Jahon | 12:16 / 31.10.2017
31011
2 daqiqa o‘qiladi

Forbes eng ko‘p mablag‘ «ishlab topayotgan» marhum mashhurlar ro‘yxatini e'lon qildi 

Foto: AP

Amerikaning Forbes jurnali seshanba, 31 oktabr kuni eng ko‘p haq to‘lanuvchi hayotdan ko‘z yumgan mashhur insonlarning an'anaviy reytingini e'lon qildi. Uni 2009 yilda 50 yoshda vafot etgan Maykl Jyekson navbatdagi marta boshqarmoqda.

Nashr xodimlari hisob-kitoblariga ko‘ra, «pop-musiqa qirolining» mehnati samarasi, shuningdek, unga tegishli mulklar bilan bog‘liq amaliyotlar Jyeksonning merosxo‘rlariga 12 oy ichida 75 mln. dollar keltirgan. 2009 yildan beri hammasi bo‘lib esa bu daromadlar umumiy hisobda 1,825 mlrd. dollardan oshib ketgan.

Ikkinchi pog‘onani o‘tgan yilning sentabrida vafot etgan professional golfchi Arnold Palmer egalladi. Uning natijasi – 40 mln. dollar. Bu pullar asosan u tomonidan ixtiro qilingan ichimlik, shuningdek, boshqa intellektual mulk tufayli kelgan.

Ro‘yxatning uchinchi o‘rnidan 2000 yilda hayotdan ko‘z yumgan amerikalik karikaturachi Charlz Shults (38 mln. dollar) joy oldi. 

Reytingda to‘rtinchi pog‘onani 1977 yilda vafot etgan Elvis Presli egalladi. 

Forbes’ning joriy yildagi reytingida hammasi bo‘lib 13 nafar olamdan o‘tgan mashhur inson bor, ular orasida olti musiqachi, ikki nafar kinosanoat vakili, rassom, sportchi, bolalar yozuvchisi, olim va fotomodel bor.

Shuningdek, reytingga xonanda Prins (2016 yilning aprelida vafot etdi, 18 mln. dollar ishlab topdi), The Beatles ishtirokchisi Jon Lennon (1980 yil – 12 mln. dollar), olim Albert Eynshteyn (1955 yil – 10 mln. dollar), 1950-yillarning fotomodeli Betti Peyj (2008 yil – 7,5 mln. dollar), rok-musiqachi Devid Boui (2016 yil – 9,5 mln. dollar) va aktrisa Elizabet Teylor (2011 yil – 8 mln. dollar) kirgan.

Mavzuga oid