Jamiyat | 15:20 / 10.11.2017
59235
13 daqiqa o‘qiladi

Video: “Yopiq suv havzasi”ni qurish atrofidagi mashmashalar

Foto: Kun.uz

Samarqand viloyati Ishtixon tumanida bir binoning buzilishi va uning o‘rnida yopiq suv havzasi qurilishi atrofida fuqaro va tuman hokimiyati o‘rtasida vujudga kelgan ziddiyatning asl mohiyati nimada? 

KUN.UZ tahririyatiga Ishtixon tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Bunyod O‘roqovdan murojaat kelib tushgan edi. Shu munosabat bilan tahririyat maxsus muxbirlari 2017 yil 16 sentabr kuni xizmat safari bilan Ishtixon tumaniga yuborildi. Ular 8 sahifali murojaatda keltirilgan faktlar qanchalik to‘g‘ri ekani va boshqa dalillar yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi. Qayd etish joizki, bu jarayon 2 yarim oydan ko‘proq vaqt davom etdi. 

Foto: Bunyod O‘roqov / Kun.uz

Fuqaro Bunyod O‘roqov o‘z maktubida Ishtixon tumani markazida joylashgan Madaniyat saroyi binosi noqonuniy buzilishi hamda tuman hokimligi tomonidan amalga oshirilayotgan qing‘ir ishlar xususida qator dalillarni keltirgani, tuman hokimi Sh. Negmatovning noqonuniy harakatlari yuzasidan tuman va viloyat prokuraturalari, boshqa yuqori turuvchi idoralarga murojaat qilgani, ammo tayinli javob olmaganini iddao etgan.

Unda ta'kidlanishicha, Ishtixon tumani hokimligi Ishtixon shahri markazida joylashgan, Madaniyat vazirligi balansidagi “Madaniyat saroyi” (sobiq Bolalar shifoxonasi)ni o‘z vazirlik roziligisiz, balansiga olib, uni buzishga qonuniy asos bo‘lmagani holda buzgani, undan chiqqan qurilish materiallari talon-toroj qilingani aytiladi. Shu bilan birga, O‘roqov sobiq bolalar shifoxonasi binosini, bo‘sh turganligi sababli tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida Davlat mulki qo‘mitasidan ijaraga olgani hamda unda ta'mirlash ishlarini o‘tkazish uchun katta mablag‘lar sarflaganini bildiradi. U o‘z fikriga binoning ta'mirdan avvalgi va keyingi fotosuratlarini ilova qiladi. Uning aytishicha, hokimiyat O‘roqovning qilgan xarajatlarini qoplamagan. 

Arizada keltirilgan faktlar o‘rganilganda, haqiqatdan qator kamchiliklar ko‘zga tashlandi. Masalan, Ishtixon tumani hokimligining Samarqand viloyati hokimligi Injiniring kompaniyasiga yo‘llagan qarori nusxasi ikki xil ko‘rinishda mavjudligi aniqlandi. 

Foto: Ishtixon tumanidagi Yopiq suv havzasi qurilishi / Kun.uz

Xususan, Injiniring kompaniyasining advokat B.Haydarov so‘rovi bo‘yicha 2017 yil 17 avgust kuni yo‘llagan №01-1651 sonli javob maktubiga ilova qilingan hujjatlar to‘plamida Ishtixon tumanining 2017 yil 31 yanvardagi №249-q sonli qarori nusxasi bilan Ishtixon tumani kotibiyati tomonidan 2017 yil 17 iyun sanasi bilan “Asliga to‘g‘ri” degan muhrga ega 2017 yil 31 yanvardagi №249-q sonli qarori nusxasi o‘rtasida farqlar bor.
 
Hokimiyatdan mazkur holat bo‘yicha izoh so‘ralganida, “Asliga to‘g‘ri” deyilgan hujjat qonuniy kuchga egaligi, ikkinchi nusxa qoralama bo‘lgani, Injiniring kompaniyasi Ishtixon tumani hokimiyatiga 2017 yil 12 yanvar kuni yo‘llagan №02/46t - sonli maktubida javob xatini berish uchun “bir kun muddat” bergani tufayli shoshilganda qoralama nusxa berib yuborilgani bilan izohladi. Shu sababli qarorning qoralamasi va asl nusxasida ziddiyatlar paydo bo‘lgan, deydi tuman hokimi. 

Foto: Ishtixon tumani hokimi Sh.Negmatov / Kun.uz

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Aytaylik, holat Ishtixon tumani hokimiyati aytganichalik bo‘lgandir. Ammo, e'tibor berilsa, Injiniring kompaniyasining maktubi 12 yanvar kuni yuborilgan, qoralama nusxa bir kun o‘tib, ya'ni 13 yanvarda yuborilgan bo‘lsa, nima uchun Injiniring kompaniyasi tomonidan advokat B. Haydarovga 17 avgustda taqdim etilgan hujjatlar to‘plamida qoralama nusxa saqlanib qolgan? Axir, ayni hokimiyat tomonidan haqiqiyligi aytilgan qaror nusxasida “Asliga to‘g‘ri” muhriga 17 avgustdan roppa-rosa 2 oy avvalgi sana yozilganini qanday tushunsa bo‘ladi? Aniqrog‘i, “Asliga to‘g‘ri” muhrli qaror to‘g‘ri ekan, u holda nima uchun 17 avgustgacha Injiniring kompaniyasidagi qaror nusxasi bilan almashtirilmagan? Qolaversa, Injiniring kompaniyasi 1 kun muddat bergan bo‘lsa-da, hokim Sh.Negmatov qarori 31 yanvarda chiqarilgan-ku! Shunday ekan, qarorni shoshilinch chiqarilgan deyishga biz asos topa olmadik. 

Shuningdek, asliga to‘g‘ri va ikkinchi nusxa qaror matnlarida qator bir-biriga zid holatlar mavjud bo‘lganiga qaramay, ikkinchi, hokimlikning bildirishicha, huquqiy kuchga ega bo‘lmagan qaror nusxasi Injiniring kompaniyasida uzoq muddat saqlangan. 

Foto: Ishtixon tumanidagi Yopiq suv havzasi qurilishi / Kun.uz

B.O‘roqov bizga yo‘llagan murojaatida Ishtixon tumanida Yopiq suv havzasi qurilishi uchun bino buzilishi huquqiy asosga ega emasligini ta'kidlaydi. 

O‘roqov, shuningdek, Ishtixon shahri №15 manzilda joylashgan sobiq Bolalar shifoxonasining yaroqliligi xususida Samarqand viloyati Davlat arxitektura qurilish nazorati inspeksiyasi boshlig‘i v.v.b B.A.Nazarov imzosi bilan 2016 yil 13 dekabrda taqdim etilgan xulosada bino yaroqli ekani va kapital ta'mirlash mumkinligi qayd etilganini aytar ekan, shuning uchun bu binoni buzish uchun yaroqsiz degan keyingi hujjatlar shubhaga asos bo‘lishini ta'kidlaydi. 

Foto: Ishtixon tumanidagi Yopiq suv havzasi qurilishi / Kun.uz

Fuqaro O‘roqov, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 maydagi №291-sonli qarori va 2017 yil 19 maydagi 295-sonli qaroriga taqdim etilgan buzilishi belgilangan binolar ro‘yxatida Ishtixon tumanidagi birorta bino buzilishi qayd etilmaganini uqdiradi.

Jurnalist mazkur murojaat bo‘yicha o‘rganishlar olib borib, hujjatlar va da'volarni taqqoslab ko‘rdi. Albatta, biz bu ishda kim haq, kim nohaq ekani yuzasidan yakuniy xulosa qilish fikridan yiroqmiz.

Tuman hokimligi esa, ushbu jurnalistik surishtiruv yuzasidan bizga taqdim qilgan ma'lumotnomalarida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 maydagi 291-son, 2017 yil 19 maydagi 295-son qarorlarining Ishtixon tumani markazida “Yopiq suv havzasi” qurilishiga daxldor emasligini ta'kidlagan. 

Hokimlikning bildirishicha, mazkur yopiq suzish havzasini barpo etish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 6-maydagi PQ 2961-sonli “2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining byudjyeti va Bolalar sporti obektlari hamda suzish havzalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash bo‘yicha manzilli dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilmoqda. 

Shu o‘rinda e'tiboringizga Ishtixon tumani hokimiyati tomonidan mazkur ishga aloqador bo‘lgan hujjatlar to‘plamini taqdim etamiz. Ularda va unga berilgan izohlarda tuman hokimiyati nima asosda davlat dasturiga kiritilgan Yopiq suv havzasini qurish uchun sobiq poliklinika binosi buzilganiga atroflicha tushuntirish beradi. 

Dastavval 1978 yili o‘sha vaqtdagi O‘zbekiston SSR Ministrlar soveti tomonidan tasdiqlangan Ishtixon shahrining Bosh rejasi haqida. Mazkur bosh plan 2015 yil boshida Vazirlar Mahkamasining Shaharsozlik kengashi tomonidan tuzatishlar kiritilgan holda, qayta tasdiqlangan. Yuqorida so‘z borayotgan bino aynan Ishtixon shahrini rivojlantirish bo‘yicha Bosh rejada buzib tashlanishi belgilab qo‘yilgan. Shunga ko‘ra, mazkur bino bu yil bo‘lmasa, qachondir baribir buzilishi kerak edi, deydi tuman hokimiyat vakili. Bundan tashqari, hokimlikning izoh berishicha, har qanday yaroqli bo‘lgan bino-inshoot shaharsozlik va arxitektura qoida va me'yorlariga mos kelmasa, belgilangan tartibda buzib tashlanishi mumkin. 

Foto: Ishtixon tumanidagi Yopiq suv havzasi qurilishi / Kun.uz

Shu bilan birga, hujjatlardan ko‘rinib turibdiki, Ishtixon tumani markazida yopiq suv havzasi qurish, Ishtixon shahriga kirish avtomobil yo‘llarini to‘la ta'mirlash bo‘yicha ishlar 2016 yil 28 iyunda o‘sha vaqtdagi viloyat hokimi Z.Mirzayevning O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev nomiga yo‘llagan 03/1-536 sonli maktubi va 2016 yil 8 iyuldagi 146 VM javob faksogrammasi bilan 2017 yilgi Respublika Investitsiya dasturiga kiritilganini ko‘rish mumkin. 

O‘roqovning murojaat xatida yozilgan ta'mirlash ishlari borasida tushuntirish bergan hokimlik O‘roqov o‘zini tadbirkor sifatida ko‘rsatib, Davlat mulki qo‘mitasi, Ishtixon tumani madaniyat va sport ishlari bo‘limi bilan 3 tomonlama ijara shartnomasini 2016 yil 31 dekabrga qadar tuzganini qayd etadi. Qolaversa, fuqaro O‘roqov binoda ta'mirlash ishlarini olib borgan, vaholanki, shartnomada ta'mirlash ishlari nazarda tutilmagan, bino esa, shartnoma muddati tugaganidan so‘ng, buzilgan, deyiladi hokimlik ma'lumotnomasida.

Ammo, 2016 yil 24 oktabrda 1706 raqam bilan ro‘yxatdan o‘tgan ijara shartnomasining 4.3-moddasi ikkinchi xatboshisida ijaraga oluvchi “obekt”ni o‘z kuchi va hisobidan joriy ta'mirlash huquqiga egaligi, 4.4-moddasi birinchi xatboshisida joriy ta'mirlash majburiyatiga egaligi uqdirilgan.

Shu bilan birga, ijara shartnoma muddati tugashi xususida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 533-moddasida “agar mulk ijarasi shartnomasining muddati tamom bo‘lganidan keyin ham ijaraga oluvchi mulkdan foydalanishni davom ettirsa va ijaraga beruvchi bunga e'tiroz bildirmagan bo‘lsa, shartnoma avvalgi shartlar asosida noma'lum muddatga qaytadan tuzilgan hisoblanadi”, deb qayd etilgan. O‘roqovning holatida na Davlat mulk qo‘mitasi, na balansda saqlovchi shartnoma muddati tugaganiga qaramay, e'tiroz bildirmagan, aksincha Davlat mulki qo‘mitasi Samarqand viloyati boshqarmasi ijara shartnomasini cho‘zish bo‘yicha 3 kun muddat berilgan taklif ham kiritgan. 

Foto: Ishtixon tumani hokimligi / Kun.uz

Shu o‘rinda Ishtixon tumani hokimligi taqdim qilgan hujjatlarda quyidagi tushuntirishlar ham e'tiborimizni tortdi. Unga ko‘ra, fuqaro B.O‘roqov va uning oilasi a'zosi T.X.ga 2 qavatli savdo do‘koni qurish uchun har biriga qurilish osti maydoni sifatida 40.0 m2  maydoni tuman hokimining 2015 yil 31 dekabrdagi 1961- va 1962-sonli qarorlariga asosan berilgani, unda qurilish ishlari uchun olti oy muhlat ajratilgani yoziladi. 

Biroq fuqaro Bunyod O‘roqovdan mazkur holatni qanday izohlashini so‘raganimizda, u tuman bosh arxitektori Ilhom Azimov qurilish ishlarini olib borish uchun asos bo‘ladigan loyiha-smeta hujjatlarini shu paytga qadar tayyorlab bermay, aksincha sababsiz cho‘zib yurganini, loyihasiz esa, binolarni barpo qilish imkonsiz ekanini ta'kidladi. 

Umuman olganda B.O‘roqovning murojaati va Ishtixon tumani markazida barpo etilayotgan “Yopiq suv havzasi” uchun bo‘sh yotgan yaroqli binoning buzilishi bo‘yicha tortishuvning chegarasi yo‘q. Bir tomon bino yaroqli bo‘lgan vaqtda emas, buzilib 4 devor qolganida “yaroqsiz” degan hujjat olingani, Madaniyat va sport ishlari vazirligi balansidagi binoni tuman hokimi o‘z qarori bilan hokimlik balansiga ololmasligini, qolaversa, davlat balansidagi har qanday binoni buzish uchun Vazirlar Mahkamasining qarori talab etilishini uqdirayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomon turli hujjatlar bilan bu iddaolarni rad etib kelmoqda. Mahalliy sud vakillari ham hokimiyat javoblarini asosli topmoqda. 

Tuman va Samarqand viloyati prokuraturasining ayrim hujjatlarda tushunmovchiliklar va bir-biriga zid jihatlarga ko‘z yumayotgani ham bor gap, aslida. 

So‘ngso‘z o‘rnida ta'kidlashni istardikki, afsuski, jurnalistik surishtiruvimiz davomida maqolamiz boshida qo‘yilgan savolga javob topishning uddasidan chiqa olmadik. Tadbirkor fuqaro va tuman hokimligi o‘rtasida tortishuvning asl mohiyati biz uchun qorong‘u bo‘lib qolmoqda. 

Balki, bunga fuqaro O‘roqov va tuman hokimi Negmatovlarning o‘zlariga ma'lum bo‘lgan boshqa bir ish sababdir, kim bilsin!?

Tolib Rahmatov
Ma'rufjon Asqarov

Samarqand viloyati
 

Mavzuga oid