Jahon | 08:55 / 06.11.2017
67223
2 daqiqa o‘qiladi

Texasdagi cherkovda 26 kishi o‘ldirildi. Ommaviy qotillikni sodir etganning shaxsi aniq

Foto: Reuters

5 noyabr kuni Texas shtatida mahalliy vaqt bilan soat 11:30da o‘qotar qurol bilan qurollangan shaxs Sazerlend-Springs cherkovi binosiga bostirib kirib, u yerga yig‘ilgan odamlarni o‘qqa tutgan. 

Uilson okrugi politsiya vakili Albert Gamez bergan ma'lumotga ko‘ra, otishma oqibatida 26 kishi halok bo‘lgan, yana 20-25 kishi jarohat olgan. Qotil keyinroq o‘z avtomashinasida jonsiz holda topildi.

Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, xunrezlikni amalga oshirgan kimsa AQSh harbiy-havo kuchlarida xizmat qilgan. Bu haqda huquq-tartibot idoralari vakillariga iqtibos keltirgan holda CBS telekompaniyasi xabar bermoqda. 

Jinoyatni sodir etgan shaxsning ismi Devin Kelli bo‘lib, u oq tanli va 26 yoshda bo‘lgan. 2010 yildan 2014 yilgacha AQSh harbiy-havo kuchlarida xizmat o‘tagan. So‘ngra tribunalga berilib, harbiy xizmatdan haydalgan. 

Hozirda FQB Kellining biror-bir radikal guruhga aloqadorligini tekshirmoqda.

Shuningdek, jinoyatchining uyida tintuv o‘tkazilmoqda. Shu maqsadda qotilning uyiga kinologlar jamoasi jo‘natilgan. 

Mavzuga oid