O‘sh – Vologda – Nyu-York. Manhettenga hujum qilgan terrorchining tarixi
Seshanba kuni AQShning Nyu-York shahrida terakt sodir etgan Sayfullo Soipov asli Qirg‘izistonning O‘sh shahrida tug‘ilgan ekan, deb xabar bermoqda Republic. Aprel oyida Sankt-Peterburg metrosini portlatgan tashkilotchilar ham Rossiyaga Qirg‘izistonning shu shahri va unga yaqin bo‘lgan Jalolobod shahridan kelgan yigitlar edi.
Ularning barchasi 2010 yilning bahorida Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik to‘qnashuvlardan qochib, butun dunyo bo‘ylab tarqab ketishgan. Ular vatani bilan aloqalarni yo‘qotishgan, lekin yangi joyda hali moslasha olishmagan. O‘zligimni topaman, deya ular ko‘pincha dinga mukkasidan ketishadi va radikal oqimlarga qo‘shilib qolishadi. Ularning ichidan hozircha sanoqlilari terroristlarga aylanishgan, migrantlarning aksariyat qismi tinch hayotda o‘zlarini topa olishgan.
O‘shda tug‘ilgan
Sayfullo Soipov — etnik o‘zbek. Reuters ma'lumotlariga ko‘ra, u 1988 yilda tavallud topgan, AQShga esa 2010 yili kelgan. Floridada yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishlagan, Amerikada yuk tashish bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan ikkita xususiy firmasini ro‘yxatdan o‘tkazgan. So‘ng Nyu-Jyersiga borib joylashib, Uber xizmatida taksichilik qilgan. Associated Press’ning kompaniya ma'lumotlariga tayanib yozishicha, so‘nggi olti oy mobaynida 1400dan ziyod chaqiruvlarga chiqqan.
Ukraina sharqi va Suriyada harbiy mojarolarni o‘rganuvchi Conflict Intelligence Team guruhidan Ruslan Leviyevning qayd etishicha, aktivistlar terrorchining Facebook’dagi akkauntini topishga muvaffaq bo‘lgan. Hozir u bloklangan, biroq Republic uning saqlanib qolgan nusxalari bilan tanishgan.
Soipovning profili ikkita ekan: birini u 2011 yilning martigacha ishlatgan, ikkinchisida esa so‘nggi qayd 2013 yil fevralining oxirida yozilgan. Ijtimoiy tarmoqdagi ma'lumotlarga asoslanib aytish mumkinki, jinoyatchi Amerikaga kelguncha O‘zgan (Qirg‘izistonning O‘sh viloyati)da, shuningdek, Rossiyaning Vologda shahrida yashagan. Ikkinchi akkauntida yozilishicha, Qo‘shma Shtatlarda Soipov Ohayo shtatining Klivlend shahrida yashagan. The New York Times ma'lumotlariga ko‘ra, u o‘sha yerda O‘zbekistonda tug‘ilgan qiz bilan turmush qurgan. Ya'ni Feysbukdan olingan ma'lumot matbuot topganlariga mos kelmoqda.
Soipovning tanishlari o‘z akkauntlarida yashash joyi sifatida Toshkent va O‘shni ko‘rsatishgan. Umumiy hisobda Soipovning do‘stlari safida 23 kishi bo‘lgan. Ulardan biri Republic’ga Soipov bir muddat O‘shda yashaganini tasdiqlagan.
Peterburglik terrorchilar
Yana bir terakt — Sankt-Peterburg metrosidagi portlash tashkilotchilari ham O‘shda tug‘ilgan: 2017 yilning 3 aprelida «Sennaya maydoni» va «Texnologiya instituti» stansiyalari orasidagi oraliqda xudkush Akbarjon Jalilov portlovchi moslamani harakatga keltirishi oqibatida 15 yo‘lovchi va terrorchining o‘zi halok bo‘lgandi.
Jalilov ham etnik o‘zbek, biroq O‘shda tug‘ilib o‘sgan. Uning sheriklari — aprel oyining o‘rtalarida teraktga aloqadorlik ishi bo‘yicha hibsga olingan aka-uka Abror va Akram Azimov qo‘shni viloyat Jalolobodda yashashgan. Ularning barchasi Soipov kabi 2010 yil voqealaridan so‘ng Qirg‘izistonni tark etib, Rossiyaga kelishgan.
2010 yilning 7 aprelida Qirg‘izistonda prezident Qurmanbek Bakiyev ag‘darilgan, vaqtinchalik hukumatni Roza O‘tunboyeva boshqargan. May oyida Bakiyevning tarafdorlari O‘sh, Jalolobod va Botkenda mahaliy ma'muriyat binolarini egallab olib, O‘tinboyevani iqtidordan ketkazishga harakat qilishgan. Ushbu voqealar fonida Qirg‘iziston janubida o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida mojaro kelib chiqqan. 2009 yilgi aholini ro‘yxatga olish ma'lumotlariga ko‘ra, O‘shning 243 minglik aholisi asosan ikki millat vakillaridan tashkil topgan edi: 112 ming o‘zbek va 100 ming qirg‘iz. O‘shanda ko‘plab o‘zbeklar Rossiya konsulligiga murojaat qilib, soddalashtirilgan sxemada Rossiya fuqaroligini taqdim etishni so‘rashgandi.
Yollovchilar uchun ayniqsa migrantlarning ikkinchi avlodi vakillari osongina ov bo‘ldi: bular bolalik chog‘ida Qirg‘izistonni tark etgan o‘zbeklar yoki boshqa davlatda tug‘ilganlardir, deydi postsovet hududlar bo‘yicha mutaxassis Denis Sokolov. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular vatani bilan aloqani uzishgan, biroq o‘zlari yashayotgan davlatda ham ularni unchalik xushlashmaydi. Bunday vaziyatda o‘zligimni topaman, deya ular ko‘pincha dinga mukkasidan ketishadi va radikal oqimlarga qo‘shilib qolishadi. Sokolovning qayd etishicha, Qirg‘izistondan kelgan migrantlarning ko‘pchiligi tinch hayotda o‘zlarini topa olishgan, ularning ichidan hozircha sanoqlilari terroristik tashkilotlarning yollovchilari qurboniga aylanishgan.
Terrorchilar beshigi
2016 yil avgustida Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qumitasi vakili IShID terrorchilik tashkilotiga mamlakatning 600 dan ziyod fuqarosi borib qo‘shilganini ma'lum qilgan edi. Ekspertlarning fikricha, gap 900 ga yaqin odam haqida borayotgan bo‘lishi ham mumkin. Terrorchilarning yashirin tarmog‘i Qirg‘izistonning o‘zida ham bor, deydi Yevroosiyo tahliliy klubi rahbari Nikita Mendkovich. Uning so‘zlariga ko‘ra, tarmoqqa bir necha ming kishi a'zo, ularning asosini 2010 yil voqealaridan so‘ng ijtimoiy izolyatsiyaga tushib qolgan janubiy hududlardagi o‘zbeklar tashkil etadi: ular ijtimoiy hayotga integratsiyalasha olishmaydi va bundan IShID terroristik tashkilot yollovchilari ustalik bilan foydalanishadi.
Mintaqada O‘zbekiston islomiy harakati, «Kasayib Imom al-Buxoriy», «Jannat oshiqlari» shuningdek «Hizb-ut-tahrir», «Tablig‘i jamoat» kabi yirik terrorchilik guruhlari ham yashirin faoliyat olib boradi.
Buning natijasida Qirg‘izistonda tug‘ilganlar ko‘pincha terrorchilikda gumon qilinib ushlanmoqda. Masalan, 2016 yilning may oyida bu davlatda tug‘ilgan uch kishi may bayramlarida portlash uyushtirishni mo‘ljallayotganlikda gumon qilinib ushlangan edi. O‘sha yilning iyun oyida terrorchilar guruhi Istanbulning Otaturk halqaro aeroportiga hujum uyushtirishgan, ularning orasida o‘zbeklar ham, qirg‘izlar ham bo‘lgan.
Mavzuga oid
00:47 / 21.09.2023
Shavkat Mirziyoyevning Nyu-Yorkka tashrifi yakunlandi
10:57 / 08.09.2023
Nyu-York meri noqonuniy muhojirlar oqimi shaharni vayron qilishi mumkinligini aytdi
10:56 / 10.06.2023
Nyu-Yorkda tutunli havo yana bir necha kunga saqlanib qoladi
22:30 / 08.06.2023