Jahon | 15:13 / 31.10.2017
25313
2 daqiqa o‘qiladi

Taqdirdan qochib bo‘lmaydi: otishmada tirik qolgan juftlik YTHda halok bo‘ldi

Foto: Facebook/Lora_Pylescarver

AQShning Las Vegas shahridagi mergan 11 daqiqa mobaynida konsertga to‘planganlarni o‘qotar quroldan tartibsiz ravishda nishonga olgani haqida xabar qilingan edi. Mamlakat tarixidagi eng qonli jinoyatda tirik qolgan juftlik 2 haftadan so‘ng Janubiy Kaliforniyaning Murrieta tumanidagi uyiga yaqin joyda avtohalokat tufayli hayot bilan vidolashdi.

Ular 1 oktabr kungi voqeadan so‘ng, bir soat o‘tar-o‘tmas Facebook sahifasida "We are safe", deya qisqagina post qoldirishgan edi. O‘shanda Lorraine Carver o‘zi va turmush o‘rtog‘i Dennis sog‘ qolganini aytib, yaqinlarini tinchlantirgan edi.

Ammo, ularning sanoqli kunlari qolganini o‘shanda hech kim xayoliga ham keltirmagan edi. 

Gap shundaki, 2 haftadan biroz ko‘proq vaqt o‘tar-o‘tmas, ular Janubiy Kaliforniyada ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi qurboni bo‘lishdi.
 
2010 yilda ishlab chiqilgan Mercedes-Benz sedani Dennis Carver boshqaruvidagi mashinaga kelib urilganida, u yo‘lda qayrilib, o‘tloq hududga to‘xtamoqchi bo‘layotgan edi, deydi Kaliforniya yo‘l patrul xizmati ofitseri. Mashina temir to‘siqqa urilgach, pishiq g‘ishtdan qurilgan to‘siq ustuniga urilgan; buning natijasida yoqilg‘i baki zararlangan. Mashina ikkinchi g‘isht ustunga urilganidan so‘ng, chetga otilib ketgan va alanga domida qolgan. 
Rasmiy vakilning aytishicha, juftlik voqea joyida halok bo‘lgan.
 
Ayni vaqtda hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari davom etmoqda. Ulardan 20 va 16 yoshli ikki qizi qolgani aytilmoqda.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid