Finlyandiyaning AQShdagi elchixonasi mashhur aktyorni qidiruvga berdi
Amerikalik mashhur aktyor Mett Deymon Finlyandiyaning AQShdagi elchixonasi tomondan “qidiruvga” berildi. Elchixona ushbu hazilomuz e'lonni ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy niyatlar bilan joylashtirgan. Finlyandiyaliklar “Oskar” sovrindori davlatlarini mustaqillikning 100 yilligi bilan tabriklashini istashmoqda.
“Finlyandiyaga zudlik bilan yordamingiz kerak: yuzinchi Mustaqillik kunimizgacha bir oydan ko‘proq vaqt qoldi va biz Mett Deymonni topishimiz kerak! Biz uchun bobosi Finlyandiyadan bo‘lgan Mettning tabrigi katta sharaf bo‘lardi”, deb aytilgan elchixonaning Facebook’dagi sahifasida.
Finlyandiyalik diplomatlar ushbu xabarni ularga yordam bera oladigan odamlar ko‘ra olishi uchun barcha obunachilaridan repost qilishni iltimos qilishgan.
Deymon o‘z oilasi tarixini so‘zlab berganda, otasining bobosi Nils Payari 20-asr boshida Finlyandiyadan AQShga ko‘chib o‘tganini aytgan. Uning bobosi Jon esa AQShda tug‘ilgan. Bobosi o‘z familiyasini amerikaliklar uchun odatiy bo‘lgan Peyj familiyasiga o‘zgartirgan. Aktyorning to‘liq ismi-sharifi Mettyu Peyj Deymon kabi yangraydi.