Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ispaniyada yangi mojaro. Pike, Ramos va Buskets ketishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan bu ayol kim?
Ispaniya terma jamoasida yangi mojaro yuzaga keldi va u Kataloniya bilan bog‘liq emas.
Nima yuz berdi
Sentyabr oyi oxirida Ispaniya qirolligi futbol federatsiyasida yangi rahbar - Xuan Luis Larrea paydo bo‘ldi. U terma jamoada marketing ishlari bo‘yicha direktor Mariya Xose Klaramuntni iste'foga chiqarishini aytdi. Biroq, yetakchi futbolchilardan Serxio Ramos, Serxi Buskets va Jyerar Pike bu voqea yuz bersa, terma jamoani tark etish bilan tahdid qilishdi.
Mojaro shu darajaga yetdiki, hatto prezident Lixtenshteynga qarshi o‘yindan so‘ng, terma jamoa kiyinish xonasiga kiritilmadi. 19 oktabr kuni Klaramunt ishdan olindi. Endi Ispaniya futbolchilarning bu voqeaga munosabatini kutmoqda.
Klaramunt xonim kim

Mariya Klaramunt – «Valensiya» klubining 70-yillardagi mashhur futbolchisi Pepe Klaramuntning qizi hisoblanadi. 2011 yilda u Ispaniya terma jamoasi marketing ishlari bo‘yicha direktor lavozimini, keyinroq esa, qo‘shimcha ravishda Fernando Yyerro o‘rniga sport direktori lavozimini ham egalladi.
Ispaniya matbuoti xabariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Klaramunt futbolchilar orasida katta ta'sir doirasiga ega bo‘lgan. Ammo avvalgi bosh murabbiy Visente Del Boske bilan kelisholmay qolgan.
Hujjatlarda Klaramunt sirli «marketing direktori» lavozimini egallashi ko‘rsatilgan, ammo federatsiya nizomida bunday lavozim yo‘q, shu tufayli uning nima vazifani bajarishi ham ma'lum emas.
Klaramunt xonim Ispaniya terma jamoasi brendini ommalashtirish, futbolchilarning matbuot bilan muloqotini tartibga solish, terma jamoaning safar o‘yinlarini, xayriya tadbirlari va o‘rtoqlik uchrashuvlarini tashkil qilish bilan shug‘ullangan. Bunda Mariyaning o‘zi har doim panada qolgan va biror marta intervyu bermagan.
Nega futbolchilar uni himoya qilmoqda

Bir necha yillar davomida Klaramunt terma jamoaning bir qator futbolchilari – Kasilyas, Ramos, Pike va boshqalar bilan do‘stlashib qolgan, ularga shaxsiy brendlarini ommalashtirishda ko‘maklashgan.
Yangi bosh murabbiy Xulen Lopetegi u bilan birga ishlashga qarshi bo‘lmagan, federatsiyaning avvalgi prezidentini ham barcha narsa qoniqtirgan. Biroq, Xuan Larrea sobiq bosh murabbiy Del Boske tarafdori bo‘lib, Mariyaning futbolchilarga katta ta'sir ko‘rsatishi unga yoqmagan.
Klaramunt bir paytlar Vos Sportsmarketing & Entertainment kompaniyasiga aloqador bo‘lgan. U federatsiyaga ishga o‘tgach, Vos Sportsmarketing & Entertainment kompaniyasining Qirollik futbol federatsiyasi bilan hamkorligidan kelgan daromadlari keskin oshgan (2010 yilda 86 ming yevrodan, 2011 yilda 644 ming yevroga, ya'ni bir yil ichida 746 foizga).
Ispaniya matbuoti xabariga ko‘ra, ba'zi futbolchilarning futbolkalarini sotishdan olinadigan daromad miqdori ham ko‘paygan, ayniqsa Klaramuntning qadrdon shahri Valensiyada.
Mariya biznesiga ko‘mak berish va iliq munosabat orqali futbolchilarning mehrini qozongan – murakkab masalalarda ko‘pgina futbolchilar bosh murabbiyga emas, balki aynan unga qo‘ng‘iroq qilishadi.
Nega ishdan bo‘shatildi

Yangi prezident Xuan Luis Larrea sport direktori kompaniyasining g‘alati daromadlari va sobiq prezident Anxel Vilyar bilan munosabatlaridan shubhalangan. Vos Sportsmarketing & Entertainment kompaniyasining shubhali daromadlari huquq tartibot idoralari e'tiborini ham tortgan, ammo hozircha hech narsa isbotlanmadi.
Terma jamoa avvalgi shtabining ma'muriyat bilan avvaldan kelishmovchiligi bor edi. Xususan, JCh-2014 musobaqasidagi inqirozda aynan Klaramunt ayblangandi. Chunki u musobaqa boshlanishiga bir necha kun qolganida, Ispaniya terma jamoasini AQSh safariga olib borgan, Vashingtonda «ochiq mashg‘ulot» o‘tkazib, Honduras bilan o‘rtoqlik o‘yinini tashkil qilgan. Shundan so‘ng, uzoq uchishlardan charchagan jamoa Niderlandiya va Chili terma jamoalariga qarshi o‘yinlarni boy bergan.
Klaramuntning terma jamoadagi katta ta'siridan norozi bo‘lgan yangi rahbariyat, vaziyatni o‘z nazoratiga olish uchun shaxmat taxtasidagi jiddiy donadan voz kechishga qaror qilgan.
Biroq, Klaramunt davridagi barqarorlikka o‘rganib qolgan faxriylar aynan uning rahbarligida Rossiyaga borishni istamoqda.
Bu yo‘l ko‘proq do‘q urishga o‘xshab ketmoqda va ko‘plab yetakchilarning Klaramunt iste'fosidan keyingi harakatlarini bashorat qilish mushkul. Bir narsa aniq - terma jamoadagi muhit tang ahvolga kelgan va katta ehtimol bilan bularning hammasi «qizil furiya»ning jahon chempionatidagi ishtirokiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
Mavzuga oid
21:04 / 04.09.2023
«Sevilya» Ramos qaytganini e’lon qildi
08:17 / 22.07.2023
Liga kubogi. Messi debyut o‘yinida 90+4-daqiqadagi goli evaziga «Inter Mayami»ga g‘alaba keltirdi
19:28 / 20.07.2023
«Inter Mayami» ustozi Messi va Buskets debyutini qachon o‘tkazishi mumkinligini baholadi
08:22 / 17.07.2023