Sport | 21:00 / 30.10.2017
10097
3 daqiqa o‘qiladi

O‘FF UzReport bilan hamkorlik qiladi

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi majlislari zalida bugun, 30 oktabr kuni O‘FF Prezidenti Umid Ahmadjonov ishtirokida navbatdan tashqari yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘FF Ijroiya Qo‘mitasining yangi a'zosi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining Ustavi 33-moddasi 7-bandiga asosan Ijroiya Qo‘mitasining vakant bo‘lib qolayotgan o‘rnini to‘ldirish uchun UzReport axborot agentligining Bosh direktori Ravshanxon Ergashovich Jo‘rayevning nomzodi qo‘mita a'zolari tomonidan ma'qullandi.

Jo‘rayev Ravshanxon O‘FF Ijroiya Qo‘mitasining yangi a'zosi sifatida navbatdagi Konferentsiyada keyingi muddat uchun saylovga qo‘yiladi.

«Bildirilgan ishonch uchun minnatdorman. Umid qilamanki, bo‘lajak ishlarimiz mamlakatimizda futbol rivoji uchun hissa qo‘shadi», – degan Ravshanxon Jo‘rayev.

«Ravshanxon Jo‘rayevni O‘FF Ijroqo‘mi a'zosi etib tasdiqlangani bilan tabriklayman. UzReport axborot agentligi O‘FF Marketing boshqarmasi va O‘zPFL bilan hamkorlikda katta loyihalarni amalga oshirishiga umid qilaman», – deya O‘FF Prezidenti Umid Ahmadjonovning so‘zlarini keltirgan O‘FF matbuot xizmati.

Ravshanxon Jo‘rayev 2010 yildan buyon UzReport axborot agentligi Bosh direktori lavozimida faoliyat yuritmoqda.

UzReport axborot agentligi 1999 yilda tashkil topgan. 2014 yili agentlik qoshida UzReport TV, 2017 yili esa Futbol TV telekanallari tashkil qilindi. Futbol bo‘yicha Anlgiya va Ispaniya chempionatlari, shuningdek, Yevropa Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi o‘yinlari translyatsiyasi huquqini xarid qilgan telekanal mazkur uchrashuvlarni jonli ravishda muxlislar e'tiboriga havola etmoqda.

Ma'lumot uchun, O‘FF Ijroiya Qo‘mitasi tarkibi 11 kishidan iborat. Quyida Ijroqo‘mning to‘liq tarkibi bilan tanishish mumkin.

O‘FF Ijroiya Qo‘mitasi tarkibi

1. Umid Ahmadjonov – O‘FF Prezidenti

2. Shoakrom Isroilov – O‘FF Birinchi vitse-prezidenti

3. Achilbay Ramatov – O‘FF vitse-prezidenti

4. Po‘lat Bobojonov – O‘FF vitse prezidenti

5. Rustam Qurbonov – O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi

6. Bobur Shodiyev – «Paxtakor» FK prezidenti

7. Murod Aliyev – «Bunyodkor» FK Bosh direktori

8. Mansur Rajabov – «Lokomotiv» FK prezidenti

9. Komil Yarashev – O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya instituti rektori

10. Narimon Jalolov – O‘zbekiston futbol faxriylari kengashi raisi

11. Ravshanxon Jo‘rayev – UzReport axborot agentligi Bosh direktori 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid