Sport | 19:00 / 27.10.2017
25277
3 daqiqa o‘qiladi

Hakamlar «Paxtakor» - «Bunyodkor» o‘yinida gol bo‘lgan-bo‘lmaganini telekanal xodimidan so‘rashdi

Oliy Liganing 26-turida «Paxtakor» va «Bunyodkor» klublari o‘rtasidagi Toshkent derbisida mojaroli holat yuzaga keldi.

O‘yinning ikkinchi bo‘limida «Bunyodkor» jarima maydonchasida sarosimali holat yuzaga keldi, himoyachilar to‘pni darvoza chizig‘i ustida bosib to‘xtatib qolishdi. Avvaliga o‘yin hakami Aziz Asimov gol bo‘lmaganini ko‘rsatdi, ammo qanot hakami Doniyor Saylavov gol bo‘lganini aytdi va hakam qarorini o‘zgartirdi. Ammo shu vaqtda mehmon jamoa futbolchilari hakamni o‘rab olib unga bosim o‘tkaza boshlashdi. Natijada, hakam yordamchining oldiga borib, vaziyatga oydinlik kiritishga harakat qildi. Bu jarayon tufayli 5 daqiqa o‘yin to‘xtab qoldi.

Endi ma'lum bo‘lishicha, hakamlar bu vaziyatda gol bo‘lmaganini Sport TV telekanali orqali aniqlashgan. Aniqrog‘i, to‘rtinchi hakam Sport TV operatoridan gol bo‘lgan-bo‘lmaganini bilib berishni so‘ragan va u javobni maydondagi hakamlarga yetkazgan.

«Menga aytishlaricha, to‘rtinchi hakam operatorlarimizdan birining oldiga kelib, gol bo‘ldimi yoki bo‘lmadimi, deb so‘rabdi. Xodimimiz javobini aytgandan keyin, hakamlar yana maslahatlashib turishdi», dedi Sport kanali rejissyori Jamoliddin Bobojonov «Oriyat Dono» radiokanalidagi «Futbol plyus!» dasturida.

Eslatib o‘tamiz, «Paxtakor» bu o‘yinda baribir nohaq gol evaziga g‘alaba qozondi. 85-daqiqada Kamoliddin Tojiyevning o‘yindan tashqari holatdan urgan goli hakam tomonidan hisobga olindi.

O‘yindan keyin nazoratchi bosh hakam Aziz Asimovga 7,8 ball qo‘ygan. Qanot hakamlaridan Sidorov 8 ball olgan. Uchrashuvda ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ygan va ayniqsa, o‘yin taqdirini hal qilgan yagona golda offsaydni ko‘rmagan Doniyor Saylavov 4 ball bilan baholangan.

Mavzuga oid