaki, yashash uchun kurash. Keyingi bir necha soat men akam bilan raqobat qilaman, chunki har kuni ish tugagach, otam kim yaxshiroq ishlaganini aytadi. Mukofot sifatida esa, kunning eng mehnatkash bolasiga oilamizdagi yagona velosiped tegadi. 

Bu juda muhim, chunki agar men yutqazsam, fermadan maktabgacha 12 mil yo‘lni piyoda bosib o‘tishim kerak. Piyoda qaytish yanayam yomon, chunki mahallamizda har kuni bo‘ladigan o‘yinga ulgura olmayman, mensiz futbol boshlanib ketgan bo‘ladi. Agar velosipedni yutib olsamchi? Unda maktabda ketishda biror qizni ham mindirib olish mumkin. Hech bo‘lmasa, 12 millik yo‘l davomida o‘zimni haqiqiy erkakdek his qilaman. Shuning uchun ham ko‘proq, yaxshiroq ishlashga harakat qilaman.

Yana otamga qarayman, o‘sha og‘ir bochkani ko‘tarib kunni kech qiladi. Tunda esa, kichkina barda ishlaydi, oilani boqish uchun qo‘shimcha pul ishlashga intiladi. Bilishimcha, u yoshligida juda kuchli futbolchi bo‘lgan, lekin katta shaharlarga borib, o‘zini skautlarga ko‘rsatish uchun puli yetmagan. Balki shuning uchun, u tinmay ishlaydi, hech bo‘lmasa, menda shunday imkoniyat bo‘lishini istar... 

Mana shu yerda ekran qorayadi va keyingi lavhaga o‘tadi.

Bugun yakshanba va biz oilamiz bilan oq-qora televizorda futbol ko‘rib o‘tiribmiz. Antennaning atrofini temirdan yasalgan bir nima bilan o‘rab qo‘yganmiz, shunday qilinsa shahardan signal yaxshiroq keladi. Biz uchun bu haftaning eng yaxshi kuni ekani shubhasiz. Hamma xursand.

Keyingi lavha.

Otam meni eski mashinasida shaharga olib ketyapti. U yerda men bir necha skautga o‘zimni ko‘rsatishim kerak. 13 yoshimda oilamdan uzoqda, shahardagi futbol akademiyasida qolishga majbur bo‘ldim. Kichik yotoqxonada yuzga yaqin bolalar yashaydi va bu yer xuddi qamoqxonaga o‘xshaydi. Bu yerga kelishimdan oldin otam shaharga borib yangi futbol kiyimi olib bergandi. Bu bilan u mening kiyimlarim ikki barobar ko‘paydi – chnuki o‘zi bittagina sport kiyimim bor edi xolos.

Birinchi kungi mashg‘ulotlardan keyin, kiyimimni quritish uchun ilib qo‘ygandim, ertasiga qarasam, yo‘q, kimdir o‘g‘irlab ketibdi. Mana shu yerda bu endi mening qishlog‘im emasligini, mana bu yer haqiqiy hayot ekanini anglagandek bo‘laman. Xonamga qaytganimda juda ochman, biz kuni bilan shug‘ullanamiz, shuning uchun ham yegulik yetishmaydi. To‘g‘risi, bu yerda judayam zo‘r futbolchi emasman, nari borsa, 100 bola ichida 51-o‘rinlarda tursam kerak, balki shuning uchun maktab yoqmaydi, uyga ketgim kelaveradi. Lekin...

O‘zimga «otang sen bilan faxrlanmaguncha, uyga qaytmasliging kerak» – deyman. «To‘g‘ri, sening iqtidoring 51-o‘rindadir, ammo sen jangchi bo‘lishing kerak, ortga chekinish mumkin emas».

Ekran qorayadi va keyingi lavha boshlanadi.

Men 18 yoshdaman. Braziliya ligasida o‘ynayotgan bir paytimda yonimga kelgan bir agentning aytishicha, menga «Sevilya» qiziqayotganmish.

«Sevilya? O, zo‘r-ku!» – deyman men.

«Siz o‘zi bilasizmi Sevilya qayerdaligini?», – deb so‘raydi agent.

«Albatta, men Sevilya qayerdaligini bilaman. Ooo, Sevilyayayaya, menga juda yoqadi».

Aslida, hech narsa bilmayman. Balki boshqa planetadadir, balki oydadir, xullas u ko‘zlarini katta ochib «Sevilya» deganidan bildimki, bu juda muhim. Oradan kunlar o‘tib, surishtirishni boshlayman va «Sevilya»ning «Real» va «Barselona» kabi jamoalarga qarshi o‘ynab yurishini eshitaman. «Agora!» – portugalchada bunday holatlarda aytiladigan so‘z, ko‘proq hayratni, biror narsaning paq etib portlab ketishini anglatadi. Shunaqaroq hissiyot. 

Keyingi lavha boshlanadi.

Men endi Sevilyadaman. Futbolchilar menga yoshlar jamoasining o‘yinchisidek muomala qilishadi, ularning tilini bilmayman, murabbiyning ham men bilan ishi yo‘qdek. Oldinda faoliyatimdagi eng yomon olti oy kutib turibdi. Hatto uyga qaytib ketgim ham kelib qolgan palla.

Ammo keyin, men bir paytlar otam menga olib bergan va o‘g‘irlatib qo‘yganim sport kiyimim esga tushadi. Orqasiga og‘ir dorilash apparatini osib olgan otamni ko‘z o‘ngimdan o‘tkazamanda, so‘ng, bu yerda til o‘rganish kerak bo‘lsa o‘rganib, do‘st kerak bo‘lsa do‘st topishim shart, vaziyatni o‘zgartirishim kerak, kamida tajriba to‘plab, Braziliyada yaxshiroq futbolchi bo‘lishim mumkin-ku, deya boshlayman o‘zimga.

Mavsum boshlanayotganda murabbiy hammaga aytadi: «Sevilya»da himoyachilar maydon markazidan uyog‘iga o‘tmasligi kerak. Hech qachon».

Futbol o‘ynayapman-u, ko‘zim maydon markazidagi o‘sha chiziqda. Hovlidagi panjaradan o‘tgani qo‘rqib akillab turadiku kuchuklar, o‘zimni shunga o‘xshatvorardim. Qaysidir o‘yin paytida, nimagadir hammasini unutdim va chiziqqa ham e'tibor bermay oldinga bora boshladim. Men o‘zligimga xiyonat qilmasligim kerak. «Agora!» deyman o‘zimga o‘zim va oldinga tashlanaman, Tamom.

O‘yinim murabbiyni ham sehrlab qo‘ydi chog‘i, murabbiy meni oldiga chaqirib dedi:

«Okey, Dani, yangi reja. Hujum qilishing mumkin».

Ligada qolish uchun kurashayotgan jamoadan bir necha yilda ikki marta UYeFA kubogini boshi uzra ko‘targan klubga aylandik.

Ekran qorayadi va keyingi lavha boshlanadi.

Telefon jiringladi. Agentim «Dani, «Barselona» sen bilan qiziqyapti» dedi. Men endi oldingidek ahmoqona ko‘rinmayman, chunki endi Barselona qayerligini juda yaxshi bilaman.

Har doim, har o‘yin oldidan, men oynaga qarab turganimda, mana shu film har doim mening kallamda charxpalakdek aylanaveradi. O‘yindan keyin, yechinish xonasiga ketayotib ham, shu haqida o‘ylayman va o‘zimga o‘zim deyman – «Dani, sen hech kim emasding, hozir esa bu yerdasan. Ishonish qiyin, ammo shu yergacha kela olding».

18 yoshimda, «Barselona»ga qarshi o‘ynaydigan jamoa safida o‘ynash uchun okean osha kelgandim, endichi? «Barselona»ning o‘zida o‘ynash imkoniga ega bo‘lishchi?

Bu ajoyib edi. haqiqiy daho bilan yelkama-yelka to‘p surish! Esimda, mashg‘ulotlardan birida Messi to‘p bilan shunday harakatlar qildiki, hech qanday mantiq buni o‘ziga sig‘dira olmasdi. Albatta, u bu ishni har kuni qilardi, ammo bu safar yanayam e'tiborimni tortgandi. Shu bilan birga, aytishim kerakki, bu mashg‘ulotlar haqiqiy edi, biz bor kuch bilan harakat qilardik, Messi esa, osonlik bilan oramizdan o‘tib ketar va sovuqqonlik bilan ishini bajarardi.

Bir payt qarasam, u hatto butsasi bog‘ichlarini ham bog‘lamagan, tasavvur qilyapsizmi, u bizga, dunyoning eng yaxshi jamoasi himoyachilariga qarshi xuddi dam olish kunlari parkda mashg‘ulot o‘tayotgandek o‘ynayotgandi. O‘shanda anglab yetdimki, umrim davomida boshqa u kabi kuchli futbolchini ko‘rmayman.

Va albatta, Pep Gvardiola haqida ham aytishim shart.

Pep sizga o‘yin boshlanmasdan oldin, bu o‘yinda nimalar bo‘lishini aytib bera oladi. Masalan, 2010 yilda «Real»ni 5:0ga yutgan o‘yinimizni eslaysizmi? U o‘sha o‘yindan oldin bizga shunday degandi:

«To‘pni go‘yoki, olovli shar kabi nazorat qiling, ya'ni umuman oyoqlaringiz orasida qolib ketmasin. Yarim sekund ham to‘pni ushlamang. Ana o‘shanda ular sizga bosim o‘tkaza olishmaydi. Biz osonlik bilan yutamiz».

Har bir o‘yin oldidan u shunday tushuntirardiki, biz maydonga 3:0 hisobida yutayotgandek tushib kelardik, o‘zimizga bo‘lgan ishonchimiz shu qadar oshib ketgan bo‘lardi. Eng qizig‘i, masalan, o‘yinimiz qovushmaganda, biz tanaffusda yechinish xonasida yig‘ilganimizda bo‘lardi. Pep o‘tirib olib, peshonasini qashlay boshlaydi, ko‘p ko‘rgansiz-a uni, shunaqa holatda? Xuddi shu tariqa u miyasini ishqalab, Olovuddin jinni chaqirgandek, ichidagi dahoni chaqira boshlaydi, go‘yo. Daho kelgach, ko‘zlari chaqnab ketadi - «Bo‘ldi, tushunarli!»

Sakrab o‘rnidan turadi-da, doskaga matematika domlasi kabi qanaqadir sonlarni, sxemalarni chizib tashlaydi – «mana shunday harakat qilsak, gol uramiz».

Pep menga to‘psiz o‘ynashni o‘rgatgan ilk murabbiydir. U nafaqat futbolchilarning o‘zgarishini, boshqacha o‘ynashini talab qilardi, balki bu nima uchun kerakligini tushuntirib ham bera olardi. O‘sha «Barselona» qaysidir ma'noda yengilmas edi va biz maydonda fikrlamay ham qo‘ygandik, hammasini xotiramiz hal qilardi – biz bu ishni oldin ham qilgandik, xuddi o‘shanday o‘ynasak, tamom. Mana shuning uchun «Barselona» doimo yuragimda qoladi.

Mana shuning uchun ham, biz chorak finalda «Barselona»ni yutganimizdan keyin, ukam Neymarning oldiga kelib yupatayotganimda, uning yig‘layotganini ko‘rib, mening ham qaysidir bo‘lagim yig‘lagandi.

Men bu gaplarni nega yozyapman? Men 34 yoshdaman va yana necha yil futbol o‘ynashimni bilmayman. Ikki yildir, balki uch yil. Lekin baribir, go‘yo odamlar meni tushunmayotgandek, meni boshqacha odam deb tasavvur qilishayotgandek bo‘laveradi.

«Yuventus»ga borganimda o‘sha eski hissiyotlarim qaytalandi, xuddi 13 yoshimda akademiyadan, 18 yoshimda Sevilyadan ketmoqchi bo‘lganimdek, 33 yoshimda Italiyadan qaytib ketgim kelaverdi. Italiyada butunlay boshqacha futbol maktabiga duch kelgandim, bu yerda oldingidek hujumkor bo‘la olmayman, Italiyada ko‘proq himoyadagi ishonchlilikni qadrlashadi. Men yana o‘sha eski kuchukchaga aylandim, manovi chiziqni tark etmaslik haqida o‘ylay boshlagandim.

Xo‘sh, nima qilay? Avvaliga, bormadim. Men «Yuventus» futbolchilariga ularning qadriyatlarini, qoidalarini hurmat qilishimni isbotlashim kerak edi. Ular bilan kirishib ketganimdan keyin, ular meni hurmat qila boshlashgach, o‘zimning kuchli tomonlarimni namoyish qila boshladim.

Ya'ni o‘z bilganimdan qolmadim. Agora! Hujum, hujum, hujum! Buffon ozgina baqiradi, ha, mayli, hech narsa qilmaydi.

Bilasizmi, hayot bir doiraga o‘xshaydi. Men bu argentinaliklardan qutula olmayman. «Barselona»da Messi edi, «Yuventus»da Dibala. Bir paytlar Messida ko‘rganim jihatlarni bir kuni Dibalada ham ko‘rdim. Bu shunchaki iqtidor emas, ana shu iqtidorning dunyoni zabt etishga bo‘lgan istak bilan qorishib ketgani edi.

Men bir kun yana Chempionlar Ligasini yutish haqida o‘ylayman. Undan avval, balki 35-sovrinimni qo‘lga kiritarman. Bilaman, hech qachon tan olishmasa-da, «Barselona» rahbariyati bir kun meni bekorga qo‘yib yuborganlari haqida o‘ylab, afsuslanishar. Aslida gap bunda emas.

Esingizdami, o‘zimga o‘zim so‘z bergandim? Dadamni faxrlantirmaguncha dalaga qaytmaslik haqida. Ochig‘i, dadam u qadar hissiyotli odam emas. U bu tuyg‘uni qachon his qilgan, his qilganmi, aniq bilmayman. Faoliyatimning ko‘p vaqtida u Braziliyada yashashda davom etdi. Ammo 2015 yilda, biz Berlinda Chempionlar Ligasini yutib olganimizda, meni tomosha qilish uchun u yerga borgandi. Esimda, taqdirlash marosimi tugagach, futbolchilarning oilalariga bag‘ishlangan o‘ziga xos bayram tashkil qilindi. Biz kubokni orzularimiz qadar bizni yetaklagan yaqinlarimizga topshirishimiz kerak edi. Navbat menga kelganida, kubokni otamga tutqazdim va ikkovmiz birgalikda, Chempionlar Ligasi kubogi bilan suratga tushdik.

O‘shanda u portugalchada bir uyatsiz ma'noni anglatadigan so‘z ishlatdi. Hozir tarjima qilib o‘tirmayman, ammo bu o‘sha yerda «mening o‘g‘lim odam bo‘ldi» degan ma'noni anglatardi. Ishonasizmi, u xuddi yosh boladek yig‘lar edi.  Bu men uchun hayotimdagi eng baxtli onlar edi.

Bir kun men balki yana bir finalda maydonga tusharman. Har galgidek, yana raqib hujumchisining ojiz va kuchli tomonlarini o‘rganaman. Har doimgidek, o‘yin oldidan yechinish xonasidagi oyna qarshisiga boraman va o‘sha, endi sizga ham tanish bo‘lgan filmni tomosha qilaman:

Ekran qorayadi va lavhalar boshlanadi...

Ana, mening beton karavotim.

Dori purkaydigan bochkani yelkasiga osib olgan otam.

Maktabgacha 12 millik velosipedda sayohat

Ana, yangi libosim...

«Sevilyami? Ha, bilaman u qayerdaligini...»

Hech qayerdan kelgan hech kim!

Va men endi bu yerdaman.

Ishonish qiyin, lekin shu yerdaman!

 

Dani Alvesh/ThePlayersTribune

Mavzuga oid