Sport | 20:17 / 31.10.2017
11011
14 daqiqa o‘qiladi

Markogol. Uni futboldagi Leonardo da Vinchi deyishardi

14 yashar Markoni otasi vrachga yetaklab keldi.

- Agar yigirma yoshingda nogironlar aravachasida yurishni xohlamasang, futbolni tashlashing kerak, - dedi doktor, - futbolsiz yashay olmasang, mayli, haftada bir kun o‘ynab turishing mumkin, ammo professional futbolchi bo‘lishni umuman xayolingga keltirma.

Hamma gapni eshik orqasida eshitib turgan otasi unga “Kel, bugungi gaplarni eshitmadik, deb qabul qilamiz” dedi va yosh Marko doktorning emas, otasining gapini bir umrga eslab qoldi. Golland futboli esa Marko van Basten ismli afsonaviy futbolchiga ega bo‘ldi.

Marko nafaqat golland, umuman futbolga go‘zallik bag‘ishladi, aynan u jahon futbolida yangi hujumchilar avlodini boshlab berdi. U va Gullit 70-yillarda golland futboli targ‘ib qilgan total futbolning bir tanada jamlangan ko‘rinishi edilar. Baquvvat, baland bo‘yli, egiluvchan, har ikki oyog‘ida kuchli va aniq zarba bera oladigan, har qanday holatda boshi bilan yaxshi o‘ynaydigan, vaziyatlarda dispetcherlik qobiliyatini ishga solib butun o‘yinni nazorat qilishni uddasidan chiqadigan Marko van Bastendan keyin ideal hujumchi tushunchasi yanada kengroq ma'noga ega bo‘lgandi. Bergkampning nafisligi, Ibrahimovichning akrobatcha harakatlari, Nistelroyning kuchli zarbasi, Drogbaning shiddati, Raulning o‘yinni xis qilish qobiliyati – barchasi unda mujassam edi. 

Marko van Basten 1964 yilning 31 oktabrida, Utrext shahrida, sportchilar oilasida dunyoga keldi. Onasi gimnastikachi, otasi esa 50-yillardagi Gollandiyaning mashhur futbolchilaridan edi. Shuning uchun ham u ko‘proq otasiga quloq solar, hatto unga jamoani ham otasi tanlab bergandi.

“Edilviyk” havaskor jamoasida o‘ynab yurgan 13 yoshli Markoni bizga yaxshi tanish bo‘lgan Leo Beenxakker payqab qoladi va “Feyyenord” ga olib ketmoqchi bo‘ladi. Bolaning biroz tajribasizligi, boshqa shaharda musofir bo‘lish salbiy ta'sir qilish mumkinligini sezgan katta van Basten taklifni rad etadi.

- Sen “Ayaks”da o‘ynasangina buyuk futbolchi bo‘lib yetishasan, - degandi u o‘shanda o‘g‘liga.

Yillar o‘tib u haqiqatdan ham “Ayaks”ga keldi. O‘sha yillari golland futbolining tirik afsonasi Yoxan Kruiff aynan Amsterdamda o‘ynardi va murabbiylik qilardi. U Markoni yoqtirib qoladi va uni o‘zining vorisi o‘laroq ko‘ra boshlaydi..Bu haqida “Inter”ning afsonasi Sandro Matstsola eslaydi:

- Milanda o‘tgan o‘rtoqlik turnirlaridan biri edi. Yoxan menga Markoni ko‘rsatdi va “mana bu bolani ko‘r, bu yangi Kruiff bo‘ladi” dedi. Men uni biroz kuzatib haqiqatdan ham ajoyib futbolchi qarshisida turganimni payqagandim”

Markoning “Ayaks”dagi debyuti 1982 yilning 3 aprelida amalga oshdi. “Neymegen”ga qarshi o‘yinda Kruiffning o‘rniga maydonga tushgan futbolchi gol muallifiga aylandi. “Agar har doim shunday o‘ynasang, uzoqqa borasan” degandi Kruiff Markoga.

Marko van Basten aynan “Ayaks”da yosh va umidli futbolchidan xavfli hujumchiga aylandi. Kruiffning yigirma ochiq darsi (ular shuncha o‘yinda maydonda birga o‘ynagandilar) ham katta foyda berdi. Kruiff “Feyyenoord”ga ketgach esa, Marko yanada ochilib ketdi. 19 yoshli hujumchi 26 ta goli bilan Gollandiya chempionatida eng ko‘p to‘p kiritdi va Yevropada “Kumush butsa” sohibiga aylandi. Ayniqsa “Feyyenoord”ga qarshi kechgan o‘yinda u ustozini ham ayab o‘tirmagandi, 8:2 hisobida g‘alaba bilan yakunlangan o‘yinda Marko het-trik muallifi bo‘lgandi. Marko yana ketma-ket uch yil chempionat bombardiri bo‘ldi, hatto 1985/86 yilgi mavsumda 26 uchrashuvda 37ta gol kiritib, “Oltin butsa” egasiga aylandi. Yil o‘tib jamoasi bilan Yevropa kubok egalari kubogida zafar quchdi. Futbolchimiz gol urib turaversin-da, biz maqolani Italiya tomonlardagi Di Arkore villasidan davom ettiraylik.

Villaning egasi Silvio Berluskoniga Markoning gollari tasvirga tushirilgan videokasseta olib kelishdi. 1979 yildan beri Skudettoda zafar quchmayotgan “Milan” xo‘jayini klubda yangi davrni boshlash, bir necha futbolchini sotib olish uchun katta pul ajratgan va dastlab eng yuqori saviyali hujumchiga ehtiyoj sezayotgandi. “Milan”ning hujum chizig‘iga da'vogarlar ichida Markodan tashqari Ian Rash, Yurgen Klinsman va Oleg Protasov ham bor edi.

- Markoning kassetasida u tomonidan kiritilgan 36ta gol yozilgandi, ammo o‘ttiz sekund o‘tmayoq, aniqrog‘i 14-golga kelib biz aynan uni sotib olishimiz kerakligini va buni iloji boricha tezroq amalga oshirish zarurligini tushunib yetdim. Gollandiya va Polsha o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yinini ko‘rib esa, Marko videotasmadagidan ham ancha kuchliroq ekanligini angladim.

Bu Berluskonining so‘zlari edi va 1986 yilning 19 noyabridan yigirmanchisiga o‘tar kechasi, Amsterdamdagi “Amstel” mehmonxonasida, shamlar bilan tuzatilgan kechki dasturxon qarshisida, Marko va Ruud Gullit “Milan”ga o‘tishga rozilik berdilar. Kechki ovqatda Berluskoni va futbolchilar bilan birga Gullitning xotini Ivonn va Markoning dugonasi Lisbet ham qatnashgandi.

1987 yilning yozida Markoning “Ayaks” bilan shartnomasi tugadi va “Milan” atigi 1 million dollarga bo‘lajak “Oltin to‘p” sohibini qo‘lga kiritdi. 

- Men Virdisdek yulduz bilan birga to‘p surish baxtiga erishishni sabrsizlik bilan kutyapman. Umid qilamanki, yangi jamoam hujumkor futbol ko‘rsatadi, - Marko tanishtiruv matbuot anjumanida shunday degandi.

1988 yilgi futbol mavsumi Marko uchun o‘ta yorqin kechdi. Ayniqsa u terma jamoasi bilan Yevropa chempionatida ko‘rsatgan o‘yini o‘sha yilgi Gollandiya tarkibini afsonaviy avlodga aylantirdi. Germaniyada o‘tgan Yevroda murabbiy Rinus Mixels avvaliga Markoga emas, Vim Kift va Jon Bosmanga ko‘proq e'tiborini qaratgandi. Ammo Angliyaga qarshi o‘yinda het-trikka erishgan Marko kim aslida kim ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. U yarim finalda ham maydon egalari darvozasiga hal qiluvchi golni kiritdi. Finalda esa...

Marko van Basten tomonidan o‘sha paytdagi Yevropaning eng yaxshi darvozaboni Dasayev darvozasiga kiritilgan gol 20-asrning eng chiroyli goli deb e'tirof etilgan. Ushbu gol haqida Ruud Gullit quyidagilarni aytib bergandi:

- Final o‘yinidan oldin men uni juda ko‘p bor hazillashdim. O‘zingni hujumchi deb hisoblaysanmi, sen o‘rtamiyona o‘yinchi ham emassan, sendan Vasiliy Rats ham yaxshi o‘ynaydi, deb jahlini chiqardim. Sen ertaga gol ura olmaysan, deb jig‘iga tegdim. Marko xuddi yosh bolaga o‘xshab arazlab olardi. Lekin, final kuni o‘sha mashhur golini kiritgach, birinchi bo‘lib men tomon yugurdi. O‘zini ustimga otdi va tinmay “ko‘rdingmi, men uddaladim” deb baqirardi. Shu paytda “adashganimdan” juda shod edim.

Marko van Bastenning o‘zi ushbu golni ancha kamtarona izohlagandi. Uning, barcha chiroyli gollarda tasodifdan ulush bor ekanligi haqidagi e'tirofi ko‘pchilikning yodida qoldi.

Markoning o‘yini butun Yevropada yuksak baholandi, “Oltin to‘p”ga loyiq ko‘rildi. Ammo futbolchining o‘zi doim o‘ziga nisbatan kamtar yondashardi. Mukofotga jamoadoshi Ronald Kuman ko‘proq  munosib ekanligini ta'kidlagandi. Yil o‘tib yana eng yaxshi bo‘lgan Marko bu safar Frank Barezini maqtadi.

Ketma-ket ikki mavsumda “Milan” Yevropada eng kuchliligini namoyish qildi. “Styaua”ga qarshi kechgan finalda 4:0 hisobida g‘alaba qozonildi, gollarni u va Gullit ikkitadan bo‘lishib oldilar. Keyingi mavsumda esa Portugaliya chempioni “Benfika” dog‘da qoldirildi, gol muallifi yana bir gollandiyalik Frank Raykaard bo‘ldi. 1992 yilda “Milan” yevrokuboklardan bir yilga chetlashtirildi. Bu esa klubning Skudettoni qo‘lga kiritish uchun kuchli istakka sabab bo‘ldi. “Milan” A-seriyadagi 34 uchrashuvni mag‘lubiyatsiz o‘tkazib o‘ziga xos rekord o‘rnatdi. Marko esa 25 goli bilan liga to‘purariga aylandi. Ayniqsa uning “Kalyari” ga qarshi kechgan o‘yini ko‘p eslanadi. Sardiniyada o‘tgan uchrashuvda maydon egalari birinchi taymni 1:0 hisobida o‘z foydalariga hal qildilar. Tanaffus paytida Marko bosh murabbiy Fabio Kapello bilan bir nimalarni pichirlashdi, maydonga tushish oldidan esa murabbiy unga uchta barmog‘ini ko‘rsatib qo‘ydi. Marko xet-trik muallifiga aylandi.

Shvetsiyada o‘tgan navbatdagi Yevroda ham Gollandiya terma jamoasi o‘ta hujumkor futbol namoyish etdi. Guruh bahslarida hatto nemislar ustidan 4:2 hisobida g‘alaba qozonildi. Ammo yarim final xuddi butun Yevro-92 kabi syurpriz bilan yakunlandi. Go‘yoki hazillashayotgandek hisobda mushuk-sichqon o‘ynagan daniyaliklar (2:2) penaltilar seriyasida akalarini dog‘da qoldirib ketdi. O‘sha turnirda Marko birorta ham gol kirita olmadi. MDH darvozasiga boshi bilan kiritgan haqqoniy goli esa inobatga olinmadi.

