Jamiyat | 11:00 / 09.11.2017
19058
3 daqiqa o‘qiladi

1 mlrd. yevrolik loyiha: Abu-Dabida Luvrning eng yirik filiali ochildi

Foto: LouvreAbuDhabi.ae

Abu-Dabida chorshanba kuni Luvr filialining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Birlashgan Arab Amirliklari va Fransiya prezidentlari Xalifa bin Zayd Ol Nahayon hamda Emmanuel Makron ishtirok etdi. BAAda 10 yil davomida kutilgan muzeyning ishga tushirilganligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan marosimlar juda ulug‘vor bo‘lib, keng ko‘lamda tashkillashtirildi. Birlashgan Arab Amirliklari hayotidagi muhim madaniy tadbir Sky News Arabia telekanali tomonidan translyatsiya qilingan.

Muzey binosi fransiyalik me'mor Jan Novel tomonidan loyihalashtirilgan bo‘lib, uning o‘zi san'at asari kabidir. Inshoot Amirliklar poytaxti markazidan uncha uzoq bo‘lmagan, Fors ko‘rfazidagi Saadiyat orolida qurildi. 

Muzey 97 ming kvadrat metr maydonda joylashgan. Asosiy binoning eng ustida palma novdalarining to‘qilishiga o‘xshash gumbaz bor. Uning diametri 180 metrni tashkil etadi va g‘oyaga ko‘ra, u o‘z soyasi bilan muzey majmuasining uchdan ikki qismini yopib turadi. Majmuaning o‘zi esa 55 ta qordek oq binodan iborat, ular arab shaharsozligi uslubida qurilgan.

Foto: LouvreAbuDhabi.ae
Foto: LouvreAbuDhabi.ae

Luvrning Abu-Dabidagi filiali 11 noyabr kuni keng jamoatchilik uchun ochiladi. Bu yerda 23 ta zal doimiy ekspozitsiyalar uchun ajratilgan. U yerda 600 ta san'at asari taqdim etiladi. Tashrif buyuruvchilar Leonardo da Vinchi, Vinsent van Gog, Pablo Pikasso, Eduard Mane, Pol Gogen va boshqa buyuk rassomlar hamda haykaltaroshlarning ishlarini tomosha qilishlari mumkin.

2007 yilda Parij va Abu-Dabi Birlashgan Arab Amirliklarida Luvr filialini tashkil etishni nazarda tutuvchi hukumatlararo bitimni imzoladi. Hujjat 30 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, unga ko‘ra, xususan, Parij muzeyga san'at asarlari va ekspertiza bo‘yicha xizmatlarni taqdim etadi, u yerda vaqtinchalik ko‘rgazmalar tashkil qiladi. Nomni olish uchun - muzey majmui rasmiy ravishda Abu-Dabi Luvri deb ataladi - Parij muzeyi 2037 yilgacha 400 million yevro oladi.

Foto: LouvreAbuDhabi.ae
Foto: LouvreAbuDhabi.ae

Fransiya Luvrining filialini qurish uchun 1 milliard yevrodan ortiq mablag‘ sarflandi. Rejaga ko‘ra, yaqin kelajakda Saadiyat orolida yana ikkita madaniy markaz ochiladi - AQShning Solomon Guggenhaym muzeyi va shayx Zayd Milliy tarixiy muzeyi filiali.

Mavzuga oid