Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazmoqchi
31 oktabr kuni Toshkent shahrida «O‘zbekiston-Qozog‘iston: diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi» mavzuida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. «Kun.uz» muxbiri ushbu tadbirda ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Qozog‘iston Respublikasi tomonidan tashkil etilgan xalqaro anjumanda vazirlik va idoralar, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, ikki mamlakat nufuzli tahliliy markazlari rahbarlari ishtirok etdi.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning O‘zbekistonga 2017 yilning 16-17 sentabr kunlari amalga oshirgan davlat tashrifi davomida ikki mamlakat prezidentlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilingan edi. Ushbu hujjatda davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligini nishonlash maqsadida tegishli idoralarga ushbu muhim sanaga bag‘ishlangan tadbirlarni yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar bergani alohida bandda ko‘rsatib o‘tilgan. Mazkur anjumanning o‘tkazilishini keng ko‘lamli tadbirlar dasturining bandlaridan birining ijrosi sifatida baholanishi mumkin.
Anjumanning sho‘'ba yig‘ilishlarida siyosat, iqtisod, transport sohalarida hamkorlikning istiqbollar muhokama etilib, ikki davlat o‘rtasida aloqalar avvalo o‘zaro ishonch va milliy manfaatlar yo‘lida borishi ta'kidlandi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida imzolangan «2017-2019 yillarda Iqtisodiy hamkorlik strategiyasi» islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Shuningdek, qardosh xalqlar MDH, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti, BMT va Orolni qutqarish xalqaro fondi doirasida munosabatlarni yaxshilab bormoqda. Bundan tashqari, 2017-2018 yillar davomida faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan BMT XK vaqtincha a'zoligi saylovida O‘zbekiston Qozog‘iston nomzodini ma'qullagani alohida e'tirof etildi.
Joriy yil mart oyida esa Ostona shahrida uchrashgan ikki davlat prezidentlari umumiy qiymati 1 milliard AQSh dollariga teng maqsadli shartnomalarni imzolagan. Anjuman ishtiroklari mazkur tovar ayirboshlash ko‘rsatkichini 2020 yilga qadar 5 milliard AQSh dollariga oshirishni maqsad qilayotganini bildirdi.
Ikki mamlakatning tarixiy bir makon, din va madaniyat birlashtirib turadi. Ana shu omillar inobatga olinib, kelgusi 2018 yil Qozog‘istonda «O‘zbekiston yili» etib e'lon qilinishi, 2019 yil O‘zbekistonda esa «Qozog‘iston yili» bo‘lishi ma'lum qilindi.
O‘tgan yaqin davr ichida Parlamentlararo hamkorlik guruhi har ikki qo‘shni mamlakatda tashkil etilgani, Oliy Majlisi Senati va Qozog‘iston Parlamenti Senati o‘rtasida imzolangan Memorandum munosabatlarning ko‘p tomonlama davom etayotganini bildiradi. Anjuman ishtirokchilari O‘zbek-Qozoq ekspertlar kengashini tuzish taklifini ma'qulladi. Ayni shu ma'noda hamkorlik, 10-11 noyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta'minlash yo‘lidagi navbatdagi xalqaro anjumanda davom etishi ta'kidlandi.
Mavzuga oid
14:49 / 21.05.2025
O‘zbekiston delegatsiyasi Bolgariya prezidenti administratsiyasida uchrashuv o‘tkazdi
12:06 / 02.03.2025
Qozog‘istonda ichida o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtobus YTHga uchradi
18:14 / 28.02.2025
Nukusdan Qozog‘istonga yangi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
21:03 / 27.02.2025