Shunday bo‘lsa-da, 1992 yilda u uchinchi bor ushbu sovringa munosib ko‘rildi. Bu pallada Marko hamon kamtarlik qilayotgan va Xristo Stoichkovga qarata “Men bo‘lganimda senga ovoz berardim” deyayotgan edi.

- Men juda ko‘p yaxshi futbolchilarning biriman xolos, - derdi Marko o‘zi haqida, - Pele, Maradona, Kruifflar umuman boshqa olam, boshqa saviya. Yillar o‘tib van Basten kim edi degan savolga, “Oltin to‘p”ni uch marta qo‘lga kiritgan hujumchi deyishsa kifoya, o‘zimni baxtiyor sezardim.

Uning “Milan”dagi, umuman futboldagi oxirgi o‘yini Yevropa Chempionlar ligasining Myunxenda “Olimpik”ka qarshi kechgan finali bo‘ldi. Markoning ajoyib o‘yini jamoasini qutqarib qola olmadi va fransuzlar 1:0 hisobida g‘alaba qozondilar. Shundan keyin esa hujumchining eski jarohati pand bera boshladi. Ketma-ket muolajalar Markoni maydonga qaytara olmadi. “Milan” esa uning qaytishidan umid qilar va shartnoma muddati tugab bo‘lgan bo‘lsa-da, maoshni to‘lig‘icha to‘lab kelardi. 1995 yilning 17 avgustida u futboldan ketishini e'lon qildi:

- Men faoliyatimni tugatishga qaror qildim, chunki bir necha oylik muolajalardan so‘ng ham oyog‘imdagi og‘riq yo‘qolmadi. Ikki hafta oldin vrachim Martins bilan gaplashdim va davom ettirishning foydasi yo‘qligini anglab yetdik. Italiyada ajoyib sakkiz yilimni o‘tkazdim, bugun esa barchasiga minnatdorchilik bildirish vaqti keldi. Berluskoniga, jamoadoshlarimga, muxlislarga tashakkur. Umid qilamanki, “Milan” mensiz ham buyuk klub va bundan keyin ham g‘alaba qozonishda davom etadi. Menga shartnomani uzaytirishni taklif qilishdi, ammo kelajakda o‘ynay olmasligimni bilib turib, katta pullarni olishga vijdonim yo‘l qo‘ymadi. Bitta orzuim armonga aylandi. Yoxan Kruiff Gollandiya terma jamoasini boshqarishini va birgalikda jahon chempioni bo‘lishimizni orzu qilgandim. Shunday bo‘lsa-da, futboldan minnatdorman. Topganlarim yo‘qotganlarimdan bir necha barobar ko‘p.

18 avgust kuni, Berluskoni kubogida “Milan” – “Yuventus” o‘yini oldidan uning ketayotganligi stadionda e'lon qilindi va 85 000 tomoshabin Markoni oxirgi marta turib olqishladi. Markoning gollaridan so‘ng necha martalab ushbu o‘rindiqlardan sakrab turib ketgan muxlislar, bu safar mahzun edilar. Qalblari faxr va minnatdorchilikka to‘la edi ularning.

Ertasiga Italiyaning eng mashhur gazetasi La Gazzetta dello Sport birinchi sahifasini to‘lig‘icha “Chao, Van Basten” so‘zlari bilan to‘ldirdi. “Uni boshqacha kuzatish mumkin emas”, - degandi gazeta muharriri – “Marko buyuk futbolchi, Maradona kabi buyuk...”

 “Futbol o‘z Leonardo da Vinchisini yo‘qotmoqda” – deb izohlagandi Adriano Galliani. Bu Da Vinchini hammadan ko‘p qadrlaydigan Italiya fuqarosining gollandiyalikka bergan ta'rifi edi. Ishonavering, bundan ortig‘ini tasavvur qilish qiyin.

 

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid