O‘zbekiston | 16:20 / 25.10.2017
35799
9 daqiqa o‘qiladi

Rektordan tilshunoslarga murojaat: «Kirill yozuvi masalasini butkul unuting»

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinovning Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «O‘zbek tili jonkuyarlari» guruhida murojaati e'lon qilindi.

«Hurmatli «O‘zbek tili jonkuyarlari» guruhi ishtirokchilari! Mana, rosa bir yildan beri «Facebook» maydonida milliy tilimiz taqdiri bilan bog‘liq dolzarb muammolar bo‘yicha fikr almashib kelmoqdamiz.

Xabaringiz bor, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ochilganda uning zimmasiga o‘zbek tilining mukammal grammatikasini yaratish bo‘yicha asosli ilmiy taklif tayyorlash vazifasi yuklatilgan edi. Ushbu masala ijrosi, birinchi navbatda, alifbo va imlo qoidalaridagi kamchiliklarni bartaraf etishni taqozo qilar edi.

Shu nuqtai nazardan universitetda ishchi guruh tuzilib, unga Facebook tarmog‘ida «O‘zbek tili jonkuyarlari» guruhini ochish va olimlar, keng jamoatchilik, ona tilimizning taqdiriga befarq bo‘lmagan barcha millatdoshlarimizning fikrlarini yig‘ish va ilmiy tahlildan o‘tkazib borish topshirilgan edi. Yana qaytaraman, bu ishchi guruhning vazifasi xalqning fikrini o‘rganish, tahlil ishlarini olib borish va bahs-munozaralarda yetilib pishgan qarashlar asosida tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.

Mana bir yildirki, bahs qizigandan qiziyapti. Kimdir shoshirayapti, kimdir shoshmaslikni, yana kimdir umuman bu mavzuni ko‘tarmaslikni tavsiya etmoqda. Ayrimlar 1995 yil kiritilgan o‘zgartirishlarni bekor qilish kifoya, desa, boshqa bir guruh UNICODE orqali simvollar tizimiga «4 bahsli harf»ni kiritib, klaviatura muammosini yechishni va bu mavzuni yopishni talab qilmoqda. Hozircha gap faqat alifbo ustida ketayapti. Imlo qoidalariga hali navbat yetgani yo‘q.

Fursatdan foydalanib, sizlarga bir iltimosim bor. O‘tgan asrning 20-yillarida ham shunday masalalar ko‘tarilib, «Chig‘atoy gurungi» tashkil etilgan edi. Unda butun o‘zbek ma'rifatparvarlari qatnashib, ona tilimiz taqdiri bilan bog‘liq masalalarni bahs-munozaralarda tahlil qilishga harakat qilganlar. Facebook’dagi «O‘zbek tili jonkuyarlari» guruhi ham «Chig‘atoy gurungi»ning zamonaviy shakli desak bo‘ladi. «FB»dagi ayrim «post»lar, guruh o‘rtaga tashlayotgan masalalarga masxaraomuz munosabat bildirish, bo‘lar-bo‘lmas «aljirash»lar kishi ta'bini tirriq qilayapti. Iltimos, agar sizda asosli fikr bo‘lmasa, bahsga qo‘shilmang, siyosiy masalani ermak deb bilmang.

Hurmatli «O‘zbek tili jonkuyarlari» guruhi ishtirokchilari! Ishchi guruh tomonidan e'lon qilingan tilshunoslarning eng dastlabki alifbo varianti bahslarni boshlash uchun birinchi qadam edi. Ilk variant bo‘yicha bildirilgan ko‘pdan-ko‘p tanqidiy fikrlardan tashqari, bir qancha yangi variantlar ham tavsiya etildi.

Rosa 8 oy davom etgan bahslardan so‘ng, fikrlar tizimlashtirilib, bildirilgan qarashlarni umumiy maxrajga keltirgan holda yaqinda ikkinchi variantni e'lon qildik. Yana bahslar qizg‘in tus oldi. Kimgadir bunday «arqonni uzun tashlab» qo‘yayotganimiz yoqmas. Buning sababi, hech kimning ko‘nglida aytilmagan gapi qolib ketmasligini istaymiz. Til — ilohiy ne'mat. Ona tili imon singari inson ruhi bilan chambarchas bog‘liq. U inson bilan tug‘iladi, unga muhabbat imon kabi tarbiyaga, muhitga bog‘liq ravishda ko‘payadi yo kamayadi. Lekin aslo yo‘qolmaydi. Bugun e'tiborsiz odam ertaga «uyg‘onib» orqamizdan tosh otmasin deymiz.

