Light | 01:36 / 26.10.2017
9287
3 daqiqa o‘qiladi

Pablo Isla - dunyoning eng samarali faoliyat yurituvchi bosh direktori

Foto: Getty Images

Ispan ishbilarmoni Pablo Isla Alvares de Texera 1964 yilning 22 yanvarida dunyoga kelgan. U - Inditex nomli yirik ispan korporatsiyasining amaldagi raisi va bosh direktori.

1987 yilda u Madriddagi Komplutense universitetining yuridik fakultetini tugalladi.

Pablo Isla 1992 yildan 1996 yilga qadar Banco Popular Español bank guruhida yuridik xizmatlar direktori lavozimida ish yuritgan. 1996 yilda u bu lavozimini tark etib, G‘aznachilik milliy meros departamentining bosh direktori bo‘ldi. 1998 yilda u Banco Popular Español'ga bosh direktor etib tayinlandi. Isla 2000 yildan 2005 yilgacha Altadis guruhi raisi bo‘lgan.

2005 yilda Pablo Isla Inditex kompaniyasining bosh direktori va rais o‘rinbosari etib tayinlangan, 2011 yilda kompaniya raisiga aylangan.

Foto: Getty Images

Inditex — Ispaniya kompaniyasi, kiyim savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik do‘konlar tarmog‘i egasi. Uning to‘liq nomi — Industria de Diseño Textil Sociedad Anónima. Kompaniya shtab-kvartirasi Ispaniyaning Arteyxo shahrida joylashgan. Korporatsiya dunyoning 88 mamlakatida Zara, Oysho, Massimo Dutti, Bershka, Pull and Bear, Zara Home, Stradivarius va Uterque brendlari ostidagi 7000dan ziyod do‘konlarni birlashtiradi.

Isla 2020 yilga borib Inditex'ning barcha xavfli kimyoviy moddalarni ishlab chiqarish va mahsulotlardan yo‘q qilishi uchun javobgar. Shuningdek u 2020 yilga borib chiqindilarni 30 foizga, suv iste'molini 50 foizga qisqartiradigan iqtisodiy do‘kon modelini joriy qilish mas'uliyatini o‘z zimmasiga olgan.

Foto: Getty Images

Inditex korporatsiyasi 2005 yilda 2692 do‘konga ega bo‘lgan bo‘lsa, Isla rahbarligi ostida do‘konlar soni 7000dan oshdi. Shu bilan birga u kompaniya faoliyatini onlayn-kengaytirish bilan ham shug‘ullandi.

2017 yilda Harvard Business Review Pablo Islani dunyoning eng samarali faoliyat yurituvchi bosh direktori sifatida e'tirof etdi.

Mavzuga oid