O‘zbekiston | 17:30 / 06.11.2017
122645
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatidagi paxta dalalarida shifokorlar va andijonlik o‘qituvchilar terimga jalb etilgan

Tahririyatga kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlarda «O‘zbekiston Respublikasi Hukumat rahbari Abdulla Aripov paxta mavsumida o‘qituvchi, talaba va shifokorlarni muntazam terimga jalb etishni taqiqlagan bo‘lsa ham, bu hol o‘zgacha yo‘llar bilan amalga oshirilayotgani» haqida so‘z yuritilgan.

Kun.uz muxbiri murojaatlardan bir nechtasini o‘rganish uchun 5 noyabr kuni Toshkent viloyati Bo‘ka va Bekobod tumanlariga tashrif buyurdi. Ma'lum bo‘lishicha, Bo‘ka tumaniga yaqin hududda Olmaliq shahar Sog‘liqni saqlash boshqarmasi shifokor va xodimlari paxta dalasiga kirishga shay bo‘lib, dam olish kuni hasharga kelgan.

Foto: @kun.uz / Bo‘ka tumani

«Biz kunlik terimga shifokorlarni jalb etmayapmiz, barchasi o‘z xohishi bo‘yicha hasharga kelgan. Oylik maoshdan ushlab qolish va boshqacha usuldagi tahdid haqida so‘z ochishning o‘zi o‘rinsiz. Qolaversa, hasharchilarga kun davomida bajargan ishiga qarab, rag‘batlantiruvchi sovg‘alar topshiramiz. Masalan, «​oq yog‘»​ tarqatgandik, bu hafta yanada ko‘p odam chiqdi», deydi o‘zini tanishtirishni xohlamagan Olmaliq shahar Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbarlaridan biri.

Uning ma'lumotiga ko‘ra, yakshanba kuni hasharga chiqish - bu har kimning o‘z istagiga ko‘ra bo‘ladi. Ammo shu paytda 370 nafar paxtakorlarga «starshiy» etib tayinlangan bir boshqarma xodimlaridan birining «ikki nafar farzandini uyda qoldirib kelgani»ni bildirib, ketishga ruxsat so‘rab turganini eshitish muxbirda shubha uyg‘otdi.

Foto: @kun.uz / Bekobod tumani

Bekobod tumani Zafar QFY hududida joylashgan Dalvarzin 1, 2, 3, 4, 5 bo‘limlarida esa ahvol ancha jiddiy tus oldi. Ushbu maydonda vodiy viloyatlari, ayniqsa Andijon viloyatining turli tumanlaridan olib kelingan maktab va kollej o‘qituvchilari paxta terim mavsumiga jalb etilgani aniqlandi.

«Talabalarga gazetalardan tashlab kelganman, krossvord yechib o‘tirgandir», deb hazil aralash so‘z yuritadi Oltinko‘l tumanidagi kollejlardan birida muallimlik qiluvchi paxtakor. Uning aytishicha, mavsum o‘z nihoyasiga yetib qoldi, shunga qaramay ko‘pchilik qochib ketgan.

«Paxta deyarli yo‘q. Agar bo‘lsa mahalliy aholiga maoshni vaqtida berib borilsa, biz ham tera olamiz», deydi Dalvarzin 3-bo‘limda istiqomat qiluvchi paxtakorlardan biri.

Mahalliy aholi vakillarining tasdiqlashicha, vodiydan kelgan o‘qituvchilar qishloq uylariga taqsimot asosida joylashtirilgan. Izboskan va Buloqboshi tumanlarida joylashgan maktablar o‘qituvchilariga bosh bo‘lib, tegishli tuman hokimlarining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ham Toshkent viloyatiga kelgan.

Xulosa qilib aytganda, paxta mavsumini talafotlarsiz yakunlash, kelasi yildan boshlab terimda ilg‘or texnikadan foydalanishga o‘tish hayotiy zaruriyatga aylanib bormoqda. Mehnat munosabatlarda ijtimoiy soha vakillarining har jabhada «faol» bo‘laverishi esa salbiy oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin.

 

Mavzuga oid