Bugun o‘tgan davr tahlillariga qarasak, xulosalarimiz ancha pishib qolibdi. Ayni paytda ishtirokchilarimiz ikki katta guruhga bo‘linibdi. Kuchlar deyarli teng. 1-guruh alifboni isloh etish va qo‘shaloq harflarni «Ӧӧ, Ḡḡ, Ṣṣ, Ҫҫ, Ňň (yoki ᶇ) bilan almashtirishni va «C — ts» qoidasini kiritishni, 2-guruh mazkur qo‘shaloq harflarni UNICODE tizimiga kiritish va klaviaturaga joylashtirish, zinhor alifboni o‘zgartirmaslikni talab qilmoqdalar.

Keyingi bahslar ana shu ikki guruh tarafdorlari o‘rtasida kechishi kerak. Iltimos, imlo qoidalari, masalan, «Sentyabrmi yoki sentabrmi», degan masalalarga alifbo bo‘yicha bir to‘xtamga kelib olganingizdan keyin bahs qilsangiz yarashadi. Ishchi guruh faqat tomoshabin emas. Siz bildirgan fikrlar qay darajada e'tiborga molikligi haqida tilshunos olimlarimizning fikrlarini olmoqdalar va tizimlashtirmoqdalar.

Birinchi guruhning o‘z ichida bir masalaga turlicha qarashlar bor. Ushbu 1-guruhning o‘zi bir fikrga kelmaguncha bahs tugamaydi. Qachon bahslar nihoyasiga etib, ishtirokchilar bir to‘xtamga kelsalar, biz bu masalani keyingi bosqichga olib chiqish, keng jamoatchilik orasida ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazish va xalq muhokamasiga taqdim etish, shuningdek, Oliy Majlisda ko‘rib chiqish uchun Milliy Tiklanish demokratik partiyasiga uzatamiz. Shundan so‘ng ishchi guruh imlo qoidalari bilan bog‘liq bahslarni boshlaydi.

Biz sizni tushunib turibmiz, tezroq natijaga erishishni biz ham xohlaymiz. Ammo bir o‘y hammamizni bezovta qilib turadi. O‘tgan asrning 1921, 1929, 1940, 1993, 1995 yillaridagi kabi shoshma-shosharlik qilib yana bir marta kelajak avlodlarni boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘ymaylik. Har safar mudhish xatolar ortiqcha hissiyotga berilish va tomonlarning o‘jarlik bilan o‘z fikrini o‘tkazishga bo‘lgan harakati tufayli sodir bo‘lgan. Shu gal og‘ir bo‘laylik, iltimos. Kirill yozuvi masalasini butkul unuting. Bu mavzuni eslatmang ham, e'tibor ham bermang! Biz 1993 yilda lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosini qabul qilganmiz. Tamom-vassalom!

Paytdan foydalanib, ikki og‘iz so‘z 20 oktabrda o‘tkazilgan «O‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari» konferensiyasida ona tilimizni qo‘llashdagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha biz qo‘ygan masalalar va tavsiyalar haqida.

Konferentsiyada Milliy Tiklanish demokratik partiyasi rahbariyati, respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi mutassadilari hamda tilshunos olimlar ishtirok etdilar. O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonuni ijrosi bo‘yicha tanqidiy fikrlar o‘rtaga tashlandi. Anjuman nihoyasida tavsiyalar qabul qilindi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartirish kiritish va barcha reklama hamda lavhalarning davlat tilida yozilishini ta'minlash, ulardagi «savodxonlik» darajasini nazorat qilish va chora ko‘rish mexanizmlarini ishlab chiqish, bu yo‘nalishda Vazirlar Mahkamasi huzurida «Lingvistik ekspertiza va tarjima markazi»ni ta'sis etish, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi muassasalari, akademik litseylarda insho yozish tizimini joriy etish, rahbar xodimlar uchun «o‘zbek adabiy tili me'yorlari» qisqa o‘quv kurslarini tashkil etish, davlat va nodavlat tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni nazorat qilish bo‘yicha referent lavozimini kiritish, barcha oliy ta'lim muassasalarida «mutolaa madaniyati», «o‘zbek tili va adabiyoti» fanlarini o‘qitish, OAV davriy nashlarini lotin yozuvida chop etish kabi tezlikda hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalar qayd etildi.

Shu kunlarda universitet ishchi guruhi yig‘ilish o‘tkazib, oxirgi paytlarda bildirilgan fikr-mulohazalarni ko‘rib chiqadi. Lozim topsa, alifboning oxirgi tavsiyalar asosida shakllangan yangi ko‘rinishini sizlarning e'tiboringizga taqdim etar. Lekin u ham yaqinda «FB»da ukamiz Eldor Asanov yozganidek, «Isloh etilgan alifbo» emas. Ishchi guruhning vazifasi jamoatchilik fikrini o‘rganish va tizimli tahlil asosida takomillashtirilib borayotgan alifbo variantlarini bahs maydoniga olib chiqishdan iborat. Marhamat, o‘z fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashing. Sizdan hissiyotlardan xoli, chuqur mulohazalarni kutib qolamiz. E'tiboringiz uchun tashakkur!
 

Hurmat bilan,

Shuhrat Sirojiddinov».

Mavzuga oid